O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Transport sohasidagi holat tanqidiy tahlil qilindi

2020-01-28 | Siyosat

Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-yanvar kuni transport tizimini samarali tashkil etish borasidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Mazkur sohadagi davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish, transport kommunikasiyalarini strategik rivojlantirish va barqaror faoliyat ko‘rsatishini ta'minlash maqsadida davlatimiz rahbarining 2019-yil 1-fevraldagi farmoniga binoan Transport vazirligi tashkil etilgan edi.
 
Bu borada muayyan ishlar qilingan bo‘lsa-da, mamlakatimizning transport-tranzit salohiyatidan to‘liq foydalanilmayapti.
 
Xalqaro ekspertlarning xulosasiga ko‘ra, O‘zbekiston tranzit salohiyatini hozirgi 7 million tonnadan 16 million tonnaga, 2030-yilda esa mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish evaziga 23 million tonnaga yetkazish imkoniyati mavjud.
 
Jahon bankining logistika reytingida yurtimiz 163 ta davlat orasida 99-o‘rinda bo‘lib, xalqaro tashuvlarni amalga oshirishning soddaligi bo‘yicha 120-o‘rinda qayd etilgan.
 
Optimal tarif siyosati mavjud bo‘lmagani sababli tranzit yuk oqimini jalb etish va mahalliy tovarlarni tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini oshirish imkoniyati cheklanmoqda.
 
Yig‘ilishda tranzit siyosatini butunlay qayta ko‘rib chiqish Transport vazirligining eng muhim vazifalaridan biri ekani ta'kidlandi.
 
Temir yo‘l tizimini tubdan isloh qilish, sohaga xususiy kapitalni keng jalb etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
 
 
Fuqaro aviasiyasi sohasidagi holat ham tanqid qilindi. Milliy aviakompaniya negizida tashkil etilgan Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airports aksiyadorlik jamiyatlari mustaqil tashkilotlar sifatida faoliyatini to‘liq yo‘lga qo‘ymagani sababli islohotlar natijasi ko‘rinmayapti.
 
Shuningdek, o‘tgan yili 4 ta aeroportda “ochiq osmon” rejimi joriy etilib, “beshinchi havo erkinligi” o‘rnatilgan edi. Ammo hanuzgacha bironta ham xorijiy aviakompaniya jalb qilinmadi. Bu holat yo‘lovchilarning asosli e'tirozlariga, boshqa xorijiy aviakompaniyalar xizmatidan foydalanishiga sabab bo‘lmoqda.
 
Shu bois, Jahon bankining tavsiyalari asosida sohada olib borilayotgan islohotlarni to‘liq yakuniga yetkazish va raqobat muhitini yaratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
 
Navoiy va Termiz xalqaro aeroportlarini yuk tashish xabiga aylantirish maqsadida “ochiq osmon” rejimini joriy etib, xorijiy yuk tashuvchi aviakompaniyalarni keng jalb qilish vazifasi belgilandi.
 
Yangi aviakompaniyalar faoliyati uchun sharoit yaratish va parvozlar geografiyasini yanada kengaytirish muhimligi ta'kidlandi.
 
Avtomobil' va jamoat transporti sohasida ham muayyan kamchiliklar bor.
 
Aholiga qulay va sifatli avtotransport xizmati ko‘rsatishni ta'minlash maqsadida yo‘nalishlar uchun ochiq tenderlar o‘tkazish, jamoat transportiga oid tarif va tartiblarni qayta ko‘rib chiqib, raqamlashtirish lozimligi qayd etildi.
 
Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda avtomobil' yo‘llarining holatini yaxshilash masalasiga ham to‘xtalib, xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda, tez fursatlarda Avtomobil yo‘llarini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
 
Transport vazirligi huzuridagi nazorat organlarining ish uslubi eskicha ekani ko‘rsatilib, ularning faoliyatini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish zarurligi ta'kidlandi.  
 
Mutasaddilar yig‘ilishda qayd etilgan muammolarni hal etish va ustuvor vazifalarni bajarish rejalari yuzasidan axborot berdi.

Поделиться