O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sog‘liqni saqlash vaziri fuqarolarimizga Xitoyga, zarurat bo‘lmaganda, xorijga vaqtinchalik chiqmaslikni tavsiya qilmoqda
2020-01-28 | Sog‘liqni saqlash
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyda yangi koronavirus oqibatida vafot etganlar soni 80 nafardan, kasallanganlar soni esa 2400 nafardan oshgan. Xubey provintsiyasi va uning ma’muriy markazi Uxan shahrida zararlanishning eng ko‘p holati qayd etilgan.
- Koronavirus bo‘yicha yuzaga kelgan murakkab epidemik vaziyat dunyo miqyosida xavotirli tus olmoqda. Rivojlangan davlatlar, jumladan, Yaponiya, Janubiy Koreya, Tailand, Vetnam, Singapur, Tayvan, Frantsiya va AQShda ham ushbu virus aniqlangan, - deydi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov. - Ushbu epidemik vaziyatga qarshi yurtimizga kerakli barcha choralar ko‘rilmoqda. Xususan, havo, avtomobil va temir yo‘l transporti ob'yektlarida sanitariya-epidemiologiya va migratsiya nazorati kuchaytirilmoqda. Xitoydan qaytayotgan fuqarolarga tibbiy nazorat o‘rnatilgan. Ammo bu xavfsizlikni to‘liq kafolatlaydi, degani emas. Negaki, koronavirus infektsiyasi havo tomchilari orqali o‘tishi, insondan insonga yuqishi, shuningdek, kasallikning yashirin davri 1 - 14 kungacha kechishi jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Shu bois fuqarolarimizdan Xitoyga, zarurat bo‘lmaganda, boshqa xorijiy davlatlarga ham vaqtinchalik bormaslikni tavsiya qilaman.
Qayd etish joizki, mamlakatimizda mavsumiy gripp kasalligi va koronavirus infektsiyasi bo‘yicha tizimli ravishda epidemik nazorat yo‘lga qo‘yilgan.
Ayni paytda respublikamizda koronavirus infektsiyasi bo‘yicha epidemik vaziyatning barqarorligi kuzatilmoqda. Xitoydan va boshqa chet davlatlardan ushbu infektsiyaning kirib kelish holatlari qayd etilmadi. Yurtimizda epidemik vaziyat barqarorligini ta’minlash maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan muayyan profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu borada aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, unga asosan, vazirlik va hududlarda sohaning malakali mutaxassislarini jalb etgan holda shtablar tashkil etilgan.
Bundan tashqari, koronavirus infektsiyasiga gumon qilingan bemorlar uchun Virusologiya ilmiy tekshirish va Emidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish institutlari klinikasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasining yuqumli kasalliklar shifoxonalarida maxsus boks palatalari, ular uchun tegishli dori-darmonlar zahirasi yaratilgan.
“O‘zbekiston havo yo‘llari” va “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyalari hamda hududlardagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari bosh vrachlariga chet davlatlarda kuzatilayotgan koronavirusning yangi turi bilan bog‘liq murakkab epidemik vaziyat bo‘yicha hushyorlikni oshirish va bu kasallikning respublika hududiga kirib kelishining oldini olish borasida chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish to‘g‘risida tavsiya va topshiriqlar berilgan.
Shuningdek, vazirlik tomonidan Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga koronavirus bo‘yicha epidemik vaziyat barqarorlashgunga qadar zarurat bo‘lmagan hollarda Xitoyga o‘zbekistonlik sayyohlarni yubormaslik to‘g‘risida ham tavsiya berildi.