O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qonun ustuvorligini ta'minlash va korrupsiyaga qarshi qat'iy kurashish bo‘yicha muhim takliflarni ilgari surdi:
"Islohotlarimiz samarasi ko‘p jihatdan 4 ta muhim omilga, ya'ni
qonun ustuvorligini ta'minlash;
korrupsiyaga qarshi qat'iy kurashish;
institusional salohiyatni yuksaltirish va
kuchli demokratik institutlarni shakllantirishga bog‘liq.
Qonun ustuvorligi va sud-huquq sohasidagi asosiy vazifalar haqida Konstitutsiya kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimda batafsil to‘xtalib o‘tganimizdan yaxshi xabardorsiz.
Bu borada quyidagi qo‘shimcha vazifalarga e'tiboringizni qaratmoqchiman.
Avvalo, sud mustaqilligini to‘liq ta'minlash – eng muhim vazifalarimizdan biri bo‘lishi zarur.
Oldingi chiqishlarimda ilgari surilgan fikrga qo‘shimcha qilib, yana bir bor aytmoqchimanki, dastlabki tergovda davom etib kelayotgan qonun buzilish holatlarini faqat va faqat sudlarning haqiqiy mustaqilligiga erishish orqali bartaraf etish mumkin.
Bu borada qabul qilgan qonuniy chora va tadbirlarimiz aniq natijalar bera boshladi.
Ushbu ijobiy o‘zgarishlarni Birlashgan Millatlar Tashkilotining sud'yalar mustaqilligi bo‘yicha maxsus vakili Garsiya Sayan janoblari ham alohida e'tirof etdi.
O‘tgan 3 yilda 1 ming 989 nafar, 2019 yilning o‘zida 859 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi. Shuningdek, 2019-yilda 3 ming 81 nafar shaxs sud zalidan ozod qilingan bo‘lsa, 2 ming 623 nafar fuqaroga asossiz qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarildi va o‘zgartirildi.
Sud'yalarimizning adolatni va qonun ustuvorligini ta'minlash borasida oqlov hukmlarini chiqarayotgani, hech shubhasiz, sud-huquq sohasidagi eng katta yutug‘imizdir.
Men Prezident sifatida sud'yalarning bu jasoratini va qat'iyatini bundan keyin ham to‘liq qo‘llab-quvvatlayman.
Endi sud orqali insonlarning huquqi tiklanganini e'tirof etish bilan cheklanib qolmasdan, nima sababdan sudgacha bo‘lgan tergov jarayonida inson huquq va erkinliklari buzilgan, degan savolni ham ko‘ndalang qo‘yadigan, tazyiqlar uchun javob beradigan vaqt keldi.
Eski tuzumdan qolgan va hanuz davom etayotgan sud qarorlarini prokuratura tomonidan chaqirib olib, o‘rganish amaliyotini cheklash lozim.
Endi faqat ish yuzasidan shikoyat kelib tushgan holdagina prokuror sud qarorini olib o‘rganishi mumkin.
Sud raislari tomonidan sud'yalarning faoliyatini baholash va ularga nisbatan intizomiy ish qo‘zg‘atish bo‘yicha vakolatlarni qayta ko‘rib chiqish kerak.
Davlat idoralari mansabdorlari shuni chuqur anglab olsinlar: sudlar mustaqilligini ta'minlash masalasi bundan buyon ham shaxsan Prezidentning qattiq nazoratida bo‘ladi.
Sud ostonasiga qadam qo‘ygan har bir inson O‘zbekistonda adolat hukm surayotganiga to‘la ishonch hosil qilishi kerak.
Aks holda, buyuk nemis faylasufi Immanuil Kant aytganidek, “adolat yo‘qolgan paytda hayotning qadrini belgilaydigan boshqa hech narsa qolmaydi”.
Bu haqiqatni hech qachon unutmasligimiz kerak.
O‘zbekistonda sud'yalar qonunlarning tolmas himoyachilari, adolatning mustahkam ustunlari bo‘lishi kerak.
Oliy sud, Sud'yalar oliy kengashi, Adliya vazirligi uch oy muddatda yuqorida bildirilgan takliflarni amaliyotga joriy etishni nazarda tutadigan qonun loyihasini kiritsin.
Ikkinchidan, sud-huquq sohasiga doir asosiy qonun va kodekslar bundan deyarli 20-25 yil oldin qabul qilingan bo‘lib, hozirgi davr talablariga mutlaqo javob bermaydi.
Shu sababli, parlament yaqin yillarda Fuqarolik, Jinoyat, Jinoyat-prosessual, Jinoyat-ijro, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarni yangidan qabul qilishi maqsadga muvofiq.
Bu borada, avvalo, tergov va sud amaliyotiga inson huquqlari sohasidagi ilg‘or standartlarni joriy etishga alohida e'tibor qaratish kerak.
Qonunchilikni yangilashdan maqsad faqat qonun qabul qilish emas, aksincha, yangi qonunlar ertaga odamlarga qanday amaliy naf berishi, ularning hayotini qanday yengillashtirishi haqida bosh qotirishdan iborat bo‘lmog‘i lozim.
Uchinchidan, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish sohasidagi islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarish zarur.
Biz ichki ishlar idoralari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha jiddiy islohotlarni amalga oshirmoqdamiz.
Biroq, ochiq tan olish kerak, ushbu idoralar hali xalq́chil tuzilmaga, fuqarolarning chinakam himoyachisiga aylangani yo‘q.
Tizimda jamoat tartibini saqlash, jinoyatlarga qarshi kurashish va davlat xizmatlarini ko‘rsatish faoliyatiga doir, aniq mezonlar belgilanmagan.
Shu sababli, islohotlarni davom ettirib, ichki ishlar idoralarini, odamlarimiz og‘irini yengil qiladigan tuzilmaga aylantirish zarurligini, yana bir bor takrorlash o‘rinli, deb bilaman.
Bu masala yangi parlament, xususan, Senat oldidagi besh yillik vazifa bo‘lib, buning uchun barcha tashkiliy-huquqiy asoslarni yaratish va amaliy choralar ko‘rish lozim.
Ichki ishlar organlari uchun barcha darajadagi rahbarlarning malakasini oshirish va maqsadli tayyorlash tizimini tashkil etish zarur.
To‘rtinchidan, afsuski, jamiyatimizda korrupsiya illati o‘zining turli ko‘rinishlari bilan taraqqiyotimizga g‘ov bo‘lmoqda.
Bu yovuz baloning oldini olmasak, haqiqiy ishbilarmonlik va investisiya muhitini yaratib bo‘lmaydi, umuman jamiyatning birorta tarmog‘i rivojlanmaydi.
Tadbirkorlar hanuzgacha yer ajratish, kadastr, qurilish, lisenziya, bojxona, bank, davlat xaridlari kabi sohalarda korrupsiyaga duch kelayotgani, Prezident nomiga kelib tushayotgan ko‘plab murojaatlar ham, matbuot va ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlar ham yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari, eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinmas ekan, jamiyatimizning barcha a'zolari, ta'bir joiz bo‘lsa, “halollik vaksinasi” bilan emlanmas ekan, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga erisha olmaymiz.
Biz korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga o‘tishimiz kerak.
Ushbu vazifalar ijrosini tizimli tashkil etish maqsadida parlament va Prezidentga hisob beradigan, korrupsiyaga qarshi kurashishga mas'ul bo‘ladigan alohida organ tashkil etishni taklif etsam, sizlar nima deysizlar?!
Prezident Administratsiyasi Oliy Majlis palatalarining tegishli qo‘mitalari bilan birgalikda uch oy muddatda tegishli Farmon loyihasini ishlab chiqsin.
Beshinchidan, fuqarolik masalalariga oid qonunchilikni takomillashtirish orqali inson huquqlarini ta'minlash borasida, navbatdagi muhim qadam qo‘yish zarurligini hayotning o‘zi taqozo etmoqda.
Jumladan, mamlakatimizda uzoq vaqtdan beri yashab kelayotgan, lekin O‘zbekiston fuqarosi degan huquqiy maqomga ega bo‘la olmayotgan minglab yurtdoshlarimizning ana shu muammosini qonuniy hal qilish bo‘yicha tashkiliy-huquqiy choralarni ko‘rish vaqti keldi, deb o‘ylayman.
Xususan, 1995-yilgacha O‘zbekistonga kelgan va shundan buyon istiqomat qilayotgan shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi avtomatik tarzda berilishi darkor.
Bu orqali 50 mingga yaqin yurtdoshlarimizning fuqarolik bilan bog‘liq, uzoq yillardan buyon yechilmay kelayotgan muammolari hal etiladi.
Vazirlar Mahkamasi bu masalani Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bilan hamkorlikda ko‘rib chiqib, joriy yil 1-mayga qadar tegishli qonun loyihalarini taqdim etishi lozim”.
Tadbir davom etmoqda.