O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Shavkat Mirziyoyev: Tadbirkorlik subyektlari va yangi ish o‘rinlari hududlar rahbarlari faoliyatini baholashda eng asosiy mezon bo‘ladi

2020-01-24 | Siyosat

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev parlamentga Murojaatnomasida ijtimoiy masalalarga ham alohida ahamiyat qaratdi:

“Oxirgi uch yilda “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan tamoyil asosida xalqimiz hayotini tubdan yaxshilash bo‘yicha olib borayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy islohotlarni davom ettiramiz.
 
Buning uchun, birinchidan, aholi farovonligini oshirish va uning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish – biz uchun bosh vazifalardan biri bo‘lib qoladi.
 
Hududlarda, ayniqsa, qishloqlarda aholining aksariyat qismi yetarli daromad manbaiga ega emasligi sir emas.
 
Har qanday mamlakatda bo‘lgani kabi bizda ham kam ta'minlangan aholi qatlamlari mavjud.
 
Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, ular taxminan 12-15 foizni tashkil etadi. Bu yerda gap kichkina raqamlar emas, balki 4-5 million aholimiz vakillari haqida ketayapti.
 
Ba'zi odamlar ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam pulini to‘lash yoki ular miqdorini oshirish orqali ushbu muammoni hal qilish mumkin, deb o‘ylaydi.
 
Bu – bir tomonlama yondashuv bo‘lib, muammoni to‘la yechish imkonini bermaydi.
 
Kambag‘allikni kamaytirish – bu aholida tadbirkorlik ruhini uyg‘otish, insonning ichki kuch-quvvati va salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarish, yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha kompleks iqtisodiy va ijtimoiy siyosatni amalga oshirish.
 
Shuning uchun, Jahon banki, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Rivojlanish Dasturi va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan birga Kambag‘allikni kamaytirish dasturini ishlab chiqishni taklif qilaman.
 
Bunda xalqaro me'yorlar asosida chuqur o‘rganishlar o‘tkazib, kambag‘allik tushunchasi, uni aniqlash mezonlari va baholash uslublarini qamrab olgan yangi metodologiyani yaratish lozim.
 
Shuningdek, Farg‘ona vodiysining 22 ta qishloq tumanlarida aholida zamonaviy ishbilarmonlik va biznes ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha boshlangan ijobiy tajribani barcha hududlarda bosqichma-bosqich joriy etishimiz kerak.
 
Joylardagi ijtimoiy muammolarni hal etishga oid tadbirkorlik tashabbuslarini, ayniqsa, yoshlar va ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat berish zarur.
 
Ushbu maqsadda aholi va tadbirkorlarga, mikro-moliya xizmatlari va moliyaviy resurslarga, davlat xaridlariga keng yo‘l ochib beriladi.
 
Bunday choralar orqali odamlarimizda tadbirkor bo‘lishga ishtiyoq va ishonch ortadi, ular ko‘proq daromad olishga intiladi.
 
Shu bilan birga, hamma ham tadbirkor bo‘la olmaydi. Shu sababli bunday odamlar bilan tizimli ishlab, ularni kasbga qayta tayyorlash orqali munosib ish joyi bilan ta'minlash lozim. 
 
Ushbu maqsadlar uchun 700 million dollar jalb qilinadi.
 
Biz yangi ish o‘rinlarini yaratadigan tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashimiz, ta'bir joiz bo‘lsa, ularni yelkamizda ko‘tarishimiz kerak.
 
Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda ijtimoiy tadbirkorlik asoslari va uni rag‘batlantirish choralari to‘g‘risida tegishli qonun loyihasini ishlab chiqish topshiriladi.
 
Shuningdek, Hukumat joriy yilda davlat dasturlari doirasida hamda tadbirkorlikni rivojlantirish orqali 500 mingta yangi ish o‘rinlari yaratishni ta'minlashi zarur.
 
 
Alohida ta'kidlamoqchiman, har bir tarmoq, soha, viloyat va tumanda yaratilgan tadbirkorlik subyektlari va yangi ish o‘rinlari shu hududlar rahbarlari faoliyatini baholashda eng asosiy mezon bo‘ladi.
 
Yil davomida byudjet tizimi xodimlarining ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdori inflyasiyadan yuqori miqdorda oshiriladi.
 
Ijtimoiy nafaqa to‘lashning mukammal tizimini joriy etish, jumladan, kam ta'minlangan oilalarga ko‘mak ko‘rsatish qamrovini kengaytirish, byudjet mablag‘lari maqsadli sarflanishini ta'minlash zarur.
 
Shuningdek, nafaqa tayinlashdagi mezonlarni qayta ko‘rib chiqish va uni belgilashda ochiq va adolatli tizimni yaratish, bu borada mahallaning ishtirokini tanqidiy qayta ko‘rib chiqish lozim.
 
Umuman olganda, aholi ijtimoiy nafaqa bo‘yicha bitta idoraga murojaat qilganidan keyin, o‘sha idoraning o‘zi bir kunda hamma hujjatlarni tayyorlab, masalaning yechimini topishi kerak.
 
Fuqarolarimiz pensiyaga chiqishi uchun faqat pasporti bilan murojaat qilishi kifoya bo‘ladigan tizim yaratiladi.
 
Buning uchun, birinchi navbatda, davlat arxivi tizimi elektron shaklga o‘tkazilishi kerak.
 
Joriy yilda keksalar, jumladan, yolg‘iz keksalar bilan ishlash, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yaxlit va ta'sirchan tizim yaratish zarur.
 
Ular uchun ajratilayotgan ijtimoiy to‘lovlar miqdori ham, qayta ko‘rib chiqilishi kerak.
 
“Mehribonlik uylari”da tarbiyalangan yoshlarning ijtimoiy moslashuvi, xususan, ularni ish bilan, kelajakda uy-joy bilan ta'minlash bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish zarur.
 
Chunki, bunday farzandlarimiz ularning g‘amxo‘ri, mehriboni, ortidagi suyanchi davlat va jamiyat ekanini doimo qalbdan his qilib turishi shart.
 
Nogironlik, dafn marosimi, boquvchisini yo‘qotganlik bo‘yicha nafaqalar, ish paytida mayib bo‘lganlik uchun tovon puli kabi to‘lovlarni qayta ko‘rib chiqib, “Ijtimoiy sug‘urta to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqish zarur.
 
Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda Aholini ijtimoiy himoya qilish konsepsiyasini ishlab chiqishi, yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlar bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgilashi lozim.
 
Ikkinchidan, sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, tibbiy xizmat sifatini oshirish bo‘yicha islohotlarimizni ham qat'iyat bilan davom ettiramiz.
 
Shifokorlarning jamiyatdagi o‘rni va maqomini kuchaytirish, ularga nisbatan xalqimiz hurmatini oshirish, munosib mehnat sharoiti yaratish va daromadini ko‘paytirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rishimiz lozim.
 
Davlat tibbiyot tashkilotlari va aholini dori vositalari, tibbiyot buyumlari bilan ta'minlashga o‘tgan yilga nisbatan 1,3 barobar ko‘p yoki qariyb 1,5 trillion so‘m ajratiladi.
 
281 ta tibbiyot muassasasini qurish va ta'mirlashga byudjetdan 1,1 trillion so‘m sarflanadi.
 
Shuningdek, 17 ta ixtisoslashgan ilmiy-amaliy tibbiyot muassasasini boshqarishda zamonaviy menejmentni joriy etish zarur.
 
Davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy tibbiyotni yanada rivojlantirish, sog‘lom raqobatni kuchaytirish, birinchi navbatda, ixtisoslashgan tibbiyot markazlariga xorijiy investorlarni jalb etish choralarini ko‘rish zarur.
 
Gematologik va virusologik yordam sifatini oshirish, bu turdagi davolash qiyin bo‘lgan bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatishni tubdan isloh qilish vaqti keldi.
 
Qon va virusli kasalliklarni barvaqt aniqlash, davolash uchun malakali gematolog, virusolog va immunolog tayyorlash, dori-darmon va tibbiyot texnikasi uchun mablag‘larni ko‘paytirishimiz zarur.
 
Ixtisoslashgan markazlar va ularning filiallarida, shuningdek, Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarida shu yil elektron tibbiy kartalarni joriy etish lozim.
 
Sog‘liqni saqlash sohasini moliyalashtirishni tubdan isloh qilish maqsadida bu yil majburiy tibbiy sug‘urtaga oid qonunlarni qabul qilish va uni amalga oshirish bo‘yicha barcha tashkiliy choralarni ishlab chiqish lozim.
 
Ushbu tizim joriy yilda Sirdaryo viloyatida tajriba sifatida boshlanadi.
 
Dori vositalari harakatini nazorat qilish, kontrafakt mahsulotlar aylanishiga chek qo‘yish va dorilarning real narxini “onlayn” tartibida kuzatib borish tizimini yaratish ham dolzarb vazifalardandir.
 
Uchinchidan, biz bu yil xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni yangi pog‘onaga ko‘taramiz.
 
2020 yilda 5,5 ming nafar xotin-qizning kichik biznes loyihalariga 100 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kredit beriladi. Buning uchun banklarga davlat byudjetidan resurs ajratamiz.
 
Bundan tashqari, 1 ming 576 nafar xotin-qizga yangi uy-joylarga ega bo‘lishi uchun byudjet hisobidan boshlang‘ich badal to‘lab beriladi.
 
Ijtimoiy himoyaga muhtoj opa-singillarimizni Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlarida 5 ta muhim tashabbus doirasida qisqa o‘quv kurslarida o‘qitish tashkil etiladi.
 
Mamlakatimizdagi tub o‘zgarishlar, yoshlarga oid davlat siyosatini yanada rivojlantirishni kun tartibiga qo‘ymoqda.
 
Yoshlar bilan ishlash samaradorligini baholash bo‘yicha yagona ko‘rsatkichlar ishlab chiqish, yoshlar siyosatini baholash milliy indeksini joriy etish kerak.
 
O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi “O‘zbekiston yoshlari – 2025” konsepsiyasini ishlab chiqishi, unda ma'naviy va jismoniy barkamol avlodni voyaga yetkazishning amaliy chora-tadbirlari belgilanishi lozim.
 
Jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni ta'minlashda hech kim chetda turmasligi, “O‘z bolangizni, o‘z uyingizni, o‘z Vataningizni ko‘z qorachig‘idek asrang!” degan shior odamlarimiz qalbidan chuqur joy olishi zarur.
 
Jamiyatimizda aholi, ayniqsa, yosh yigit va qizlarimizning ma'naviy va ma'rifiy saviyasini doimiy yuksaltirish – birinchi darajali ahamiyatga ega.
 
Shu bois, “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan dasturiy g‘oya asosida yoshlarni ona yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularda tashabbuskorlik, fidoyilik, axloqiy fazilatlarni shakllantirish – o‘ta sharafli vazifa.
 
Yoshlar bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasidan boshlangan yangi tashabbusimizni butun mamlakatimiz bo‘yicha amalga oshiramiz.
 
Men viloyat rahbarlarini, joylardagi barcha jamoatchilikni ushbu masalaga jiddiy e'tibor berishga chaqiraman.
 
To‘rtinchidan, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng qaror toptirish kerak.
 
Bu borada hududlarda aholi, ayniqsa, yoshlarimiz uchun yangi ommaviy sport ob'ektlarini qurish zarur.
 
Bu yil 269 ta futbol, voleybol, basketbol va badminton maydonlari, 178 ta boks, kurash, fitnes va gimnastika sport zallari, 32 ta tennis korti qurish bo‘yicha salkam 500 milliard so‘mlik loyihalar amalga oshiriladi.
 
Yoshlar orasida iqtidorli sportchilarni seleksiya qilishning “tashkilot – tuman (shahar) – hudud – respublika” bosqichlaridan iborat to‘rt bosqichli tizimi joriy etiladi.
 
Bu yil Tokioda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada va Paralimpiada o‘yinlarida sportchilarimiz munosib ishtirok etishi uchun Hukumat va Milliy olimpiya qo‘mitasi barcha sharoitlarni yaratishlari zarur.
 
Beshinchidan, atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik holatni yaxshilashga e'tiborni kuchaytirishimiz kerak.
 
Avvalo, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha boshlagan misli ko‘rilmagan ishlarimizni davom ettirib, dengizning qurigan tubida o‘rmonzorlarni kengaytirish, Nukus, Urganch va Xiva shaharlari atrofida “yashil belbog‘”lar barpo etishimiz lozim.
 
Ishlab chiqarish jarayonini ekologik nazorat qilish tizimini takomillashtirish, ekologik audit o‘tkazish tartibini qayta ko‘rib chiqib, xususiy auditorlik faoliyatini jonlantirish ham muhim vazifadir.
 
Hukumat sanoat rivojlanishining ekologiyaga ta'sirining oldini olish bo‘yicha 2025 yilgacha mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin.
 
Shuningdek, nufuzli xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda, joriy yil 1 oktyabrga qadar Ekologiya kodeksi loyihasini ishlab chiqishi lozim.
 
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tuman va shaharlar hokimliklari har bir hudud va korxona bo‘yicha ekologiyani yaxshilash, chiqindilarga doir ishlar yuzasidan dasturlarni ishlab chiqishi va ijrosini ta'minlashi shart.
 
Oltinchidan, madaniyat va san'at muassasalariga alohida e'tibor qaratish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash choralarini ko‘rish zarur.
 
Joriy yilda byudjet mablag‘lari hisobidan 22 ta teatr va madaniyat ob'ektlari quriladi va rekonstruksiya qilinadi.
 
Shuningdek, davlat-xususiy sherikligi asosida 20 ta madaniyat markazi va istirohat bog‘lari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
 
Kinematografiya sohasida badiiy jihatdan yetuk asarlar yaratish, zamonaviy kinoindustriyani rivojlantirish, jumladan, yangi kinoteatrlar qurishni ta'minlash lozim.
 
Joriy yilda davlat buyurtmasi asosida kino mahsulotlari ishlab chiqarishni moliyalashtirish takomillashtiriladi.
 
Shu bois, Kinematografiyani 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini hamda “Kinematografiya to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqishimiz lozim.
 
Bundan tashqari, bu yil madaniy hayotimizdagi muhim voqea – Shahrisabz shahrida Ikkinchi xalqaro Maqom festivalini muvaffaqiyatli o‘tkazishimiz kerak.
 
Shuningdek, 2020-yilda xalqimiz tarixining murakkab damlarida, ma'rifat mash'alini baland ko‘tarib chiqqan alloma va adib Mahmudxo‘ja Behbudiyning 145 yillik tavallud sanasini keng nishonlanadi.
 
Umuman, biz jadidchilik harakati, ma'rifatparvar bobolarimiz merosini chuqur o‘rganishimiz kerak.
 
Bu ma'naviy xazinani qancha ko‘p o‘rgansak, bugungi kunda ham bizni tashvishga solayotgan juda ko‘p savollarga to‘g‘ri javob topamiz.
 
Bu bebaho boylikni qancha faol targ‘ib etsak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi tinch va erkin hayotning qadrini anglab yetadi”.

Поделиться