O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Eng muhim iqtisodiy-ijtimoiy ko‘rsatkichlar ma’lum qilindi
2020-01-23 | Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqimizning fidokorona mehnati bilan 2019-yil - “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da salmoqli natijalarga erishilganini ta’kidladi:
"Barcha sohalardagi ijobiy natijalar qatorida, investitsiyalar hajmi ham sezilarli darajada oshdi.
Ayniqsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 4,2 milliard dollarni tashkil etib, 2018-yilga nisbatan - mana shu raqamga e’tiboringizni qaratmoqchiman - 3,1 milliard dollarga yoki 3,7 barobar o‘sdi.
Investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 37 foizga yetdi.
Mamlakatimiz ilk bor xalqaro kredit reytingini oldi va jahon moliya bozorida 1 milliard dollarlik obligatsiyalarini muvaffaqiyatli joylashtirdi.
Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti tomonidan O‘zbekistonning kreditga doir tavakkalchilik reytingi oxirgi 10 yilda birinchi marta yaxshilandi.
Energetika, neft-gaz, geologiya, transport, yo‘l qurilishi, qishloq va suv xo‘jaligi, ichimlik suvi va issiqlik ta’minoti hamda boshqa qator tarmoqlarda chuqur tarkibiy islohotlar boshlandi.
Sanoatning 12 ta yetakchi tarmog‘ida modernizatsiyalash va raqobatdoshlikni kuchaytirish dasturlari jadal amalga oshirilmoqda.
Natijada o‘tgan yili iqtisodiy o‘sish 5,6 foizni tashkil etdi.
Sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 6,6 foizga, eksport - 28 foizga ko‘paydi.
Oltin-valyuta zaxiralarimiz 2019-yil davomida 2,2 milliard dollarga ortib, 28,6 milliard dollarga yetdi.
Qishloq xo‘jaligida fermer va dehqonlarning manfaatdorligini oshirish borasidagi o‘rganish va izlanishlarimiz davom etmoqda. Sohaga ilg‘or texnologiyalar va klaster tizimi joriy etilmoqda.
Tadbirkorlikni keng rivojlantirish va bu soha uchun yangi sharoitlar yaratishga, barcha imkoniyatlarimizni safarbar etayapmiz.
“Har bir oila - tadbirkor” dasturi doirasida o‘z biznesini boshlayotgan oilalarga 5,9 trillion so‘m kreditlar ajratildi.
Yangi soliq siyosati doirasida ish haqiga soliq yuki 1,5 barobarga kamaytirildi. Natijada, rasmiy sektorda ishlayotganlar soni yil davomida 500 mingtaga ko‘paydi.
Qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 20 foizdan 15 foizga tushirildi. Buning hisobidan o‘tgan yili soliq to‘lovchilar ixtiyorida 2 trillion so‘m qoldi.
Joriy yilda bu raqam 11 trillion so‘mni tashkil etishi kutilmoqda.
Bir yilda tadbirkorlar ixtiyorida shuncha mablag‘ qolishi, albatta ularga o‘z bizneslarini rivojlantirish uchun juda katta qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Islohotlarimiz natijasida o‘tgan yili 93 mingta yoki 2018-yilga nisbatan qariyb 2 barobar ko‘p yangi tadbirkorlik sub'yektlari tashkil etildi.
Jahon bankining “Biznes yuritish” reytingida 7 pog‘ona ko‘tarilib, biznesni ro‘yxatga olish ko‘rsatkichi bo‘yicha dunyoning 190 ta davlati orasida 8-o‘rinni egalladik va eng yaxshi islohotchi davlatlar qatoridan joy oldik.
Shuningdek, 86 ta davlat fuqarolariga vizasiz va 57 ta davlat fuqarolariga soddalashtirilgan viza rejimi joriy etilishi natijasida o‘tgan yili yurtimizga 6,7 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi.
Bu 2016-yilga nisbatan 4,7 million nafarga yoki 3,3 barobar ko‘p demakdir.
Maktabgacha ta’limni rivojlantirish borasida boshlagan islohotlarimiz natijasida, o‘tgan yili 5 ming 722 ta davlat, xususiy, oilaviy bolalar bog‘chalari tashkil etildi.
Shuning hisobidan farzandlarimizni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi bir yil davomida 38 foizdan 52 foizga ko‘tarildi.
2019-yilda mutlaqo yangicha mazmun va shakldagi 4 ta Prezident maktabi, 3 ta ijod maktabi ish boshladi.
Oliy ta’limni rivojlantirish uchun o‘tgan yili 19 ta yangi oliy o‘quv yurti, jumladan, 9 ta nufuzli xorijiy universitet filiali ochildi.
Yetakchi xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda 141 ta qo‘shma ta’lim dasturi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.
Oliy ta’lim muassasalariga jami 146 ming 500 nafar yoki 2016-yilga nisbatan 2 barobar ko‘p talaba o‘qishga qabul qilindi.
Ishlayotgan pensionerlarga pensiyani to‘liq to‘lash tartibi joriy etildi. Ijtimoiy yordamga muhtoj va ehtiyojmand aholi uchun nafaqa miqdori 2 barobar ko‘paytirildi.
Sog‘liqni saqlash sohasida davlat muassasalari bilan bir qatorda, xususiy tibbiyot yo‘nalishi ham jadal rivojlanmoqda.
Davolash faoliyati turlari 50 tadan 126 taga ko‘paytirilib, qator imtiyozlar berilgani tufayli o‘tgan yili 634 ta xususiy tibbiyot muassasasi tashkil etildi.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 479 ta qishloq va ovulda, shaharlardagi 116 ta mahallada keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari bajarildi.
Bunga 6,1 trillion so‘m yoki 2018-yilga nisbatan 1,5 trillion so‘m ko‘p mablag‘ sarflandi.
Qishloq joylarida 17 ming 100 ta, shaharlarda 17 ming 600 ta, jami 34 ming 700 ta yoki 2016-yilga nisbatan salkam 3 barobar ko‘p arzon va shinam uylar qurildi.
Kam ta’minlangan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj 5 mingta oilaga, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan ayollarga ipoteka krediti asosida arzon uy-joy sotib olish uchun 116 milliard so‘mdan ziyod boshlang‘ich badal to‘lab berildi.
Amalga oshirayotgan islohotlarimiz jahon hamjamiyati tomonidan munosib baholanmoqda.
Xususan, dunyodagi nufuzli nashrlardan biri - “Ekonomist” jurnali O‘zbekistonni 2019-yilda islohotlarni eng jadal amalga oshirgan davlat - “Yil mamlakati” deb e’tirof etdi.
Berilgan bunday baho, barchamizga cheksiz g‘urur, iftixor va kuch bag‘ishlaydi, yangi marralarga ruhlantiradi, desam, o‘ylaymanki sizlar ham, bu fikrni qo‘llab-quvvatlaysizlar".
Murojaatnoma davom etmoqda.