O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis Senatining birinchi majlisidagi nutqi
2020-01-21 | Siyosat
Assalomu alaykum, hurmatli Senat a’zolari!
Qadrli do‘stlar!
Avvalo, sizlarni saylovlarda g‘olib bo‘lib, senator degan yuksak nomga sazovor bo‘lganingiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Bugungi imkoniyatdan foydalanib, Oliy Majlisning yuqori palatasining avvalgi tarkibida samarali faoliyat olib borgan senatorlarga barchamizning nomimizdan minnatdorchilik bildiraman.
Albatta, oliy vakillik organi a’zosi bo‘lish har bir senator uchun nafaqat katta sharaf, balki ulkan mas’uliyat ham ekanini barchangiz yaxshi tushunasiz.
Senator - bu avvalo xalq va davlat ishonchini qozongan inson. U chuqur bilim, boy hayotiy tajribaga ega bo‘lgan, tinimsiz mehnat qilib, tashabbus ko‘rsatib yashaydigan, xalq manfaatlarini doimo birinchi o‘ringa qo‘yib, o‘z taqdirini el-yurt taqdiri bilan chambarchas bog‘liq holda ko‘radigan shaxsdir. Sizlarning timsolingizda biz ana shunday yetuk va faol shaxslarni tasavvur qilamiz.
Ta’kidlash joizki, Senatning yangi tarkibi ancha yuqori professional darajada shakllandi. Buni Senat a’zolarining 20 nafarini iqtisodchilar, 19 nafarini muhandislar, 13 nafarini pedagoglar, 7 nafarini huquqshunoslar, 6 nafarini tibbiyot xodimlari, 5 nafarini agronomlar, 4 nafarini jurnalistlar hamda 12 nafarini jamoat tashkilotlari vakillari tashkil etadi. Ularning orasida 16 nafar fan doktori, 12 nafar fan nomzodi mavjudligi ham yuqoridagi fikrni tasdiqlaydi. Shuningdek, Senat a’zolarining salkam 25 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda. Bu esa yuqori palataning faoliyati yangicha yondashuv va qarashlar asosida tashkil etilishidan dalolat beradi.
Hurmatli yalpi majlis ishtirokchilari!
Jonajon O‘zbekistonimiz o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘ygan keyingi uch yil Senat uchun ham o‘ziga xos tub yangilanish va o‘zgarishlar davri bo‘ldi. Senat tomonidan ko‘rib chiqilgan qonunlar soni qariyb 230 taga yetgani va shundan 190 ta qonun so‘nggi uch yilda ma’qullangani ushbu yo‘nalishda katta ish qilinganini ko‘rsatadi. Bu boradagi ijobiy o‘zgarishlar nafaqat qonunlarning soni, balki ularning sifati bilan ham bog‘liq, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Shu o‘rinda Senat qo‘mitalari tomonidan muhim tashabbuslar ilgari surilgani va ular ko‘plab dolzarb masalalar yechimiga xizmat qilganini ta’kidlash lozim. Misol uchun, Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasining sug‘urta bozori samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflari mazkur sohani takomillashtirishga oid muhim qarorlarda o‘z ifodasini topdi.
Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi ham keng jamoatchilik tomonidan bildirilgan takliflarni inobatga olib, muhim tashabbusni ilgari surdi. Hozirgi vaqtda shu asosda to‘y va marosimlar o‘tkazishni tartibga solish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar hayotga joriy etilmoqda. Eng muhimi, ularni xalqimiz qo‘llab-quvvatlamoqda.
Bundan tashqari, Senatda ichki ishlar va tashqi ishlar vazirlarining axborotlarini eshitish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Senatning yalpi majlislarida viloyat hokimlarining hisobotlarini eshitish tartibi joriy etilgani parlament nazorati sohasidagi katta amaliy natija, deyish mumkin.
Shuningdek, xalqaro munosabatlarda o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan hamkorlik ifodasi sifatida Senatda 25 ta parlamentlararo guruh va 2 ta komissiya faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Hurmatli senatorlar!
Yuqori palata ishining samaradorligini oshirish maqsadida yaqin va uzoq istiqbolda quyidagi muhim vazifalarni amalga oshirish zarur, deb hisoblayman.
Birinchidan, aholini qiynayotgan muammolarni hal etishning samarali tizimini yaratishimiz lozim.
Uch yil oldin senatorlar tomonidan bevosita joylarga chiqqan holda hududlardagi muammolarni o‘rganish va mahalliy kengashlarda muhokama qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Biroq, bu biz kutgan natijalarni berdi, deb hozircha ayta olmaymiz. Joylarda hali juda ko‘p muammolar o‘z yechimini kutib turibdi. Masalan, yo‘l qurilishi sohasida jami 184 ming kilometr bo‘lgan avtomobil yo‘llarining 70 ming kilometri yoki 38 foizi qayta qurishga muhtoj.
Odamlarning eng ko‘p e’tiroziga sabab bo‘layotgan kommunal xizmat sohasini oladigan bo‘lsak, bu borada ham muammolar ko‘p. Masalan, mavjud 633 ta qozonxonaning 25 foizi hamda 4 ming kilometr issiqlik tarmog‘ining 75 foizi yaroqsiz ahvolda.
Eng achinarlisi, respublikamizda markazlashgan tarmoqlar orqali toza ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi atigi 68 foizni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida 60 foizdan ham past bo‘lib qolmoqda.
Shaharsozlik sohasida mamlakatimizda 1 ming 200 ta aholi punktidan faqat 232 tasi yoki 19 foizi bosh rejasiga ega. Sog‘liqni saqlash sohasida respublikamiz bo‘yicha 13 mingta umumiy amaliyot vrachlari va tor doiradagi mutaxassislar yetishmaydi.
2019-2020 o‘quv yilida umumta’lim maktablarida 2 ming 700 dan ortiq pedagog kadrlarga ehtiyoj mavjud bo‘lsa, maktablarning jihozlanish darajasi 79 foizni tashkil etmoqda. Shu bilan birga, 3 mingta maktabda ichimlik suvi tashib keltiriladi, 261 ta maktab esa suv bilan ta’minlanmagan.
Mehnatga layoqatli aholi o‘rtasida ishsizlik darajasi 8,9 foizni, ayollar o‘rtasida 12,5 foizni tashkil etadi. Mamlakatimizda yoshlarni ish bilan ta’minlash maqsadida 2 ming 400 ta mehnat yarmarkasi o‘tkazilgan. Shunga qaramasdan, ish izlaganlarning juda kam qismi ishga joylashtirilgan.
Albatta, uzoq vaqt davomida xalq bilan yaqindan muloqot qilinmagani, uning dardu tashvishlarini atroflicha o‘rganib, hal qilish choralari ko‘rilmagani oqibatida mana shunday ijtimoiy muammolar to‘planib qolgani hech kimga sir emas. Biz bu masalalarning yechimini topish maqsadida muhim dasturlar qabul qilib, shu asosda katta ishlarni amalga oshirayotganimizdan, o‘ylaymanki, barchangiz xabardorsiz. Bu muammolarni to‘liq bartaraf etish uchun albatta vaqt kerak, ulkan mablag‘ va kuch-imkoniyatlar kerak.
Markazda va joylarda ijro organlarining butun faoliyati ana shu masalalarga qaratilayotgani ham sizlarga yaxshi ma’lum.
O‘z navbatida, senatorlarimiz ham bu borada tashabbus va tashkilotchilikni o‘z qo‘llariga olib, aniq takliflar kiritsalar, ayni muddao bo‘lar edi. Shu bois, Senatning har bir qo‘mitasi o‘z faoliyat rejasini hududiy muammolardan kelib chiqib shakllantirishi lozim.
Ayniqsa, Senatning Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qabul qilingan Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish bo‘yicha tasdiqlangan indikatorlarga erishilishi ustidan monitoring olib borishi maqsadga muvofiqdir. Chunki, yuqorida sanab o‘tilgan barcha muammolar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan hamohangdir.
Shuningdek, o‘rganilgan masalalar bo‘yicha bevosita joylarga borib, vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida Senat kengashi va qo‘mitalarining sayyor majlislarini o‘tkazish zarur. Bu amaliyot aholini tashvishga solayotgan muammolarni tezkorlik bilan hal qilish imkonini beradi.
Ikkinchidan, islohotlarimizning bugungi bosqichi Hukumat, barcha vazirlik va idoralar hamda hokimliklar oldiga keskin talablar qo‘ymoqda. Bu talablar qonunlarda, Prezident farmonlari va qarorlarida, turli davlat va hududiy dasturlarda o‘z ifodasini topgan.
Shuning uchun vazirlik va idoralar rahbarlari ko‘proq hududlarda bo‘lib, joylardagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalar yechimi yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni belgilab olmoqda. Lekin, ularning ijrosi yuzasidan nazoratni kim ta’minlaydi? Albatta, xalq ishonchiga sazovor bo‘lgan senatorlar bu borada asosiy tashabbuskor bo‘lib, mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi zarur.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, Senat vazirlik va idoralar rahbarlari, hokimlarning mazkur chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan hisobotini muntazam muhokama qilib borishi lozim. Bu jarayonda hisobot shunchaki hisobot uchun bo‘lib qolmasligi kerak. Aksincha, hisobotlar muhokamasidan so‘ng muayyan soha yoki hududda aniq o‘zgarishlar bo‘lishi zarur.
O‘ylaymanki, parlament nazorati natijalari asosida faoliyati qoniqarsiz deb topilgan rahbarlarning lavozimda qolish yoki qolmaslik masalasi bo‘yicha Senat tomonidan Hukumat oldiga masala qo‘yadigan va ta’sirchan choralar ko‘radigan vaqt keldi.
Amaldagi qonunlarga asosan Senat parlament nazorati natijalari bo‘yicha hatto Hukumat a’zosini iste’foga chiqarish to‘g‘risida Prezidentga taklif kiritishi mumkin.
Fursatdan foydalanib, siz, hurmatli Senat a’zolariga murojaat qilib aytmoqchiman: aniq tahlil va asoslar bilan kiritilgan takliflarni men ko‘rib chiqishga tayyorman.
Uchinchidan, yoshlar va ta’lim masalalari Senatning doimiy e’tiborida bo‘lishi kerak.
Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot - yo mamot, yo najot - yo halokat, yo saodat - yo falokat masalasidir”, degan so‘zlarini takror va takror aytishdan charchamayman.
Nega deganda, bu fikr bugungi kunda har qachongidan ham muhim ahamiyatga ega ekanini unutmasligimiz lozim.
Yoshlarimiz kimning avlodlari ekanini chuqur anglashlari kerak. Ayni vaqtda bugungi islohot va o‘zgarishlar o‘z-o‘zidan bo‘lmayotganini bilishlari zarur.
Yaqinda yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda joriy yilda yoshlarga oid davlat siyosatida tub burilish yasash bo‘yicha ulkan maqsadlarni belgilab oldik. Xususan, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni ish bilan ta’minlash, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi uchun sharoit yaratish, qobiliyat va iste’dodini ro‘yobga chiqarish, ayniqsa, xotin-qizlarimizning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning muammolari bilan muntazam ravishda shug‘ullanish, qiz bolalarni mustaqil hayotga tayyorlash, shuningdek, madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish bilan bog‘liq vazifalar ijrosini Senat nazorat qilib, mutasaddi rahbarlarning yoshlar muammolarini hal etish borasidagi faoliyatiga oid hisobotlarini eshitib, tegishli choralar ko‘rib borsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
To‘rtinchidan, Senat hududiy vakillik palatasi sifatida Davlat byudjeti loyihasini ko‘rib chiqish va uning ijrosi ustidan parlament nazoratini o‘rnatishi zarur.
Biz 2020 yil uchun Davlat byudjetini birinchi marta qonun bilan tasdiqlash amaliyotini boshladik. Konstitutsiyamizga muvofiq, byudjetni qabul qilish va uning ijrosini nazorat qilish Oliy Majlis palatalarining birgalikdagi vakolati hisoblanadi. Ammo, qonunlarda byudjet ijrosini faqat Qonunchilik palatasi tomonidan nazorat qilish tartiblari belgilangan.
Ajratilayotgan mablag‘larning vazirlik va idoralar bo‘yicha, ayniqsa, hududlar kesimidagi ijrosini o‘rganish Senatning ham asosiy vazifasi bo‘lishi lozim. Shu munosabat bilan qonunlarga tegishli tuzatishlar kiritish maqsadga muvofiqdir.
Sizlarga yaxshi ma’lumki, Qonunchilik palatasida Davlat byudjeti boshqarmasi tashkil etilgan edi. Bu qisqa muddatda o‘zining dastlabki ijobiy natijalarini ko‘rsata boshladi. Yuqori palatamizda ham ana shunday faoliyatni amalga oshirish maqsadida Senatda alohida tuzilma tashkil etishni taklif qilaman. Ushbu tuzilma Davlat byudjetini shakllantirish va ijro etish jarayonlari ustidan hududlar manfaatidan kelib chiqqan holda nazorat olib borishda senatorlarning asosiy ko‘makchisi bo‘ladi, deb ishonaman.
Beshinchidan, jamiyat hayotining turli sohalaridagi dolzarb masalalarni hal etishda parlament so‘rovi institutidan samarali foydalanish zarur.
2010-2014 yillarda Senat tomonidan atigi 3 ta parlament so‘rovi yuborilgan bo‘lsa, so‘nggi besh yilda 26 ta parlament so‘rovi va 700 dan ortiq senator so‘rovi yuborilgan.
Kelgusida parlament so‘rovi alohida viloyat, tuman, shahar miqyosidagi dolzarb masalalarni ham qamrab olsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Biroq, senator so‘rovlarining sifati va natijadorligini oshirish bo‘yicha hali oldimizda ko‘p ishlar turibdi. Afsuski, davlat boshqaruvi organlari tomonidan senatorlarning so‘rovlariga javob bermaslik holatlari ham mavjud.
Ta’kidlab aytmoqchiman, senator so‘roviga bepisandlik - bu xalqqa bo‘lgan bepisandlik, deb baholanishi kerak. Bunday holatga yo‘l qo‘ymaslik uchun senator so‘rovini hududlar manfaatlaridan kelib chiqqan holda shakllantirish, uning natijasiga oid axborotni Senatning qo‘mita majlislari va yalpi majlislarida muhokama qilish zarur.
Oltinchidan, Senatning mahalliy kengashlar bilan hamkorligini, ular faoliyatiga amaliy va uslubiy ko‘mak ko‘rsatish borasidagi faoliyatini yanada kuchaytirish lozim.
Afsuski, bugungi kunda yuqori palatamizning bu boradagi faoliyati sustligicha qolmoqda. Eng achinarlisi, mahalliy kengashlar hududlardagi dolzarb masalalar yechimini topishda o‘z vakolatlaridan deyarli foydalanmayapti.
Ma’lumki, so‘nggi davrda, ayniqsa oxirgi uch yilda mahalliy kengashlarning nazorat faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratildi. Jumladan, hokim, hokim o‘rinbosarlari, prokuratura, adliya, ichki ishlar, moliya, soliq va sog‘liqni saqlash idoralari rahbarlarining hisobdorligi belgilab qo‘yildi.
Qonunchilikda mahalliy kengashlarga bunday keng vakolatlar berilgan bo‘lsa-da, amalda ularning natijasi ko‘rinmayapti. Senat qo‘mitalari mahalliy kengashlar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ymagani ham bunga sabab bo‘lmoqda.
Kengashlar faoliyat samaradorligini oshirishda men, birinchi navbatda, siz muhtaram senatorlarga suyanaman. Shuning uchun doimiy asosda ishlaydigan senatorlarni mahalliy kengashlarga biriktirishni nazarda tutadigan yangi tizim yaratish lozim. Bu masalani saylovlarda kuzatuvchi bo‘lib ishtirok etgan xalqaro tashkilotlar vakillari ham tavsiya etishgan.
Aslida senatorlar hududlar manfaatini himoya qiladilar. Shuning uchun senatorlarimiz har oyda bittadan mahalliy kengashlarni namunaviy ishlaydigan qilib bersalar, albatta xalqni rozi qiladilar.
Shu munosabat bilan mahalliy kengashlarda senatorning kabinetini tashkil etish o‘rinli bo‘ladi. Shu bilan birga, Senat Raisi, hududlarda barcha senatorlarni jalb qilgan holda, mahalliy kengashlar deputatlarining tizimli o‘quvini tashkil etish amaliyotini joriy etishi lozim.
Senat, Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan birgalikda, mutlaqo yangi bo‘lgan tizimni, ya’ni senatorlar maktabini shakllantirishi kerak. Chunki, joylarda deputatlar korpusi qanchalik kuchli bo‘lsa, mahalliy kengashlar va albatta, Senat ham shunchalik kuchli bo‘ladi.
Hurmatli senatorlar, men sizlarning har biringizni ko‘pni ko‘rgan, xalq ichida katta obro‘-e’tiborga ega, joylardagi muammolarni va ularni hal qilish yo‘llarini yaxshi biladigan odamlar deb bilaman. Barchangiz fidokor va tashabbuskor bo‘lib, o‘z amaliy ishlaringiz bilan senator sifatida mamlakatimiz tarixida nom qoldirishingizni istayman.
Endi ijro hokimiyati yomon ishlamoqda, deb nolib o‘tiradigan vaqt o‘tdi. Ijro organi faoliyati ustidan kim nazorat qilishi kerak? Avvalo, senatorlar emasmi?
Quyi kengashlar qanchalik faol bo‘lsa, Senatning ishi shuncha samarali bo‘ladi. Ijro organini joylarda faol ishlatish senatorlarimizga juda ham bog‘liq.
Senatorlar joylardagi rahbarlar hisobotini eshitishi, respublika darajasida hal qilinadigan masalalarni Senat muhokamasiga kiritib borishi kerak. Ushbu faoliyatni samarali tashkil etish va mahalliy kengashlarning ish sifatini oshirish maqsadida ularda doimiy asosda ishlaydigan kotibiyat tashkil etishni taklif qilaman.
Shuningdek, xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda, kengashlarga vazirlik va idoralar hududiy tuzilmalari rahbarlarining o‘z lavozimiga loyiqligi yuzasidan taklif kiritish vakolatini bersak, nima deysizlar?
Ma’lumki, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunda kengashlarning qonun hujjatlariga zid bo‘lgan qarorlari Oliy Majlis tomonidan belgilangan tartibda bekor qilinishi nazarda tutilgan. Biroq, shu kunga qadar ushbu normani amalga oshirish mexanizmi ishlab chiqilmagan.
Senat hududiy vakillik palatasi ekanini inobatga olib, kengashlarning qonunga zid qarorlarini bekor qilish vakolatini Senatga berish to‘g‘ri bo‘ladi, deb o‘ylayman.
Yettinchidan, korruptsiyaga qarshi keskin kurashish muhitini yaratishda Senatning rolini kuchaytirish zarur.
Bugungi kunda davlat xizmatchilari, hatto yuqori lavozimlardagi mas’ul shaxslar tomonidan sodir etilayotgan korruptsiya bilan bog‘liq jinoyatlar fosh etilmoqda. Bu haqdagi xabarlar ommaviy axborot vositalarida tez-tez e’lon qilinmoqda. Ayniqsa, muayyan hudud taqdiri ishonib topshirilgan ayrim mansabdorlarning poraxo‘rlik va korruptsiya jinoyatiga qo‘l urayotgani tashvishli holdir.
Joylardagi rahbarlarning qonunga zid faoliyati doimo hududlarda faoliyat olib borayotgan senatorlarning e’tibor markazida bo‘lishi kerak. Bir so‘z bilan aytganda, har bir senator korruptsiyaga qarshi kurashning oldingi saflarida bo‘lishi shart. Jamiyatda qizg‘in bahslarga sabab bo‘lgan holatlar yuzasidan Senat a’zolari yalpi majlisni kutib o‘tirmasdan, tezkor eshituvlar tashkil etib, mutasaddi shaxslardan izoh talab qilishi zarur.
Sakkizinchidan, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarlikning barvaqt oldini olish masalasi Senatning doimiy e’tiborida bo‘lishi kerak.
So‘nggi yillarda jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida bir qator ishlarni amalga oshirdik. Biroq, bu sohada oldimizda hali o‘z yechimini kutayotgan masalalar mavjud. Masalan, o‘tgan yili mamlakatimiz bo‘yicha jinoyat sodir etgan 47 mingdan ortiq shaxsning 12 ming nafari yoki 25 foizini yoshlar tashkil etgan.
Bu ko‘rsatkich Qashqadaryo, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida 39 foiz, Andijon va Namangan viloyatlarida 38 foizdan oshgan. Lekin, ming afsuski, na Qashqadaryo, na Xorazm, na Andijon, na Namangan viloyatlarida, na Toshkent shahrida ushbu o‘ta tashvishli ahvol bo‘yicha Senatning sayyor majlislari o‘tkazilib, bu masala jiddiy muhokama qilinmagan. Hamma tomoshabin.
O‘zingiz ayting, bu ahvolda biz qayoqqa boramiz?
Bu kabi beparvolik va e’tiborsizlik endi tarixda qolishi kerak. Har bir masalada yangi senatorlarimiz tezkor munosabat bildirishlari va zarur chora-tadbir ko‘rib borishlari lozim.
Bundan tashqari, bezorilik va firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlar soni ortib bormoqda. Shu munosabat bilan joylarda jinoyatchilikka qarshi kurash olib boradigan idoralar faoliyati senatorlarning doimiy nazoratida bo‘lishi lozim.
Xabaringiz bor, so‘nggi 3 yilda o‘z qilmishiga chin dildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 4 mingdan ortiq shaxs afv etilib, o‘z yaqinlari bag‘riga qaytarildi. O‘ylaymanki, ular kelgusida hayotda o‘z o‘rinlarini topishida ham senatorlarning alohida hissasi bo‘ladi.
Agar afv etilganlarning ijtimoiy hayotga moslashuvini ta’minlamasak, afv etish to‘g‘risida biz qabul qilgan farmonlarning obro‘si, ta’siri nima bo‘ladi?
To‘qqizinchidan, Senat davlat idoralarining jamiyatda xotin-qizlar rolini oshirish borasidagi faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirishi lozim.
“Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash” davlat dasturi doirasida qator chora-tadbirlar belgilangan. Barcha darajadagi rahbarlarga ayollar, ayniqsa, yosh qizlarning bandligini ta’minlash va ularni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘rgatishni asosiy vazifa sifatida belgiladik.
Ana shu vazifalar ijrosini tashkil etish va nazorat qilishda Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi muayyan ish olib bormoqda. Kelgusida ham mazkur qo‘mita gender tenglikni ta’minlash, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni manzilli qo‘llab-quvvatlash va ularning bandligiga ko‘maklashishga oid vazifalar ijrosini muntazam o‘rganib borishi zarur. Buning natijasi bo‘yicha mas’ul idoralar rahbarlarining hisobotini eshitib, ularning faoliyat samaradorligini oshirishga ko‘maklashish lozim.
Senatda bu borada ozmi-ko‘pmi ishlar qilinmoqda. Lekin mahalliy kengashlarda bu masala bo‘yicha e’tiborga loyiq muhokamalar deyarli o‘tkazilmagan.
Ijro organida, vazirlik va idoralarda gender tenglikni ta’minlash, muhtarama opa-singillarimizga mas’ul lavozimlarni ishonib topshirish bo‘yicha ko‘p ish qilishimiz kerak. Nega deganda, ayollarimiz hayotiy muammolarni boshqalardan ko‘ra chuqurroq bilishi, fidoyiligi, kuchli mas’uliyat tuyg‘usi, mehnatsevarligi bilan barchaga o‘rnak bo‘ladi.
O‘ninchidan, Senat faoliyatining ochiqligini ta’minlash borasida qilinayotgan ishlarni yanada kuchaytirish zarur.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Senat jamoatchilik, ayniqsa, ommaviy axborot vositalari bilan uzviy hamkorlikda ish olib bormoqda. Senat faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etildi va yuqori palataning maxsus veb-portali yaratildi.
So‘nggi paytlarda Senat majlislarini jonli efir orqali namoyish qilish amaliyotining joriy etilishi xalqchil parlamentni shakllantirishning muhim omili va xalq oldida hisobot berishning samarali vositasiga aylanmoqda. Ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarni tizimli ravishda davom ettirish zarur. Shuningdek, Senatda bu boradagi ijobiy amaliyotni mahalliy kengashlar faoliyatiga ham joriy etish yaxshi natija beradi, deb o‘ylayman.
Navbatdagi dolzarb vazifa - parlament palatalarining qonun ijodkorligi jarayonidagi hamkorligini mustahkamlash lozim.
Bu borada muhim bir masalaga e’tiboringizni qaratmoqchiman.
Ikki palatali parlament tashkil etilganidan boshlab hozirgi kunga qadar jami 9 ta qonun Senat tomonidan rad etilgan. Ushbu ko‘rsatkich 2005 yildan bugungi kungacha qabul qilingan barcha qonunlarning atigi 1,5 foizini tashkil etadi. Mazkur ko‘rsatkich aksariyat rivojlangan davlatlarda bundan bir necha bor yuqori.
Biz qonunning Senat tomonidan rad etilishiga - salbiy holat deb emas, aksincha, sifatli qonunlarni qabul qilishga qaratilgan demokratik jarayon sifatida baho berishimiz lozim.
Yana bir muhim masala - qonunlar ijrosi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish Senatning konstitutsiyaviy vakolati hisoblanadi.
Ayrim hollarda qonunlarni amalga oshirish mexanizmi bo‘lmagani ularning to‘liq ishlamasligiga sabab bo‘lmoqda. Xususan, bunday mexanizm qonunosti hujjatlarida nazarda tutilgan bo‘lsa-da, ularda o‘zaro muvofiq kelmaydigan holatlar mavjud.
Davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyatini muvofiqlashtirish bevosita Adliya vazirligining vazifasi hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, Adliya vazirligining bu boradagi faoliyati parlament nazoratining markazida bo‘lishi lozim.
Ma’lumki, parlament faoliyatini sifatli axborot-tahliliy materiallar bilan ta’minlash maqsadida Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tashkil etilgan edi. Islohot talablaridan kelib chiqib, mazkur institut faoliyatini yanada kuchaytirishimiz, uni deputat va senatorlarning chinakam ko‘makchisiga aylantirishimiz lozim. Xususan, qonun loyihalarining qizg‘in muhokamasini o‘tkazish va qabul qilingan qonunlarning amaliyotdagi ta’sirchanligini baholash bo‘yicha institut faoliyatining samaradorligini oshirish talab etiladi. Shu boisdan ham parlament mazkur institut faoliyatini tubdan takomillashtirish masalasini ko‘rib chiqishi maqsadga muvofiqdir.
Yana bir muhim masala - xorijiy mamlakatlar bilan munosabatlarni rivojlantirishda yuqori palataning rolini yanada kuchaytirish lozim.
O‘zbekistonning obro‘-e’tiborini yuksaltirish, xalqaro aloqalarini rivojlantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb etish Senatning muhim vazifasi bo‘lib qoladi.
Senatning ushbu yo‘nalishdagi faoliyati samarasini kuchaytirish maqsadida har yili aniq bir mavzuga bag‘ishlangan xalqaro konferentsiyalar, uchrashuv va forumlar o‘tkazish uchun rejalar ishlab chiqish va ularni Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda amalga oshirish lozim. Masalan, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, sud-huquq tizimini takomillashtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va boshqa dolzarb masalalarni keng muhokama qilish maqsadga muvofiqdir.
Senat xorijiy davlatlar bilan hamkorlik masalalarida har yillik dasturlar qabul qilib, ijrosini qat’iy nazoratga olsa, bu yaxshi amaliyot bo‘lgan bo‘lardi. Shu maqsadda Parlament diplomatiyasi kontseptsiyasini qabul qilishni tezlashtirish kerak.
Shu bilan birga, Parlamentlararo Ittifoq, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Parlament assambleyasi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Parlamentlararo assambleyasi bilan o‘zaro hamkorlikni aniq va uzoq muddatli ish rejalari asosida davom ettirish lozim. Bundan tashqari, Oliy Majlis a’zo bo‘lishi kutilayotgan Turkiy tilli davlatlar Parlament assambleyasi va boshqa xalqaro parlament tuzilmalari doirasida ham hamkorlikni kuchaytirish kerak.
Bu borada bir masalaga e’tiboringizni qaratmoqchiman.
Ma’lumki, O‘zbekistonning chet davlatlardagi elchilarini tayinlash Senatning vazifasi bo‘lib, bu jarayonda ularning kelgusi faoliyati uchun belgilab olgan dasturlari eshitiladi. Lekin, undan keyin-chi? Senat bilan elchilarning o‘zaro aloqalarini rivojlantirishga zarurat bormi? Albatta, bor. Shu sababli Senatning tashqi siyosiy va iqtisodiy hamkorlik sohasidagi vazifalarini amalga oshirishda yuqori palatada O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi elchilari hisobotini eshitish amaliyotini yo‘lga qo‘yishimiz kerak.
Hurmatli senatorlar!
Endi kun tartibiga kiritilgan tashkiliy masalaga o‘tadigan bo‘lsak, avvalo, Senat Raisi va uning o‘rinbosarlarini saylash to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqishimiz zarur.
Ma’lumki, Konstitutsiyamizning 93-moddasiga muvofiq, Senat Raisligiga nomzod O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taqdim etilishi belgilab qo‘yilgan. Ana shu normaga asosan, ko‘pchilik, jumladan, tajribali senatorlar bilan maslahatlashib, chuqur o‘ylagan holda, men Oliy Majlis Senati Raisi lavozimiga senator Tanzila Kamalovna Narbayeva nomzodini taqdim etmoqchiman.
Tanzila Kamalovna so‘nggi 30 yilda turli mas’ul rahbarlik lavozimlarida samarali mehnat qilib kelmoqda. 1995-2010 yillarda Vazirlar Mahkamasida onalik va bolalik, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy muhofaza masalalari bilan shug‘ullangan. 2010-2016 yillarda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi raisi, 2016-2019 yillarda Bosh vazir o‘rinbosari - O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimlarida samarali mehnat qildi. Oxirgi olti oyda Senat raisi sifatida katta ishlarni amalga oshirdi.
Tanzila Kamalovna boshqaruv, jamoat ishlarida katta tajriba to‘plagan malakali rahbar kadrlarimizdan biri, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Muhtaram senatorlar!
Bugun barchangiz ushbu nomzodni to‘liq qo‘llab-quvvatlaganingiz va o‘z hurmatingizni bildirganingiz Tanzila Kamalovnaga katta ishonch va g‘ayrat bag‘ishlashi shubhasiz.
Hurmatli Tanzila Kamalovna, Sizga mas’uliyatli faoliyatingizda yangi omadlar va ulkan zafarlar tilayman.
Endi Senat Raisining o‘rinbosarlari lavozimiga nomzodlar haqida gapiradigan bo‘lsak, men bu vazifalarga quyidagi nomzodlarni tavsiya etmoqchiman.
Senat Raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga senator Sodiq Solihovich Safoyev nomzodini tavsiya etaman.
Bu kishi salkam 30 yil davomida tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy masalalar sohasida muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda. Turli yillarda tashqi ishlar vaziri, O‘zbekistonning Germaniya va AQShdagi Favqulodda va muxtor elchisi bo‘lib ishlagan. 2005-2016 yillarda Oliy Majlis Senatining Tashqi siyosat masalalari qo‘mitasi raisi, 2016 yildan buyon esa Senat raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.
Sodiq Solihovichni barchangiz mohir diplomat, xalqaro maydonda taniqli jamoat arbobi sifatida yaxshi taniysiz. Bu rahbar ham o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni munosib ado etishiga tilakdoshman.
Senat Raisi o‘rinbosari lavozimiga senator Musa Tajetdinovich Yerniyazov nomzodini tavsiya etaman.
Bu olijanob inson, oqsoqolimiz o‘z faoliyatini qurilish sohasida boshlab, keyinchalik Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari lavozimida xizmat qilgan. Qoraqalpoq elining katta hurmat va ehtiromini qozonib, 2002 yildan buyon Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, bir paytning o‘zida Oliy Majlis Senati Raisining o‘rinbosari sifatida ishlab kelmoqda.
O‘tgan yili mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash, islohotlar jarayonlaridagi fidoyiligi, ibratli faoliyati uchun Musa Tajetdinovichga “O‘zbekiston Qahramoni” yuksak unvoni berilganidan barchangiz xabardorsiz.
Bu ko‘pni ko‘rgan, tajribali va tashabbuskor rahbar, kamtarin va mehnatkash inson bilan senatorlar birgalikda samarali ishlaydilar, deb ishonaman.
Senat Raisi o‘rinbosari lavozimiga senator Zayniddin Mahamatovich Nizamxodjayev nomzodini tavsiya etaman.
Tibbiyot fanlari doktori, professor, “O‘zbekiston Qahramoni” Zayniddin Mahamatovichni bu yerda o‘tirganlarning hammasi yaxshi taniydi, deb o‘ylayman. Uzoq yillar davomida xalqimizning sihat-salomatligi, fan, ta’lim, madaniyat va sport sohalari taraqqiyoti yo‘lida katta ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Bu kishi oxirgi 5 yilda Oliy Majlisning tegishli qo‘mitasi raisi sifatida faol ish olib bordi.
Zayniddin Mahamatovich yangi mas’uliyatli lavozimda sizlar bilan yaqin hamkorlikda muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatishiga ishonaman.
Hurmatli Senat a’zolari!
Albatta, hozir aytib o‘tilgan vazifalar barcha senatorlardan yuksak mas’uliyat, tashabbuskorlik va fidoyilikni talab etadi. Ushbu vazifalarning samarali amalga oshirilishi Senatni kelgusida professional palataga aylantirish borasida dastlabki muhim qadam bo‘ladi, deb ishonaman.
Bugun ko‘pmillatli xalqimiz biz rahbarlardan, avvalambor, yangi saylangan deputat va senatorlardan hayotimizni yanada erkin, obod va farovon etishga qaratilgan amaliy ishlarni kutmoqda. Barchamiz saylovchilar oldida, yurtdoshlarimiz oldida bizga bildirilgan yuksak ishonchga har tomonlama munosib bo‘lishimiz kerak.
Har kuni, har soatda vijdonimiz oldida hisobot berib, halol-pok bo‘lib, el-yurt manfaatini o‘ylab ishlasak, men aminman, xalqimiz ham, Yaratgan ham bizdan rozi bo‘ladi.
Mana shunday ezgu maqsad yo‘lida barchangizga sihat-salomatlik, kuch-g‘ayrat va omad tilayman.
E’tiboringiz uchun rahmat.