O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Prezident deputatlarni xalq ishonchiga sazovor bo‘lgani bilan tabrikladi
2020-01-20 | Siyosat
Xabar qilganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisi bo‘lib o‘tmoqda.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlamoqda.
Davlatimiz rahbari Qonunchilik palatasi deputatlarini xalq ishonchiga sazovor bo‘lib, yuksak maqomga ega bo‘lgani bilan tabrikladi.
- Parlament va mahalliy kengashlarga o‘tkazilgan saylovlar O‘zbekistonimiz uchun katta siyosiy imtihon bo‘ldi, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Xalqimiz bu sinovdan yorug‘ yuz bilan o‘tdi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Prezidentimiz yangi saylangan deputatlarning 48 nafari ayollar, 9 nafari yoshlar ekanini mamnuniyat bilan ta’kidladi.
Saylovlar aholining siyosiy faolligini yuksaltirib, xalqimizning partiyalarga nisbatan ishonchi bilan birga talabchanligini ham kuchaytirgani qayd etildi.
- Saylovoldi tashviqotlarda siyosiy partiyalar tomonidan jamiyatimizdagi dolzarb muammolarni hal qilish bo‘yicha ko‘plab va’dalar berildi. Xalqimiz ana shu va’dalarning amalda bajarilishini kutmoqda. Buni chuqur his qilishingiz, saylovchi har doim ko‘z oldingizda turishi kerak, - dedi Prezident.
Partiyalar fraktsiyalari o‘zlarining istiqboldagi rejalarini aniq belgilab, ularni tizimli ravishda amalga oshirishiga ishonch bildirildi.
Davlatimiz rahbari saylov kampaniyasi davrida ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganini qayd etib, ularni tahlil qilish asosida saylov tizimini tashkiliy-huquqiy jihatdan yanada takomillashtirish zarurligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda hukumat a’zolari, markaziy idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.