O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Davlat soliq xizmati korruptsiyaga qarshi

2020-01-20 | Jamiyat

Joriy yilning 17 yanvar kuni Davlat soliq qo‘mitasida “Soliq sohasida korruptsiyaga qarshi kurashish choralari: natijalar va istiqbollar” mavzusidagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Davlat soliq qo‘mitasi rahbariyati, markaziy apparati xodimlari, Toshkent shahar va Toshkent viloyati davlat soliq boshqarmalari hamda tuman (shahar) davlat soliq inspektsiyalari, hududiy davlat soliq boshqarmalari O‘z xavfsizligi, Kadrlar bilan ishlash bo‘limlari boshliqlari shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh Prokuratura vakillari ishtirok etdi.

- Bugun davlat soliq xizmati organlari oldida soliq to‘lovchilarga qulay shart-sharoit yaratish, korruptsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan, servisga yo‘naltirilgan zamonaviy soliq xizmatlarini ko‘rsatishdek muhim vazifalar turibdi, -deydi Davlat soliq qo‘mitasi raisi Bexzod Musayev.

Inson omili aralashuvisiz

Inson omili aralashuvini qisman yoki butunlay cheklaydigan avtomatlashtirilgan maxsus dasturiy mahsulot yaratish - Davlat soliq qo‘mitasining korruptsiyaga qarshi choralaridan biridir.

2020 yil 1 yanvardan tekshirishlarga qo‘yilgan maratoriyning bekor qilinishiga qaramasdan, davlat soliq xizmati organlari tomonidan 2020 yilning I choragida soliq to‘lovchilar umuman tekshirilmaydi.

Tekshiruvga nomzodlarni tanlashda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida, tadbirkorlarning faoliyatini tahlil qilish va ularning soliq qonunchligi buzilishlari havfiga mustaqil baxo berish imkoniyatiga ega bo‘lgan,  risk-analiz tizimi joriy etilmoqda.

Bunda davlat soliq xizmati organlarining mansabdor shaxslari kimni tekshirish va qanday shakldagi tekshiruv o‘tkazishni tanlash imkoniyatiga ega bo‘lmaydilar. Bu funktsiyalarni 42 mezonga asosan avtomatlashtirilgan tizim inson omili aralashmagan holda bajaradi.

Tekshiruv jarayonlari soliq inspektori tomonidan video tasvirga olinishi hamda jismoniy shaxslardan to‘lovlar qabul qilinganda QR - kodli chek berilishi muhim yangiliklardan sanaladi.

2020 yil 1 yanvardan onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassa tizimini bosqichma-bosqich joriy etish to‘g‘risidagi norma amalga kirdi.

Bu  savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida hisob-kitoblarning shaffofligini yanada oshirish, naqd pul mablag‘larining xufiyona aylanishini qisqartirish hamda jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga yordam beradi.

Naqd pul tushumiga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlarini onlayn nazorat-kassa mashinalari yoki virtual kassadan foydalanishga bosqichma-bosqich o‘tkazish grafigiga asosan:

- Alkogol va tamaki mahsulotlari, dori-darmon, avtomobillarga benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz yoqilg‘isi savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub'yektlari - 2020 yil 1 yanvardan;

- O‘tgan yil yakunlari bo‘yicha yillik oboroti (tushumi) besh milliard so‘mdan oshgan tadbirkorlik sub'yektlari - 2020 yil 1 avgustdan;

- O‘tgan yil yakunlari bo‘yicha yillik oboroti (tushumi) yuz million so‘mdan oshgan yoki yil davomida ushbu chegaraviy miqdorga yetgan tadbirkorlik sub'yektlari - 2021 yil 1 yanvardan;

- Qolgan barcha tadbirkorlik sub'yektlari - 2022 yil 1 yanvardan onlayn nazorat-kassa mashinasi yoki virtual kassadan foydalanishga o‘tadilar.

Bugungi kunda respublikamizdagi  savdo nuqtalariga 5 mingdan ortiq onlayn NKM apparatlari o‘rnatilgan, 16 mingta apparatlarni o‘rnatish jarayoni ketmoqda.

Buning natijasida qo‘lda to‘ldiriladigan kassa daftari, savdo nuqtalarida mavjud kassalardagi naqd pul tushumini o‘rganish uchun soliq organlari tomonidan o‘tkaziladigan xronometraj tadbirlari va boshqalar tarixga aylanadi.

Hisobvaraq-fakturalarning joriy etilishi hamda 2020 yil 1 yanvardan boshlab tovarlar (xizmatlar) realizatsiyasi qoida tariqasida elektron hisobvaraq-fakturalar orqali amalga oshirilishi shartligi muhim yangiliklardan biridir.

Savdo operatsiyalari bo‘yicha barcha ma’lumotlar endi davlat soliq xizmati organlariga onlayn rejimida kelib tushadi. Bu biznes va bevosita soliq organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni oshiradi.

Endilikda soliq majburiyatlarini bajarish uchun davlat soliq xizmati organlariga borish shart emas. Bularni uydan chiqmagan holda  soliq.uz hamda elektron to‘lov tizimlari (PayMe, Click, UPay, Paynet va h.k) orqali bajarish mumkin.

Tezkor munosabat va kadrlar bilan ishlash

Korruptsiyaning oldini olish maqsadida 2018 yilda davlat soliq xizmati organlari xodimlarining ish haqlari 1,7 barobar oshdi.

O‘tgan yilda 1053 ta xodim va ularning oila a’zolariga “Xumson” dam olish maskanida dam olish uchun bepul yo‘llanmalar berildi, 38 nafar xodim imtiyozli yo‘llanmalar asosida davolanish va dam olish uchun xorijiy davlatlarga (Kislovodsk, Yalta) yuborildi.

Davlat soliq qo‘mitasi O‘z xavfsizligi boshqarmasi tomonidan pora olish va o‘z manfaatlari yo‘lida soliq to‘lovchilarga bosim o‘tkazishga harakat qilganligi aniqlangan xodimlarga nisbatan qatiy jazo choralari ko‘rilmoqda.

Davlat soliq xizmati organlarida soliq to‘lovchilarning huquqlarini himoya qilish orqali korruptsiyaning oldini olishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Soliq to‘lovchilarning haq-huquqlari buzilishi holatlariga nisbatan tezkor munosabat bildirish maqsadida Davlat soliq qo‘mitasi  hamda barcha hududiy davlat soliq xizmati organlarida 24/7 rejimida ishlaydigan “Ishonch telefoni” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Asosiy maqsad - sohadagi qonun buzilishlarga o‘z vaqtida munosabat bildirish, aniqlash, bartaraf etish va oldini olishdir. Birgina 
2019 yilda DSQning “Ishonch telefoni”ga (71 244-98-98) 3941 ta murojaat kelib tushgan.

Har bir murojaatning ijrosi qatiy nazoratga olingan. Ishonch telefoniga qilingan har bir qo‘ng‘iroq yozib olinadi va DSQning ma’lumotlar bazasiga kiritiladi. Murojaat etuvchi haqidagi ma’lumotlar sir saqlanishi kafolatlanadi.

Shu bilan birga DSQning Sall-markazi (202-32-82, qisqa raqam-1198) ishlab turibdi. Soliq to‘lovchilarning savollariga javob berishga tayyor bo‘lgan yuqori malakali operatorlar 24/7 rejimida faoliyat ko‘rsatayapdi.

Bundan tashqari xufiyona faoliyat yuritish va soliq to‘lashdan qochish holatlarini aniqlashga yordam bergan shaxslarni moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida nizom ishlab chiqildi.

Bu biznes insofli yuritish, soliqlarni to‘lamaslik yoki yashirish holatlari ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Davlat soliq xizmati organlarida korruptsiya darajasini aniqalash maqsadida qo‘mitanning rasmiy sayti orqali muntazam ravishda anonim ijtimoiy so‘rovnomalar o‘tkazib boriladi.

2019 yilda 6 mingdan ortiq fuqarolar o‘rtasida ana shunday so‘rovnoma o‘tkazildi. Natijada past ko‘rsatkichlarni qayd etgan soliq inspektsiyalarining faoliyatida o‘rganishlar tashkil etilib, tegishli choralar ko‘rildi.

Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy saytida korruptsiyaning oldini olish bo‘yicha normativ hujjatlar va boshqa materaillarni o‘z ichiga olgan “Korruptsiyaga qarshi kurashish” nomli maxsus bo‘lim ochilgan. Har bir soliq to‘lovchi tanishib chiqish imkoniyatiga ega.

Sohadagi  huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida barcha davlat soliq inspektsiyalarida fuqarolarni qabul qilish va ularga xizmat ko‘rsatish joylari onlayn-videokuzatuv kameralari bilan jihozlangan.

Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tadbirkorlik sub'yektlarining qonuniy haq-huquqlarini himoya qilish, sohada huquqbuzarliklar va korruptsiyaning oldini olish, soliq to‘lovchilar uchun qulay, foydali va sifatli dasturiy mahsulotlarni ishga tushirish bo‘yicha tizimli ishlar 2020 yilda xam izchil davom ettiriladi.

Поделиться