O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Toshkent teleminorasiga 35 yil to‘ldi

2020-01-16 | Texnologiyalar

Toshkent teleminorasi takrorlanmas noyob arxitektura inshooti bo‘lib, bugungi kunda respublikada hamda Markaziy Osiyoda yagona va eng baland inshoot hisoblanadi. 

Toshkent teleminorasi 1991-yilda Dunyoning buyuk minoralari Federatsiyasi safiga kiritilib, dunyoning 200 dan ortiq minoralari orasida 11-o‘rinni egallagan. Bugungi kunda balandligi 375 metr bo‘lgan Toshkent teleminorasi Markaziy Osiyoda eng baland va MDH davlatlari teleminoralari orasida esa, Ostankinodan keyingi ikkinchi o‘rinni egallaydi.

Toshkent teleminorasining asosiy vazifalari televideniye va radiodasturlarini uzatishdan iboratdir. Shuningdek, teleminora noyob me’moriy bino sifatida mahalliy va chet el mehmonlari uchun tomosha qilish majmuasi hisoblanadi.

Bu yil 15-yanvarda Toshkent teleminorasining foydalanishga topshirilganligiga 35 yil to‘ladi. Shu munosabat bilan, teleminoraning qurilish tarixiga bir oz to‘xtalib o‘tsak, foydadan holi bo‘lmaydi.

Teleminora 1978-yildan boshlab, 6-yil davomida qurib bitkazilgan. Toshkent teleminorasi 1985-yilning 15-yanvarida ishga tushirilgan.

1957-yil 7-noyabrda O‘zbekistonda birinchi telemarkaz — Toshkent telemarkazi ilk bor ishga tushirildi. Teleko‘rsatuvlar dastlab, Toshkent shahridagi balandligi 180 metrlik teleminoradan amalga oshirilardi. Avval teleko‘rsatuvlar faqat bir dastur bo‘yicha olib borildi va tez orada ularning soni oshib bordi va 4 taga yetdi. Endi mutahassislar ko‘rsatuvlar sifatiga va dasturlar sonini ko‘paytirishga ahamiyat bera boshladilar.

Toshkent shahridagi balandligi 180 metrlik teleminora va undagi kam quvvatli uskunalar yordamida tarqatilayotgan teleko‘rsatuvlar Toshkent shahri va Toshkent viloyatining chekka, uzoq tog‘li tumanlarini deyarli qoplamasdi. Shu sababdan ushbu talablarni qondiradigan baland minora va yuqori sifatli teleko‘rsatuvlarni ta’minlab beradigan uskunalarga ehtiyoj paydo bo‘ldi.

Shu vaqtlarda Moskvadagi Aloqa ob’ektlarini loyihalash instituti (GSPI) ga arab davlatlaridan biri baland minorali telemarkaz loyihasiga buyurtma bergan bo‘lib, lekin mamlakatda siyosiy jarayonlar yuz berib, teleminoraning tashqi ko‘rinishi tayyor bo‘lganda, buyurtmani bekor qilgan. Ushbu buyurtma iqlimi issiq mamlakatga moslab ishlab chiqilganligi sababli, GSPI boshlig‘i uni O‘zbekistonga taklif qilgan. Respublikaning o‘sha davrdagi rahbari Sharof Rashidovga minora ko‘rinishi ma’qul kelib, ushbu loyihani O‘zbekistonda amalga oshirilishini ma’qullagan va minora qurilishini tasdiqlagan.

Teleminora loyihasi bir necha yilda tayyor bo‘ldi, loyiha o‘ta sinchkovlik bilan sinovlardan o‘tkazildi. Uning qurilishi uchun Toshkent shahridagi Bo‘z suv kanalining o‘ng qirg‘ogidan 6,2 gektar yer maydoni ajratildi. Qurilishni boshlashdan avval, qurilish maydoni betartib, rejasiz qurilgan uylar va bir nechta mayda g‘isht zavodlardan bo‘shatilishi hamda hududda yashab turgan aholini ko‘chirish va uy-joy bilan ta’minlanishi zarur edi. Bu ishlar 1978-79 yillarda Toshkent shahar Ijroiya qo‘mitasi va Aloqa vazirligi ko‘magida amalga oshirildi. 1979 yil ikkinchi yarmidan bevosita qurilish ishlariga kirishildi.

Qurilish direksiyasiga bosh pudratchi etib Toshkent qurilish bosh boshqarmasiga qarashli «Visotstroy-11» tresti yollandi va trest boshlig‘i P.G. Sarkisov ko‘plab o‘ziga va Ittifoqning ko‘p respublikalarining eng nufuzli qurilish tashkilotlari bilan shartnoma imzoladi. Direksiya 17 ta ilmiy-tekshiruv institutlari bilan hamkorlikda ishladi, Rossiyani Chelyabinsk zavodi bilan shartnoma tuzilib, teleminora qurilishiga 6000 tonna po‘lat uskunalar bilan ta’minlandi.

Shveysariyaning “Shindler” kompaniyasiga balandlikka tez ko‘tariladigan liftlar qurilishiga buyurtma berildi. Ushbu teleminora qurilishi Butunittifoq qurilishiga aylandi. Respublikaning o‘sha davrdagi rahbari Sharof Rashidov, Aloqa vaziri Temur Toxtayev, Toshkent shahar va tuman rahbarlari qurilish ishlari jarayonidan doimiy ravishda xabardor bo‘lib, shart-sharoitlar yaratishga ko‘maklashib turdilar.

Qurilish ishlari Bo‘z suv kanali yoqasida olib borilishi quruvchi-muhandislar oldiga ko‘p talablarni qo‘ydi. Avvalo, Bo‘z suv qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlarini amalga oshirish va 11 metrlik chuqur poydevor (fundament) qurilishi zarur edi. Bu ishlar eng tajribali va mirishkor mutahassilar tomonidan amalga oshirildi. Keyin teleminoraning har biri 93 metrlik uchta bir xil konussimon shakldagi tayanch ustunlari o‘rnatilgan.

Minora eng asl po‘lat qotishmalaridan yasalgan kovak konstrukciyalardan tashkil topgan va dastlab uning balandligi 358 metrni tashkil etishi kerak edi. Kovak konstruksiyalar teleminora vaznini kamaytirish maqsadida qo‘llangan. Fundamentlar tayyor bo‘lgandan so‘ng, qurilishning eng qiyin va murakkab ishlari, ya’ni po‘lat qurilmalarni ko‘tarib, montaj ishlari bajarilgan.

Teleminora o‘sha davrning eng noyob qurilmalaridan edi, chunki shu vaqtgacha Respublikada 358 metr balandlikdagi po‘lat inshoot mavjud bo‘lmagan, shuningdek bunday balandlikka ko‘tarib beradigan moslamalar ham mavjud emasdi va balandlikda payvand ishlarini olib boradigan mutahassislar ham yo‘q edi. Undan tashqari, Respublika rahbariyati tomonidan Toshkent shahrida tobora baland binolar qurilayotganligini e’tiborga olib, teleminora balandligini 375 metrga ko‘tarish to‘g‘risida ko‘rsatma berilgan.

Nihoyat, 1983-yilda teleminora po‘lat konstrukciyalari qurib bitkazildi va o‘sha yilning 23-fevral kuni minoraning eng baland nuqtasiga O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i o‘rnatildi. Endi minora quyida va tayanchlari ostida uchburchak shaklida (sovutgichlar, restoran oshxonasi, ma’muriyat xonalari, teleuzatkichlar zali, laboratoriyalar joylashishi kerak bo‘lgan ikki qavatli bino), 100-120 metr balandlikda tomosha maydonchasi, “Koinot” restoranining “moviy” va “qizil” zallari binolari, 200-220 metrda texnika binolari qurilishi va antenna qurilmalari montaji bajarildi.

Liftlarni Shveysariyaning “Shindler” tresti qurdi. Bu ishlar juda murakkab jarayon edi. Tasavvur qilib ko‘ring: balandlashib borayotgan po‘lat qurilma, unga chiqadigan na zinapoya, na muvozanat saqlaydigan tayanch yo‘qligi va 1983-84 yillarda ro‘y bergan qahraton qish va sovuq shamol esib turishi — ana shunday sharoitlarda minora quruvchilarining misli ko‘rilmagan qiyinchiliklarni yengib o‘tishiga va montaj ishlarini talab darajasida o‘tkazib, sifatini ta’minlashlariga to‘g‘ri kelgan. Bu ishlar asosan 1984-yil boshigacha deyarli yakunlandi.

1984-yil 25-dekabrda Xukumat Komissiyasi teleminorani qabul qilib olish bo‘yicha hujjatni imzoladi. Teleminora noyob ob’ekt bo‘lgani va quruvchilar ham bunday qurilishni birinchi marotaba amalga oshirganliklari uchun, Xukumat Komissiyasi yana bir yil davomida aniqlangan kamchiliklarni tuzatib turishga quruvchilarni mas’ul qildi.

Bu yil 35 yoshni qarshilayotgan Toshkent teleminorasi bugungi kunda poytaxtimizing ko‘rkiga-ko‘rk qo‘shib, savlat to‘kib turibdi.

Teleminora hozirda aholimizga televideniye va radiodasturlarni uzluksiz va sifatli ko‘rinishda uzatib berishda xizmat qilib kelmoqda. Albatta bunda, teleminorada mehnat qilgan va bugungi kunda faoliyat yuritayotgan xodimlarning ulkan hissasi borlgini e’tirof etib o‘tish lozim.

Teleminoraga sayyohlar uchun tomosha maydonchasiga ekskursiya uyushtirish va “Koinot” restorani xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, teleminoraga ekskursiya uchun yurtimiz va xorijdan ko‘plab sayyohlar tashrif buyurishadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan respublikada turizm salohiyatini rivojlantirish, turistlarga qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha belgilab berilgan vazifa va topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida, keyingi yillarda Toshkent teleminorasida sayyohlik imkoniyatlarini kengaytirish va turistlar uchun yanada qulayliklar yaratish borasidagi tegishli vazirlik va davlat idoralari bilan hamkorlikda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Dastlab, Toshkent teleminorasining tashqi qiyofasini zamonaviy ko‘rinishga keltirish maqsadida, Toshkent teleminorasiga illyuminatsion tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi. Bu esa poytaxtimizning tungi ko‘rinishiga yanada ko‘rk qo‘shdi desak, mobalag‘a bo‘lmaydi.

Shuningdek, teleminoraning kirish qismida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Teleminoraga tashrif buyuruvchilar uchun qulayliklar yaratish maqsadida, teleminoraga kirish-chiqish tartiblari takomillashtirildi. Jumladan, ilgari teleminoraning tomosha maydonchasi va “Koinot” restoraniga tashrif buyuruvchilarga o‘zlari bilan mobil qurilmalarni olib kirishlariga ruxsat etilmagan. Bugungi kunda ushbu tartib bekor qilingan bo‘lib, hozirda sayyohlarga teleminoraga ekskursiya jarayonida bemalol o‘z mobil qurilmalaridan foydalanish imkoniyatlari yaratilgan.

Shuningdek, avvallari Toshkent teleminorasining tomosha maydonchasi va restoraniga kirish uchun tashrif buyuruvchilardan shaxsni tasdiqlovchi xujjat talab etilar edi. Bu esa o‘z navbatida, tashrif buyuruvchilarning yonida zarur hujjatlari mavjud bo‘lmagan holatlarda ularga noqulayliklar tug‘dirar edi.

Bugungi kunda teleminoraga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari tizimlari joriy etilishi natijasida, 2019-yil 16-noyabrdan boshlab teleminoraga tashrif buyuruvchilardan shaxsni tasdiqlovchi hujjat so‘rash tartibi bekor qilindi. Endilikda tashrif buyuruvchilardan teleminoraga kirishlari uchun hech qanday shaxsni tasdiqlovchi hujjat talab etilmaydi.

Shu bilan birga, Toshkent teleminorasiga kirishda tashrif buyuruvchilarga yanada qulaylik yaratish maqsadida QR kodli tizim qurilmalari (ARM kassa qurilmasi, besh xil kategoriyadagi QR kodli chiptalarni chop etish qurilmasi va avtomatik tarzda hisobga olish qurilmasi) o‘rnatildi va ishga tushirildi.

Teleminoraga kirish qismida ma’lumotlar doskasi, yarim hajmli elementdan teleminora surati, 5 xildagi dunyoning mashxur shaharlari vaqtlarini ko‘rsatuvchi soatlar, ma’lumotlar stikeri hamda teleminoraga o‘tish yo‘lagida ko‘rsatkichli va yo‘naltiruvchi stikerlar joriy etildi.

“Yangi yil bayrami” munosabati Toshkent teleminorasida 2019-yilning 28-30 dekabr va 2020-yilning 2-8 yanvar kunlari 3 seansdan iborat bayram tadbirlarida tashkil etildi. Bayramda turli ko‘ngilochar tomoshalar, o‘yin-kulgilar va teatrlashgan sahna ko‘rinishlari tashrif buyurgan mehmonlar e’tiboriga havola etildi.

Toshkent teleminorasida turizm salohiyatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijasida, teleminoraga tashrif buyuruvchi sayyohlar oqimi tobora oshib bormoqda.

Ma’lumot uchun, Toshkent teleminorasiga tashrif buyuruvchilar uchun minoraning 100 metr balandligida “Tomosha maydonchasi” va 105 metr balandligida “Koinot” restoranining “Moviy” zali faoliyat yuritmoqda. Toshkent teleminorasiga sayohat uyushtirmoqchi bo‘lgan mahalliy va xorijiy turistlar har kuni soat 10:00 dan 20:00 ga qadar teleminoraga tashrif buyurishlari, ekskursiya uyushtirishlari va hordiq chiqarishlari mumkin.

Barcha yurtdoshlarimizni, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi xodimlariini Toshkent teleminorasining 35 yilligi munosabati bilan tabriklab, barchaga sog‘lik-salomatlik, respublikada kechayotgan ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy islohotlarni amalga oshirishdagi faoliyatlariga ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.

Поделиться