Poytaxtimizda ish boshlangan Birinchi Yevropa va Osiyo mamlakatlari isteʼmolchilar forumining birinchi kuni nihoyasiga yetdi.
Xalqaro isteʼmolchilar tashkiloti va Xalqaro isteʼmolchilar jamiyatlari konfederatsiyasining taklifiga binoan, nafaqat mintaqada, balki Yevropa va Osiyo qitʼalari hududida ilk bor tashkil etilgan mazkur nufuzli anjumanni oʻtkazish mamlakatimizga topshirilishi bejiz emas, albatta.
Oʻzbekiston 2018-yilda Xalqaro isteʼmolchilar tashkilotining toʻlaqonli aʼzoligiga qabul qilindi va tuzilma doirasidagi meʼyorlar toʻla-toʻkis bajarib kelinmoqda. Eng asosiysi, respublikamizda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida isteʼmolchilar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan yangi tashabbuslar ishlab chiqilayotgani, qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha faol ish olib borilayotgani Oʻzbekistonning ushbu yoʻnalishdagi xalqaro reytingi keskin koʻtarilishiga zamin yaratdi.
Forum davomida sohada roʻy berayotan yangiliklar, yuzaga chiqayotgan yangi turdagi ijtimoiy munosabatlar haqida maʼlumot almashildi, ushbu jarayonda isteʼmolchilarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan yangi gʻoya, takliflar oʻrtaga tashlandi. Nazariy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish yoʻllari muhokama qilindi.
Anjumanda Yevropa va Osiyoning yirik, isteʼmol bozorida yuqori mavqega ega, turizm, ishlab chiqarish va boshqa muhim sohalar rivojlangan davlatlari vakillari ishtirok etmoqda. Xususan, Oʻzbekiston iqtisodiyoti ham soʻnggi yillarda taraqqiyotning yangi bosqichiga oʻtdi. Mamlakatimizga sayyohlar oqimi yil sayin ortmoqda. Tabiiyki, bunday vaziyatda nainki mahalliy isteʼmolchilar, balki xorijiy mamlakatlardan tashrif buyurayotgan fuqarolarga ham sifatli xizmatlar koʻrsatish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish masalasi dolzarb ahamiyat kasb etadi. Shu maʼnoda forumda koʻtarilgan masalalarga yechim izlash, muammolarni bartaraf etish yoʻllarini qidirishdan Oʻzbekiston ham bevosita manfaatdor.
Xalqaro ekspertlar tomonidan forum dasturi uchun nafaqat respublikamiz, balki butun mintaqa uchun dolzarb boʻlgan mavzular tanlangan. Xususan, elektron tijorat tizimini joriy qilish bilan bogʻliq muammolarni hal etish, transchegaraviy murojaatlar va ularni koʻrib chiqishdagi yuzaga keladigan turli holatlar tahlili, ushbu jarayonlarning oʻziga xos xususiyatlari singari mavzularda yalpi majlislar oʻtkaziladi.
Forum yakuni boʻyicha Yevropa va Osiyo mamlakatlari isteʼmolchilariga murojaatnoma qabul qilinishi rejalashtirilgan. Mazkur tavsiyaviy xarakterga ega murojaatnoma asosida sohaning kelgusidagi istiqbolli rejalari belgilab olinadi.
16-17-yanvar kunlari “Birinchi Yevropa va Osiyo mamlakatlari isteʼmolchilar forumi” oʻz ishini Samarqandda davom ettiradi.
Gʻ.Xonnazarov, F.Abdurasulov (surat), OʻzA