O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Olimlarimiz Xitoy-O‘zbekiston forumida ishtirok etishdi
2020-01-15 | Fan
O‘zbekiston va Xitoy xalqlari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalarning ildizi “Buyuk ipak yo‘li” davridan boshlangan bo‘lib, bugungi kunda qadimiy aloqalar yanada keng quloch yoymoqda.
Xalqlarimiz farovonligini yaxshilashda maqsadlari va intilishlari bir bo‘lgan bu ikkala xalqning turli sohalarda erishayotgan yutuqlari Shanxay hamkorlik tashkilotining yig‘ilishlarida ham e’tirof etilmoqda. Keyingi paytlarda “Bir makon - bir yo‘l” dasturi doirasida olib borilayotgan ishlar hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga zamin yaratmoqda.
Xitoy Xalq Respublikasi Shandun Fanlar akademiyasi tomonidan Jinan shahridagi Avtomatlashtirish institutida tashkil qilingan va innovatsion g‘oyalarni amaliyotga joriy qilishga bag‘ishlangan Xitoy-O‘zbekiston forumida bir qator olimlarimiz ishtirok etishdi.
Qizg‘in muhokamalarga boy bo‘lgan Forumda ikkala tomon mutaxassislari ham bir-birlaridan o‘rganishlari kerak bo‘lgan ilmiy va amaliy jihatlarga alohida to‘xtalib, hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab olishdi.
Forum yakunida Shandun Fanlar akademiyasi Jinan bo‘limining Avtomatlashtirish instituti bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti o‘rtasida qo‘shma laboratoriya tashkil qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi. Ushbu qo‘shma laboratoriyani O‘zR FA Mexanika va inshoatlar seysmik mustahkamligi instituti negizida tashkil etish rejalashtirilgan.