O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Atrof muhit ifloslanishi monitoringini yanada takomillashtirish” mavzusida brifing o‘tkazildi
2020-01-15 | Ekologiya
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan tashkil etildi.
Brifingda tegishli vazirlik va idoralar vakillari bilan bir qatorda O‘zgidromet mutaxassislari ham ishtirok etdi.
Ishtirokchilarga bugungi kunda atrof tabiiy muhit monitoringi tizimini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, xususan, Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida atrof tabiiy muhitning davlat monitoringi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” 2019-yil 5-sentabrdagi 737-son qarorining bajarilishi to‘g‘risida ma’lumot berildi. Ushbu qaror atrof tabiiy muhitning davlat monitoringi tizimini takomillashtirish va samaradorligini oshirish hamda salbiy ta’sir yuzaga kelishini prognozlashtirish yo‘li bilan uning oldini olish, shuningdek, tabiiy resurslardan foydalanilishini tizimli ravishda kuzatish, atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish sohasida davlat nazorati yuritilishini baholash, axborot bilan ta’minlash, tabiiy resurslardan maqsadli va oqilona foydalanish maqsadida qabul qilingan.
Mazkur qaror bilan 2021-yil 1-yanvardan atrof tabiiy muhit davlat monitoringi tizimining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasining to‘liq faoliyat ko‘rsatishi belgilangani aytib o‘tildi.
Bundan tashqari davlat organlarining xo‘jalik sub’ektlari faoliyatiga aralashuvini kamaytirish maqsadida ushbu hujjat bilan 2021-yil 1-yanvardan boshlab atrof tabiiy muhitga ta’sir qilish xavfi yuqori bo‘lgan yangi ishga tushiriladigan xo‘jalik sub’ektlarining atmosfera havosini ifloslantirish manbalarida namunalarni olish va tahlil qilish bo‘yicha avtomatik stansiyalar, shuningdek, ularga tutash hududlarda statsionar kuzatish punktlari (postlari) majburiy tartibda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar mablag‘lari hisobidan o‘rnatilishi belgilab qo‘yilgan.
Brifingda asosiy e’tibor atrof muhitga ko‘p salbiy ta’sir ko‘rsatadigan sement sanoati korxonalarining tashlamalari monitoringi masalasiga qaratildi.
“Davlat ekologiya qo‘mitasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda O‘zgidromet markazining hududiy bo‘linmalari bilan hamkorlikda 2019-yil oktabr oyida 13 ta sement ishlab chiqarish korxonalariga tutash hududlar atrofidan atmosfera havosiga tashlanayotgan zararli tashlamalar bo‘yicha namunalar olinib, tahlillar o‘tkazildi.
Olingan tahlillarga ko‘ra 5 ta korxonaga tutash hududlar atrofidagi atmosfera havosida ifloslantiruvchi moddalar (chang) miqdori ruxsat etilgan me’yordan yuqoriligi aniqlandi” — deyiladi brifing press-relizida.
So‘zga chiqqanlar OAV xodimlarini shunindek atrof tabiiy muhit davlat monitoringi tizimi sohasida rejalashtirilayotgan tadbirlar bilan tanishtirdilar. Bular respublika hududlarida atmosfera havosini ifloslantirish manbalaridan avtomatik ravishda namunalarni olish postlari tizimini yaratish; tegishli vazirlik, idoralar hamda xo‘jalik sub’ektlarining monitoring natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ishning zamonaviy axborot tizimini ishlab chiqish va tadbiq etish; atrof muhit holati va kutilayotgan ekologik xavflar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning ochiqligi hamda shaffofligini ta’minlash maqsadida respublikaning elektron ekologik kartasini yaratish va boshqalar.
Tadbir yakunida Davlat ekologiya qo‘mitasi va O‘zgidromet mutaxassislari jurnalistlarning savollariga javob berdilar.