O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Muhtasham “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyi maydonida vatanparvarlik festivali o‘tkazildi
2020-01-12 | Xavfsizlik sohasi
«Xalqlar do‘stligi» san’at saroyining old maydoni – poytaxtimizning aholi gavjum nuqtalaridan biri. Shu kunlarda bu ko‘chaga yo‘lingiz tushsa, o‘zingizni xuddi harbiy shaharchaga tushib qolgandek his etishingiz tayin. «Xalqlar do‘stligi» metro bekati tomondan kelar ekansiz, ikki yonda jangovar texnika va qurol-aslahalarni tomosha qilmay o‘tib ketolmaysiz.
Muhtasham san’at saroyi eshigining shundoqqina oldida esa bayramning badiiy sahnasi o‘rnatilgan. Xushovoz xonandalar, taniqli san’atkorlar ijrosidagi konsert dasturi ana shu yerda yangraydi. Ayniqsa, Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli va Mudofaa vazirligi markaziy harbiy orkestrining badiiy chiqishlari ko‘ngil tubidagi insoniy tuyg‘ularni yanada jo‘sh urdiradi.
Suhandon dastur orasida ona Vatan, harbiy-vatanparvarlik ruhidagi she’rlardan yod aytish uchun jajji bolajonlarni sahnaga taklif etadi. Shuningdek, Vatan himoyachilarini kasb bayrami munosabati bilan ezgu tabriklar ila qutlash imkoniyati yaratilgan. Umuman, ushbu maydonda tanigan-tanimaganlar o‘zaro bir-birini bayram bilan muborakbod etadi. Bu kayfiyat, shodu xurramlik tadbir shioriga ham mos va xos: «Vatanparvarlik – milliy yuksalish kafolati!»
Mudofaa va Madaniyat vazirligi hamda Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida tashkil etilgan tantanali tadbir yurtdoshlarimizga bayramona kayfiyat bag‘ishlab, ularning ko‘nglida bugungi tinch va osuda hayotimizga shukronalik hissini uyg‘otdi.
Dilshod RO‘ZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti