O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Muftiy Usmonxon Alimovga “El-yurt hurmati” ordeni topshirildi

2020-01-06 | Siyosat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimovni qabul qilib, uning 70 yillik tavallud ayyomi bilan samimiy tabrikladi.

Davlatimiz rahbari Usmonxon Alimovning milliy va diniy qadriyatlarni tiklash, asrab-avaylash, buyuk allomalar, mutafakkirlarning boy ilmiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish hamda jamiyatda diniy bag‘rikenglikni mustahkamlashga bag‘ishlangan faoliyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi rahbari nafaqat yurtimiz va Markaziy Osiyoda, balki dunyo miqyosida tan olingan nufuzli ulamolardan biri ekani, uning Islom olami uyushmasi ta’sis majlisi hamda Butun dunyo ulamolar kengashi a’zosi etib saylangani, “Dunyoning eng nufuzli 500 musulmoni” ro‘yxatidan munosib o‘rin egallagani butun O‘zbekiston xalqiga ulkan faxr bag‘ishlashi ta’kidlandi.

“Biz muftiy hazratlarini Islom ma’rifatining tolmas targ‘ibotchisi sifatida bilamiz va qadrlaymiz. “Tafsiri Irfon”, “Imom Buxoriy - muhaddislar sultoni”, “Oilada farzand tarbiyasi” kabi asarlaringiz xalqimiz qalbidan chuqur joy olgan”, - dedi davlatimiz rahbari.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Musulmonlar idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimovning mamlakatimizda Islom madaniyati va ilm-fanini rivojlantirish, muqaddas dinimizning insonparvarlik mohiyati va ezgu g‘oyalarini, ulug‘ alloma va mutafakkirlarimizning bebaho ilmiy merosini tadqiq etish va xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish ishlariga qo‘shgan munosib hissasi, jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, millatlararo totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash borasidagi katta xizmatlari, diniy va dunyoviy bilimlarni puxta egallagan yetuk mutaxassislarni tayyorlash, yosh avlodni ona Vatanga muhabbat, bag‘rikenglik va milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash yo‘lidagi ibratli faoliyatining yuksak e’tirof ramzi sifatida unga “El-yurt hurmati” ordenini topshirdi.

Muftiy Usmonxon Alimov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga yuksak mukofot uchun tashakkur bildirib, so‘nggi yillarda jamiyat hayotining barcha jabhalari qatori diniy-ma’rifiy sohada ham ulkan islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Muqaddas Islom dinini o‘rganish, ajdodlar merosini qayta tiklash va ularni kelajak avlodlarga yetkazish bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarda bor kuch-g‘ayratini safarbar qilishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuvda mamlakatimizdagi ijtimoiy-ma’naviy muhitning barqarorligini ta’minlash, yosh avlodni insonparvarlik, bag‘rikenglik, tinchlik va hamjihatlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan targ‘ibot ishlarida O‘zbekiston musulmonlari idorasi va diniy soha vakillari faol ishtirok etishni o‘z burchi deb bilishi ma’lum qilindi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan buyuk ajdodlarga munosib vorislarni tayyorlash, yurtimizda diniy ta’lim tizimini takomillashtirish, Islom dinining asl mohiyatini va insoniyatni ezgulikka eltuvchi din ekanligini ilmiy asoslangan holda teran o‘rganish hamda targ‘ib etishga qaratilgan tizimli islohotlar amalga oshirilayotgani xalqimiz va xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak e’tirofga sazovor bo‘layotgani alohida ta’kidlandi.

Поделиться