O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Lombardiya mintaqasi rahbariyati, yetakchi kompaniya, uyushma va ta’lim muassasalari vakillari bilan qator muzokaralar bo‘lib o‘tdi
2019-12-30 | Iqtisodiyot
Joriy yil 10-14-dekabr kunlari vazir o‘rinbosari Sh.Vafayev boshchiligidagi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi delegatsiyasi Italiyaning Milan va Rim shaharlariga tashrif buyurib, Lombardiya mintaqasi rahbariyati, yetakchi kompaniya, uyushma va ta’lim muassasalari vakillari bilan bir qator muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuvlar davomida Italiya ishbilarmon doiralarining O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi, energetika, farmatsevtika, turizm va ta’lim kabi ustuvor sohalarda ish yuritishga katta qiziqishi qayd etildi.
Milanda bo‘lib o‘tgan Lombardiya viloyati gubernatori o‘rinbosari F. Sala bilan uchrashuv eng muhim bo‘lib, unda Italiyaga oliy darajadagi tashrif doirasida tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Xususan, 2020-yilning bahorida mintaqadagi yirik kompaniyalar vakillarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish, shuningdek, Italiyaning Milan shahrida doimiy faoliyat ko‘rsatadigan o‘zbek mahsulotlarining ko‘rgazma xonasi va B2B uchrashuvlari va boshqa biznes-tadbirlarni o‘tkazish uchun maydoni bor O‘zbekiston savdo uyini tashkil etishda Italiya tomonining amaliy yordam ko‘rsatishi haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, Italiya tashqi ishlar vazirligi huzuridagi xalqaro hamkorlik Agentligi Bosh direktori J. Marrapodi bilan ham muloqot bo‘lib o‘tdi. Dj. Marrapodi Markaziy Osiyoda mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlikni jadallashtirish jarayonlarida Italiya tomonidan texnik yordam ko‘rsatish orqali idoralararo hamkorlikni mustahkamlash uchun salohiyatni borligini qayd etdi. Ushbu maqsadda, Agentlik rahbari aniq harakatlar dasturini ishlab chiqish uchun O‘zbekistonga tashrif buyuradi.
Bir qator yirik Italiya kompaniyalari va sanoat birlashmalari rahbarlari bilan konstruktiv muzokaralar o‘tkazildi. «Fiera Milano» ko‘rgazma markazi direktori F. Churchi bilan 2020-yilda «Made in Uzbekistan» ko‘rgazmasini va O‘zbekiston-Italiya biznes-forumini tashkil etish bilan bog‘liq masalalar, Italiya sanoati umumjahon konfederatsiyasi («Konfindustriya») mintaqaviy prezidenti E. Ferling bilan ikki mamlakat ishlab chiqaruvchilarining sanoat va texnik sherikligini yo‘lga qo‘yish uchun doimiy maydon yaratish maqsadida O‘zbekistonda «Konfindustrii» mintaqaviy ofisini ochish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Tashrifning muhim amaliy natijasi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, sog‘liqni saqlash Vazirligi, Toshkent shahar hokimligi va «Kedrion Biopharma» kompaniyasi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunida qon quyish shahobchalarini qayta qurish va O‘zbekistonda 25 million yevro qiymatidagi qon plazmasi ishlab chiqaradigan zavod qurish loyihasini amalga oshirish doirasida o‘zaro anglashinuv memorandumi imzolandi.
Bundan tashqari, «Pietro Fiorentini», «Saipem», «Red Fish Capital», «Toscana Nastri», «Famekanika», «Omnia Onlus Fondzioni» kabi 30 dan ortiq Italiya kompaniyalari rahbariyati bilan alohida uchrashuvlar chog‘ida amalga oshirilayotgan loyihalar va yangi loyihalarni ishga tushirish imkoniyatlari bo‘yicha dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Ta’lim sohasida ham muayyan yutuqlarga erishildi - Italiyaning eng qadimgi ta’lim muassasasidan biri Piza Universiteti prorektori F. Markelloni bilan muzokaralarda bilan muzokaralar chog‘ida soha yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash uchun O‘zbekistonda universitet filialini tashkil etish istiqbollari ishlab chiqildi.