O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
SHHT kuzatuvchilari Oʻzbekistonda saylovlar muvaffaqiyatli oʻtganini eʼtirof etdi
2019-12-24 | Saylov
Xalqaro matbuot markazida mamlakatimizda boʻlib oʻtgan parlament saylovlarini kuzatish uchun yurtimizga tashrif buyurgan SHHT missiyasi vakillari ishtirokida press-brifing boʻlib oʻtdi.
SHHT Bosh kotibi oʻrinbosari, SHHT kuzatuvchilari rahbari Se Syaoyun missiya 15 yildan beri faoliyat yuritayotgani, Oʻzbekistonda faoliyat olib borgan guruh tarkibida Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya, Xitoy, Pokiston, Tojikiston kabi davlatlardan 20 nafar kuzatuvchi borligini taʼkidladi.
Oʻzbekistonga 2019-yil 16-dekabr kuni kelgan SHHT missiyasi aʼzolari saylov kuniga qadar saylovga tayyorgarlik jarayoni bilan tanishdi. Oʻzbekistonda saylovni demokratik tarzda oʻtkazish maqsadida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qator ijobiy ishlar amalga oshirilgani, xususan, saylov uchastkalarida saylovchilar uchun barcha sharoit yaratilgani, xalqaro standartlarga muvofiq keladigan, saylovga oid bir necha qonunlarni birlashtirgan Saylov kodeksi qabul qilingani eʼtirof etildi.
SHHT missiyasi aʼzolari Toshkent, Fargʻona, Namangan, Andijon, Samarqand, Buxoro viloyatlaridagi saylov uchastkalarida boʻlib, tayyorgarlik jarayoni va saylovning borishini bevosita kuzatgan.
Imkoniyati cheklangan shaxslarning saylovda ishtirok etishi uchun qulay sharoitlar hozirlangani, muddatidan oldin ovoz berish imkoniyatlari yaratilgani ham xorijiy kuzatuvchilar diqqatini tortdi.
Aholi saylovlarda faol ishtirok etdi. Kuzatuvchilar saylovdan oldin ham, saylov kuni ham fuqarolar hech qanday eʼtiroz, shikoyat bildirmaganini qayd etdi.
Uchrashuv soʻnggida SHHT mutasaddi vakili Oʻzbekistonda saylovlar shaffof, demokratik tarzda muvaffaqiyatli oʻtgani bilan xalqimizni tabrikladi.