Yangi Oʻzbekistonning yangi saylovlarida ovoz berish huquqiga ega boʻlgan 13 milliondan ziyod yurtdoshimiz ishtirok etdi
Toshkent shahrida joylashgan Xalqaro matbuot markazi bugun kun davomida saylovning eng qaynoq markaziga aylandi.
“Yangi Oʻzbekiston. Yangi saylovlar!” shiori ostida oʻtgan saylov jarayonlari bilan bogʻliq eng soʻnggi yangiliklar markaz minbarida yangradi. Muhimi, har bir yangilik teleradiokanallar, ijtimoiy tarmoqlar orqali onlayn translyatsiya qilib borildi. Internet saytlar orqali onlayn axborotlar uzatib borildi.
Har soatda matbuot anjumani, brifinglar orqali nafaqat yangiliklar, balki saylov bilan bogʻliq turli masalalar, qonunbuzarlik holatlari, qonuniylikni taʼminlash boʻyicha qilingan ishlar boʻyicha tegishli idora va tashkilotlar rahbarlar tomonidan maʼlumotlar berib borildi.
Markazda nafaqat maʼlumotlar taqdim etish, balki ularni ommaviy axborot vositalariga tayyorlab uzatish boʻyicha barcha zarur shart-sharoitlar taʼminlandi.
Markazda soat 21.00da yakuniy matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov 2019-yil 22-dekabr kuni 20.00 da Oʻzbekistonda saylovda ovoz berish yakuniga yetganini maʼlum qildi.
Saylovda 18 million 797 ming 810 nafaridan 13 million 355 ming 911 nafari (71,1 foizi) ishtirok etgan.
Saylov kodeksiga muvofiq saylovda 33 foiz saylovchi ishtirok etsa, saylov boʻlib oʻtgan hisoblanadi. Shu jihatdan mamlakatimizda saylov muvaffaqiyatli boʻlib oʻtdi.
Eng muhimi, saylov demokratik talablar asosida, ochiq, oshkora oʻtkazildi va xalqaro kuzatuvchilar tomonidan koʻp bor eʼtirof etildi.
Norgul Abduraimova, OʻzA