O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Endi mehnat daftarchasi va mehnat shartnomasi elektron shaklda to‘ldiriladi
2019-12-20 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 31-oktyabrdagi «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida PQ-4502-sonli qarorida 2020-yil 1-yanvardan «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksini joriy etish belgilangan.
Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksini boshqarish direksiyasi tashkil etilib, malakali mutaxassislar ishga jalb qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-dekabrdagi 971-sonli «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksi joriy qilinishini va uning ishlashini ta'minlashga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida» qarori talablariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan Direksiya negizida vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning mas’ul xodimlari uchun «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksidan foydalanishni o‘rgatish bo‘yicha seminar-treninglar tashkil etib kelinmoqda.
Xususan, tashkil etilgan seminar-treninglarda qariyb 1,2 million nafar ishchi xodimiga ega bo‘lgan 144 ta vazirlik, idora, tijorat banklari hamda boshqa tashkilotlarning xodimlar bilan ishlash masalasi va axborotlashtirish (ATM) bo‘yicha ma’sul rahbar xodimlari ishtirok etishdi.
Bundan tashqari, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi, Qurilish vazirligi, Moliya vazirligi, O‘zbekgidroenergo” AJ, “O‘zkimyosanoat” AJ, “O‘zbekneftgaz”AJ, “Discover invest” MChJning tashabbusiga asosan Direksiya tomonidan joylardagi xodimlar bilan ishlash masalasi bo‘yicha mas'ul rahbar xodimlariga «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksidan foydalanish ko‘nikmalarini o‘rgatish yuzasidan seminar-treninglar tashkil etildi va bu ishlar davom etmoqda.
Shuningdek, mazkur Direksiya tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar bandlik Bosh boshqarmalarda tashkil etilgan mehnat standartlari va mehnatga haq to‘lash bo‘limlariga qabul qilingan barcha nomzod xodimlar uchun «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksi bilan ishlash bo‘yicha o‘quv-seminar mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Hozirda Vazirlikning hududiy boshqarmalari mas'ul hodimlari ham «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksidan foydalanish ko‘nikmalarini o‘rgatish yuzasidan joylardagi xo‘jalik yurituvchi sub'ektlarga seminar-treninglar o‘tkazilmoqda.
«Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarorning 3-bandiga muvofiq 2020 yil 1 yanvardan boshlab yangi mehnat shartnomalarini tuzish, amaldagi mehnat shartnomalariga o‘zgartirish kiritish, shuningdek, ularni tugatish holatlarini «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksida majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi joriy etiladi. Bunda 2020 yil 1 yanvarga qadar tuzilgan amaldagi mehnat shartnomalari 2020-yil 1-sentyabrdan kechiktirmasdan «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksida ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart. Mehnat shartnomalarini «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksida ro‘yxatdan o‘tkazish belgilangan tartibda ish beruvchi tomonidan amalga oshiriladi.
2020-yil 1-yanvardan boshlab, ro‘yxatdan o‘tkaziladigan mehnat shartnomalaridagi ma'lumotlar asosida «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksida avtomatik tarzda shakllantiriladigan xodimning mehnat faoliyati to‘g‘risidagi ma'lumotlarni o‘z ichiga oluvchi elektron mehnat daftari joriy etiladi.
«Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksi quyidagi imkoniyatlarni beradi:
– Mehnat shartnomalarini elektron shaklda ro‘yxatdan o‘tkazish (o‘zgartirishlar kiritish, mehnat shartnomalarini bekor qilish);
– Ish beruvchilar tarkibi (shtat jadvali) bo‘yicha elektron ma'lumotlar bazasini yaratish;
– Elektron mehnat daftarchasida fuqarolarning mehnat faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yaratish;
– Xodimlarning miqdoriy va sifat tarkibi, bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida obyektiv, oshkora ma’lumotlarni yaratish.
Mehnat munosabatlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksidan foydalanish tashkiliy-huquqiy shakli va idoraviy bo‘ysunishidan qat'i nazar, barcha ish beruvchilar uchun majburiydir.
«Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksidan foydalanish barcha yuridik va jismoniy shaxslar uchun bepuldir.