O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yuqori tozalikda akonitin alkaloidi ishlab chiqarilmoqda
2019-12-11 | Fan
So‘nggi yillarda ko‘p ilmiy izlanishlar yurak qon-tomir kasalliklarini davolash va yangi dori vositalari yaratishga qaratilmoqda.
Ushbu dori vositalarini yaratishda, farmako-toksikologik ilmiy-tadqiqot izlanishlarini olib borishda va klinik oldi sinovlarini o‘tkazishda laboratoriya hayvonlarida yurak qon-tomir xastaliklari patalogiyalarini, eksperimental modellarini yaratishda ko‘plab preparatlar ishlatiladi. Shular qatorida laboratoriya hayvonlarida xastalik modellarini yaratishda akonitin alkaloidini alohida o‘rni bor.
Dunyoda ko‘plab kompaniyalar (Sigma-Aldrich, Merck, Latoxan va boshqalar) har xil o‘simlik xomashyolaridan turli tozaliklarda (70-95%) akonitin alkaloidini ishlab chiqaradi va sotadi.
Eksperimental hayvonlarda akonitin orqali aritmiya chaqirilganda akonitining tozalik darajasi muhim ahamiyatga ega va aritmiyaga qarshi klinik oldi tadqiqotlarning natijalarini to‘la tahlil qilish imkonini yaratadi.
Shu talablardan kelib chiqib O‘zR FA O‘simlik moddalari kimyosi instituti tajriba-texnologiya laboratoriyasi kichik ilmiy xodimi O.Jurayev tomonidan olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida akonitin alkaloidini yuqori tozalikda (98,5-100%) sanoat ishlab chiqarish texnologiyasini yaratishga muvaffaq bo‘lindi. Bajarilgan ilmiy-tadqiqotlar natijasida dunyoda birinchi marta yuqori tozalikdagi (98,5-100%) akonitin alkaloidini o‘simlik xom-ashyosidan ekologik toza, iqtisodiy samarador texnologiyasi yaratilgan va ushbu ishlanmaga O‘zbekiston Respublikasi Intelektual mulk agentligi tomonidan patent berilgan.
Yosh tadqiqotchi O.Jurayev boshchiligida Institut tajriba ishlab chiqarish korxonasida yuqori tozalikdagi akonitin alkaloidini ishlab chiqarish qurilmasi yaratilgan va ishga tushirilib, mahsulotning seriyali ravishda ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan. Hozirda tozalik darajasi 99-100% bo‘lgan “Akonitin” alkaloidi Fransiyaning “LATOXAN” firmasiga eksport qilinmoqda.