O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida
2019-12-11 | Hujjatlar
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
(yangi tahriri)
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining (bundan buyon matnda Vazirlar Mahkamasi deb yuritiladi) faoliyatini tartibga solishdan iborat.
2-modda. Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
3-modda. Vazirlar Mahkamasining maqomi
Vazirlar Mahkamasi – Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati ijro etuvchi hokimiyatning oliy organi boʻlib, iqtisodiyot, ijtimoiy va maʼnaviy sohalarning samarali faoliyat koʻrsatishiga rahbarlik qilishni, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini taʼminlaydi.
Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasida ijro etuvchi hokimiyatning yagona tizimiga rahbarlik qiladigan kollegial organdir.
4-modda. Vazirlar Mahkamasi faoliyatining asosiy prinsiplari
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi, inson hamda fuqaroning huquqlari va erkinliklarini taʼminlash, kollegiallik, hokimiyat tarmoqlarining boʻlinishi va hamkorligi, shuningdek ochiqlik va shaffoflik Vazirlar Mahkamasi faoliyatining asosiy prinsiplaridir.
2-bob. Vazirlar Mahkamasining tarkibi va uni shakllantirish tartibi
5-modda. Vazirlar Mahkamasining tarkibi
Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining aʼzolari – Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziridan (bundan buyon matnda Bosh vazir deb yuritiladi), uning oʻrinbosarlaridan, vazirlardan, davlat qoʻmitalari raislaridan iboratdir. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Vazirlar Mahkamasi tarkibiga oʻz lavozimi boʻyicha kiradi.
6-modda. Vazirlar Mahkamasini shakllantirish tartibi
Bosh vazir nomzodi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) saylovda eng koʻp deputatlik oʻrinlarini olgan siyosiy partiya yoki teng miqdordagi eng koʻp deputatlik oʻrinlarini qoʻlga kiritgan bir necha siyosiy partiya tomonidan taklif etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazir lavozimiga taqdim etilgan nomzodni koʻrib chiqqanidan keyin oʻn kunlik muddatda uni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining koʻrib chiqishi va tasdiqlashi uchun taklif etadi.
Bosh vazir lavozimiga nomzod Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisida uning nomzodi koʻrib chiqilayotgan va tasdiqlanayotganda Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga moʻljallangan harakatlar dasturini taqdim etadi.
Bosh vazir nomzodi, agar uni yoqlab tegishincha Qonunchilik palatasi deputatlari va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati (bundan buyon matnda Senat deb yuritiladi) aʼzolari umumiy sonining yarmidan koʻpi ovoz bersa, tasdiqlangan hisoblanadi.
Agar ovoz berish chogʻida Bosh vazir nomzodi Qonunchilik palatasida yoki Senatda Qonunchilik palatasi deputatlari yoki Senat aʼzolari umumiy sonining koʻpchilik ovozini ololmasa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Qonunchilik palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan qoʻshimcha maslahatlashuvlar oʻtkazganidan keyin Bosh vazir lavozimiga nomzodni yana bir marta taqdim etish huquqiga ega.
Vazirlar Mahkamasi aʼzolari Bosh vazirning Qonunchilik palatasi maʼqullaganidan keyin kiritilgan taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Vazirlar Mahkamasi aʼzoligiga nomzod Qonunchilik palatasidagi masʼul qoʻmita, siyosiy partiyalar fraksiyalari va deputatlar guruhlari tomonidan dastlabki tarzda koʻrib chiqilganidan keyin Qonunchilik palatasining majlisida koʻrib chiqiladi va maʼqullanadi.
Vazirlar Mahkamasi aʼzosi lavozimiga nomzod uning nomzodini Qonunchilik palatasida koʻrib chiqish va maʼqullash chogʻida Vazirlar Mahkamasining harakatlar dasturi bilan oʻzaro bogʻliq boʻlgan, istiqbolga moʻljallangan maqsadli koʻrsatkichlar va vazifalarga erishish borasidagi huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi harakatlar rejasini taqdim etadi.
Qonunchilik palatasi Vazirlar Mahkamasi aʼzoligiga nomzodni rad etgan taqdirda, Bosh vazir koʻrib chiqish va maʼqullash uchun yangi nomzodni kiritadi.
Vazirlar Mahkamasining aʼzosi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanganidan keyin oʻz vazifalarini bajarishga kirishadi.
Bosh vazir va Qonunchilik palatasi oʻrtasida doimiy ziddiyatlar yuzaga kelgan taqdirda, Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida uchdan bir qismi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga rasman kiritilgan taklif boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qoʻshma majlisi muhokamasiga Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirish haqidagi masala kiritiladi.
Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi tegishincha Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat aʼzolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ovoz bergan taqdirda qabul qilingan hisoblanadi. Bunday holda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazirni lavozimidan ozod etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Bunda Vazirlar Mahkamasining butun tarkibi Bosh vazir bilan birga isteʼfoga chiqadi.
Yangi Bosh vazir nomzodi Qonunchilik palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan tegishli maslahatlashuvlar oʻtkazilganidan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalariga koʻrib chiqish va tasdiqlashga taqdim qilish uchun taklif etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan Bosh vazir lavozimiga nomzod ikki marta rad etilgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazir vazifasini bajaruvchini tayinlaydi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisini tarqatib yuboradi.
Amaldagi Vazirlar Mahkamasi yangi saylangan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi oldida oʻz vakolatlarini zimmasidan soqit qiladi, biroq Vazirlar Mahkamasining yangi tarkibi shakllantirilguniga qadar mamlakat Prezidentining qaroriga muvofiq oʻz faoliyatini davom ettirib turadi.
Vazirlar Mahkamasining oʻz vakolatlarini zimmasidan soqit qilishi yangi shakllantirilgan Senatning birinchi majlisi oʻtkazilgan kunda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalariga Bosh vazir tomonidan yozma murojaat berish orqali amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari oʻzining majlislarida Vazirlar Mahkamasining oʻz vakolatlarini zimmasidan soqit qilishi toʻgʻrisidagi tegishli qarorlarni qabul qiladi.
7-modda. Bosh vazirni lavozimidan ozod etish
Bosh vazir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan quyidagi hollarda lavozimidan ozod etiladi:
Bosh vazirning isteʼfoga chiqish toʻgʻrisidagi arizasiga binoan;
Bosh vazir oʻz vakolatlarini bajarishi mumkin boʻlmay qolgan taqdirda;
Vazirlar Mahkamasi tarkibida uning normal faoliyat koʻrsatishiga tahdid soluvchi, bartaraf etib boʻlmaydigan ixtiloflar yuzaga kelganda, shuningdek Vazirlar Mahkamasi tomonidan bir necha bor Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga zid qarorlar qabul qilingan taqdirda;
Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti koʻrib chiqishi uchun taqdim etgan tashabbusiga binoan. Agar zarur asoslarga ega boʻlgan bunday tashabbus Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalarning yetakchi fraksiyalari tomonidan qoʻllab-quvvatlansa hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Qonunchilik palatasida va Senatda ovozga qoʻyilganda tegishincha Qonunchilik palatasi deputatlari hamda Senat aʼzolari umumiy sonining uchdan ikki qismidan koʻprogʻining ovozini olsa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazirni lavozimidan ozod etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
Bosh vazirga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan qabul qilingan ishonchsizlik votumi bildirilgan taqdirda.
Bosh vazirning lavozimidan ozod etilishi bir vaqtning oʻzida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining isteʼfoga chiqishiga sabab boʻladi.
3-bob. Vazirlar Mahkamasining vakolatlari
8-modda. Vazirlar Mahkamasining umumiy vakolatlari
Vazirlar Mahkamasi:
samarali iqtisodiy, ijtimoiy, moliyaviy, pul-kredit siyosati yuritilishi, ilm-fan, madaniyat, taʼlim, sogʻliqni saqlashni hamda iqtisodiyotning va ijtimoiy sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha dasturlarning ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishi uchun javobgar boʻladi;
fuqarolarning iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir choralarni amalga oshiradi;
vazirliklar, davlat qoʻmitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari ishini muvofiqlashtiradi hamda yoʻnaltiradi, ularning faoliyati ustidan nazoratni taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan har yilgi maʼruzalarni taqdim etadi;
davlat boshqaruvi tuzilmasini takomillashtirish toʻgʻrisida, vazirliklarni, davlat qoʻmitalarini, idoralarni va boshqa davlat boshqaruvi organlarini tuzish, qayta tashkil etish hamda tugatish haqida takliflar ishlab chiqadi;
strategik rejalashtirishning zamonaviy shakllari davlat boshqaruvi tizimiga joriy etilishini taʼminlaydi;
mamlakatni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning eng muhim hamda ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha yaqin, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan strategiyalar, konsepsiyalar, dasturlar hamda “yoʻl xaritalari”ni amalga oshirish yuzasidan choralar koʻradi.
Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida, ushbu Qonunda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
9-modda. Vazirlar Mahkamasining iqtisodiyot sohasidagi vakolatlari
Vazirlar Mahkamasi:
iqtisodiyot sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini va industrial siyosat olib borilishini taʼminlaydi;
barqaror iqtisodiy oʻsishni, makroiqtisodiy mutanosiblikni taʼminlash, iqtisodiyotni isloh etish va tarkibiy oʻzgartirish, milliy iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish hamda uning raqobatbardoshligini oshirish boʻyicha choralar koʻradi;
iqtisodiyotni boshqarishning bozor mexanizmlari joriy etilishini va uning asosiy tarmoqlarini rivojlantirish strategiyalari shakllantirilishini taʼminlaydi;
sanoatni modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni, yuqori texnologiyali qayta ishlash tarmoqlarini jadal rivojlantirishni, innovatsion ishlanmalarni va energiya tejaydigan texnologiyalarni ishlab chiqarishga keng joriy etishni, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirishni, shuningdek atom energetikasini rivojlantirishni taʼminlaydi;
iqtisodiyot tarmoqlarini strategik jihatdan rivojlantirish davlat dasturlarini, davlat rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqadi va ularning amalga oshirilishini taʼminlaydi;
turizm industriyasini rivojlantirish va turizm infratuzilmasini kengaytirish uchun shart-sharoitlar yaratadi;
erkin iqtisodiy zonalar, texnoparklar, kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirishni va monitoring qilishni amalga oshiradi, ularning faoliyati samaradorligini oshirish choralarini koʻradi;
davlat boshqaruvi usullarini takomillashtiradi, shu jumladan elektron hukumat prinsiplari asosida takomillashtiradi, bozor prinsiplariga asoslangan xoʻjalik boshqaruvi hamda korporativ boshqaruvning zamonaviy prinsiplari va usullari joriy etilishini ragʻbatlantiradi;
qishloq xoʻjaligini boshqarish tizimini takomillashtirish, agrar sektorni modernizatsiya qilish hamda jadal rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, resurslarni tejovchi va intensiv zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, yer resurslari sifatini saqlash va yaxshilash hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish choralarini koʻradi;
urbanizatsiya jarayonlarining davlat tomonidan tartibga solinishini va davlat uy-joy siyosati amalga oshirilishini, yer uchastkalariga nisbatan zamonaviy bozor mexanizmlari joriy etilishini taʼminlaydi;
erkin tadbirkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, “xufiyona” iqtisodiyot ulushini qisqartirish, iqtisodiy jarayonlarda davlatning ishtirokini maqbullashtirish uchun shart-sharoitlar yaratadi, shu jumladan litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish hamda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish orqali shart-sharoitlar yaratadi;
tadbirkorlar, shu jumladan chet ellik investorlar murojaatlari bilan ishlash, ular bilan ochiq va toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni taʼminlash boʻyicha samarali tizimni joriy etish choralarini koʻradi.
10-modda. Vazirlar Mahkamasining byudjet, moliya, pul-kredit siyosatini amalga oshirish sohasidagi vakolatlari
Vazirlar Mahkamasi:
byudjet, moliya, pul-kredit siyosati sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti (bundan buyon matnda Davlat byudjeti deb yuritiladi) va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlari, respublikani iqtisodiy hamda ijtimoiy rivojlantirish prognozlarini va eng muhim dasturlarini inobatga olgan holda soliq hamda byudjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari ishlab chiqilishini va bajarilishini tashkil etadi;
xarajatlarning ijtimoiy yoʻnaltirilganligini saqlab qolgan holda Davlat byudjetining barcha darajalarida mutanosiblikni taʼminlash, mahalliy byudjetlarning daromad qismini mustahkamlash choralarini amalga oshiradi;
samarali fiskal siyosat olib boradi, soliq solish tizimini soddalashtirish, soliq maʼmuriyatchiligi tizimining sifati va samaradorligini oshirish choralarini koʻradi;
pul-kredit siyosatini takomillashtirish, valyuta siyosatini liberallashtirish, valyutani tartibga solishning zamonaviy bozor mexanizmlarini joriy etish, shuningdek milliy valyutaning barqarorligini taʼminlash choralarini koʻradi;
bank tizimining barqarorligini taʼminlaydi, ushbu tizimning moliyaviy barqarorligini mustahkamlash, shuningdek sugʻurta, lizing va boshqa moliya institutlarini rivojlantirish boʻyicha choralarni amalga oshiradi.
11-modda. Vazirlar Mahkamasining ijtimoiy sohadagi vakolatlari
Vazirlar Mahkamasi:
ijtimoiy sohada yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
taʼlim tizimi rivojlantirilishini, uning sifati va samaradorligi oshirilishini, uzluksiz taʼlimdan foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratilishini taʼminlaydi;
maktabgacha taʼlim tizimini takomillashtirish, maktabgacha taʼlim muassasalari tarmogʻini kengaytirish va ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash choralarini koʻradi;
ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni ragʻbatlantirish chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish, tibbiy yordamning sifati, samaradorligi va hamma uchun ochiqligini oshirish, aholi sogʻligʻini saqlash va mustahkamlash, sogʻlom turmush tarzi prinsiplarini joriy etish, shuningdek sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni taʼminlash boʻyicha choralarni amalga oshiradi;
jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, sport muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda sport infratuzilmasini takomillashtirish boʻyicha choralarni amalga oshiradi;
ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturlarini ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi, mehnat bozori infratuzilmasi rivojlantirilishini, fuqarolarning ijtimoiy himoya qilinishini, ijtimoiy va pensiya taʼminoti tizimlarining ishlashini taʼminlaydi;
oila, onalik va bolalikni himoya qilishga koʻmaklashadi, yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish choralarini koʻradi;
ijtimoiy yordam koʻrsatish boʻyicha davlat dasturlarining ishlab chiqilishi va bajarilishini taʼminlaydi, fuqarolarning haqiqiy daromadlarini oshirish, aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilash hamda aholining ijtimoiy jihatdan zaif qatlamlarini va nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralarini koʻradi.
12-modda. Vazirlar Mahkamasining madaniy-gumanitar sohadagi vakolatlari
Vazirlar Mahkamasi:
madaniy-gumanitar sohada yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik sohasida rahbarlikni amalga oshiradi;
madaniyatni, sanʼatni rivojlantirishga, madaniy qadriyatlardan keng koʻlamda foydalanishni taʼminlashga, fuqarolarning ijtimoiy va madaniy hayotda toʻla huquqli tarzda ishtirok etishiga koʻmaklashadi;
teatr-tomosha, madaniy-maʼrifiy tashkilotlar hamda muzeylar faoliyatini rivojlantirish va takomillashtirish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash choralarini koʻradi;
tarixiy va madaniy merosning muhofaza qilinishini, mamlakatning butun hududida ijtimoiy hayotning barcha sohalarida davlat tilining har tomonlama rivojlantirilishi hamda amal qilishini taʼminlaydi;
xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish hamda rivojlantirish choralarini koʻradi.
13-modda. Vazirlar Mahkamasining hududlarni rivojlantirish sohasidagi vakolatlari
Vazirlar Mahkamasi:
hududlarning iqtisodiyotini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, ularning sanoat hamda eksport salohiyatini oshirish orqali hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan kompleks va mutanosib ravishda rivojlantirishni taʼminlaydi;
iqtisodiyot tarmoqlarini va ijtimoiy sohani strategik jihatdan rivojlantirish davlat dasturlarini, hududiy rivojlantirish dasturlarini, shuningdek hududlarda iqtisodiy, ijtimoiy va maʼmuriy islohotlarni amalga oshirish choralarini koʻradi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjetining, viloyatlar viloyat byudjetlarining va Toshkent shahri shahar byudjetining, tumanlar va shaharlar byudjetlarining maqsadli ijrosini taʼminlaydi;
hududlarni, eng avvalo, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishda orqada qolayotgan qishloq tumanlarini hamda shaharlarni rivojlantirishning istiqbolli vazifalarini samarali hal qilish boʻyicha davlat boshqaruvi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining muvofiqlashtirilgan ishini taʼminlash choralarini koʻradi;
hududlarni kompleks rivojlantirishga, shu jumladan iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarida bozor islohotlarini chuqurlashtirishga, hududlarda aholi bandligi va turmush darajasi uzluksiz oshirib borilishini taʼminlashga doir islohotlar amalga oshirilishi jarayonini monitoring qilish asosida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish tamoyillarining kompleks tahlilini oʻtkazadi;
chet el investitsiyalarini jalb qilish va hududlarning eksport salohiyatini oshirish choralarini koʻradi, mamlakatni rivojlantirishning strategik maqsadlaridan va uning iqtisodiy xavfsizligidan kelib chiqqan holda, hududlarning investitsiyaviy jozibadorligini yanada yaxshilash yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlarining, Vazirlar Mahkamasi qarorlari, farmoyishlari, bayonnoma qarorlari va topshiriqlarining bajarilishi jarayonini maqsadli oʻrganishni amalga oshiradi;
hududlarning iqtisodiy barqarorligini taʼminlovchi eng muhim ustuvorliklar, iqtisodiyotning muayyan tarmoqlari va sohalaridagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, hududlarning iqtisodiy salohiyatini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi.
14-modda. Vazirlar Mahkamasining ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari
Vazirlar Mahkamasi:
ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda ekologik xavfsizlikni taʼminlash sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
fuqarolarning qulay atrof-muhitga boʻlgan huquqlarini amalga oshirish, ekologik osoyishtalikni taʼminlash choralarini koʻradi;
tabiiy resurslarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish hamda tabiatdan foydalanishni tartibga solish boʻyicha faoliyatni tashkil etadi;
tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini oʻtkazish hamda respublika va xalqaro ahamiyatga molik yirik ekologik dasturlarni roʻyobga chiqarishga doir chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
yirik avariyalar va halokatlarning, shuningdek tabiiy ofatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini tugatish choralarini koʻradi.
15-modda. Vazirlar Mahkamasining tashqi siyosatni amalga oshirish va xalqaro munosabatlarni rivojlantirish sohasidagi vakolatlari
Vazirlar Mahkamasi:
Oʻzbekiston Respublikasining tashqi siyosati amalga oshirilishini taʼminlash, hukumatlararo aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash choralarini koʻradi;
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardagi vakilligini taʼminlaydi;
oʻz vakolatlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini tuzadi, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalar boʻyicha majburiyatlari bajarilishini taʼminlaydi, shuningdek ushbu shartnomalarning boshqa ishtirokchilari oʻz majburiyatlarini bajarishini kuzatib boradi;
Oʻzbekistonning xorijdagi jismoniy va yuridik shaxslarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish chora-tadbirlarini koʻradi;
Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlar oʻrtasidagi ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyalarning faoliyati tashkil etilishini taʼminlaydi.
16-modda. Vazirlar Mahkamasining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi vakolatlari
Vazirlar Mahkamasi:
investitsiyalar va tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
qulay investitsiya muhitini yaratish va xorijiy investitsiyalarni jalb etish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
samarali bojxona-tarif siyosatini olib boradi, eksport qiluvchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi, mahalliy tovarlar va xizmatlarning tashqi bozorlarga chiqishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratadi, zamonaviy logistika infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha choralar koʻradi;
tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida rahbarlikni amalga oshiradi, uni rivojlantirishning strategik yoʻnalishlarini belgilaydi;
Oʻzbekistonning savdo, iqtisodiy, texnologik, transport va boshqa aloqalarini kengaytirish, milliy iqtisodiyotning barqarorligini mustahkamlash va iqtisodiy xavfsizlikni taʼminlash choralarini koʻradi;
oʻz vakolatlari doirasida xalqaro iqtisodiy tashkilotlar, moliya institutlari va boshqa koʻp tomonlama savdo-iqtisodiy tizimlar doirasida hamkorlikni rivojlantiradi hamda unda Oʻzbekistonning milliy manfaatlarini ilgari suradi;
oliy va yuqori darajadagi tashriflar yakunlari boʻyicha investitsiya loyihalari hamda amaliy tadbirlar rejalari (“yoʻl xaritalari”) sifatli amalga oshirilishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasining toʻlov balansini ishlab chiqadi;
chet eldan olinadigan kreditlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining kafolatlarini beradi;
Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi mulkiga egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi.
17-modda. Vazirlar Mahkamasining axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish sohasidagi vakolatlari
Vazirlar Mahkamasi:
axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
axborot jamiyatini shakllantirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, “Elektron hukumat” tizimi joriy etilishini taʼminlash, aholi, biznes va davlat oʻrtasida samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi;
elektron davlat xizmatlari va telekommunikatsiya xizmatlari spektrini kengaytirish, telekommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish choralarini amalga oshiradi;
axborot xavfsizligini va axborot muhofazasini taʼminlash, tarmoqlarni, dasturiy mahsulotlarni, axborot tizimlari va resurslarini himoya qilishning zamonaviy texnologiyalarini joriy etish choralarini koʻradi.
18-modda. Vazirlar Mahkamasining jamoat tartibini saqlash, davlat xavfsizligini va mudofaa qobiliyatini taʼminlash sohasidagi vakolatlari
Vazirlar Mahkamasi:
davlat xavfsizligini va mudofaa qobiliyatini taʼminlash, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasini qoʻriqlash, davlat manfaatlarini himoya qilish, jamoat tartibini saqlash chora-tadbirlarini amalga oshirishga koʻmaklashadi;
huquqbuzarliklar profilaktikasiga doir davlat dasturlarining ishlab chiqilishini, tasdiqlanishini va amalga oshirilishini taʼminlaydi;
huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi hamda unda ishtirok etuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlarning hamkorligini taʼminlaydi;
davlat harbiy tashkilotining mudofaa vazifalarini hal etish uchun zarur moliyaviy, moddiy va boshqa resurslarga boʻlgan ehtiyojlarini har tomonlama taʼminlash, mudofaa manfaatlarini koʻzlab mamlakat hududini tezkorlik bilan jihozlash masalalarini hal etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining qurol-yarogʻ, harbiy texnika va boshqa moddiy-texnika vositalari bilan jihozlanishi hamda taʼminlanishini tashkil etadi;
davlat mudofaa buyurtmalarini shakllantirish va mudofaa ahamiyatiga molik ishlab chiqarishni tashkil etish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
xorijiy davlatlar bilan harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlikni kengaytirish choralarini koʻradi;
mamlakat iqtisodiyotining safarbarlik tayyorgarligini tashkil etadi, fuqaro muhofazasiga rahbarlikni amalga oshiradi.
19-modda. Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlariga rahbarlik qilish
Vazirlar Mahkamasi vazirliklar, davlat qoʻmitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari ishini muvofiqlashtiradi hamda yoʻnaltiradi.
Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari oʻzlari olib borayotgan davlat siyosatining sifatli va samarali amalga oshirilishi uchun Vazirlar Mahkamasi oldida javobgardir.
Vazirlar, davlat qoʻmitalari raislari va boshqa davlat boshqaruvi organlari rahbarlari Vazirlar Mahkamasiga kiritilayotgan takliflar, tahliliy hamda boshqa hujjatlarning, shu jumladan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifatli va har tomonlama ishlab chiqilishi, shuningdek ularni amalga oshirishning pirovard natijalari va oqibatlari uchun shaxsan javobgar boʻladi.
Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari toʻgʻrisidagi nizomlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Davlat byudjeti hisobidan taʼminlanadigan vazirliklarning, davlat qoʻmitalarining hamda boshqa davlat boshqaruvi organlarining markaziy devonlari xodimlarining cheklangan soni va ularning taʼminoti uchun ajratiladigan mablagʻlar miqdori Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Vazirlar Mahkamasi vazirliklarni, davlat qoʻmitalarini va boshqa davlat boshqaruvi organlarini tuzish hamda tugatish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdimnomalar kiritadi.
Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlarini tuzish hamda tugatish toʻgʻrisidagi taqdimnomalarni tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga kiritish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Vazirlarning va davlat qoʻmitalari raislarining oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi. Boshqa davlat boshqaruvi organlarining rahbarlari hamda ularning oʻrinbosarlari, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Davlat boshqaruvi organlari hayʼatlarining aʼzolari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Vazirlar Mahkamasi maqsadli vazifalarning bajarilishini vazirliklarning, davlat qoʻmitalarining va boshqa davlat boshqaruvi organlarining faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarning bajarilishini baholashning asosiy mezonlarini hisobga olgan holda taʼminlaydi.
Vazirlar Mahkamasi vazirliklar, davlat qoʻmitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining asosiy mezonlarda koʻrsatilgan maqsadli vazifalarning bajarilishi hamda ularga erishilishi toʻgʻrisidagi hisobotlarini tizimli ravishda eshitadi.
Vazirlar Mahkamasi zarurat boʻlganda davlat boshqaruvining oʻz vakolatiga kiruvchi ayrim masalalarini hal etishni, agar bu masalalarning hal etilishi qonun hujjatlarida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining mutlaq vakolatlariga kiritilmagan boʻlsa, vazirliklarga, davlat qoʻmitalariga va oʻz boʻysunuvidagi boshqa davlat boshqaruvi organlariga berishi mumkin.
20-modda. Vazirlar Mahkamasining qonunchilik tashabbusi huquqi
Vazirlar Mahkamasi qonunchilik tashabbusi huquqiga ega.
Vazirlar Mahkamasi qonunchilik tashabbusi huquqini qonun loyihalarini Qonunchilik palatasiga kiritish orqali amalga oshiradi.
Vazirlar Mahkamasi oʻzi kiritgan qonun loyihasini Qonunchilik palatasida koʻrib chiqishda ishtirok etish uchun oʻz vakillarini tayinlaydi.
4-bob. Vazirlar Mahkamasining faoliyatini tashkil etish
21-modda. Bosh vazir
Bosh vazir:
Vazirlar Mahkamasining faoliyatini tashkil etadi va unga rahbarlik qiladi, uning samarali ishlashi uchun shaxsan javobgar boʻladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati oldiga qoʻyilgan maqsadli vazifalarning bajarilishini taʼminlash maqsadida vazirliklar, davlat qoʻmitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari faoliyatini umumiy tarzda muvofiqlashtirishni amalga oshiradi, yuzaga kelgan kelishmovchiliklar boʻyicha qarorlar qabul qiladi;
Vazirlar Mahkamasining majlislarida raislik qiladi, uning qarorlarini imzolaydi;
xalqaro munosabatlarda Vazirlar Mahkamasi nomidan ish koʻradi, muzokaralar olib boradi va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan xalqaro shartnomalarni imzolaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda Bosh vazir oʻrinbosarlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvining Vazirlar Mahkamasi majlisida koʻrib chiqish talab etilmaydigan masalalari boʻyicha qarorlar qabul qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarini lavozimga tayinlash hamda lavozimidan ozod etish toʻgʻrisida taqdimnomalar kiritadi;
Vazirlar Mahkamasining oʻtgan yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari va navbatdagi yil uchun asosiy ustuvorliklar toʻgʻrisidagi har yilgi maʼruzasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga taqdim etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati aʼzolari bilan birgalikda har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan, tegishli yilga moʻljallangan davlat dasturi bajarilishining borishi toʻgʻrisida hisobot taqdim etadi;
Vazirlar Mahkamasi aʼzoligiga nomzodlar Qonunchilik palatasi tomonidan maʼqullanganidan keyin bu nomzodlarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdim etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida nazarda tutilgan boshqa vazifalarni bajaradi.
Bosh vazir oʻz vakolatlariga kiruvchi masalalar yuzasidan farmoyishlar chiqaradi.
Bosh vazir Vazirlar Mahkamasining ishi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga muntazam ravishda axborot berib boradi.
Bosh vazir yoʻqligida uning vazifasini Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari yoki Bosh vazir oʻrinbosarlaridan biri bajarib turadi.
22-modda. Bosh vazir oʻrinbosarlari
Bosh vazir oʻrinbosarlari vazifalar taqsimotiga muvofiq:
vazirliklar, davlat qoʻmitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, parlament soʻrovi, Qonunchilik palatasi deputatining va Senat aʼzosining soʻrovi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari bajarilishining borishi monitoringini amalga oshiradi;
joylarda ishlarning haqiqiy holatini oʻrganadi, shuningdek iqtisodiyotdagi va ijtimoiy sohadagi muammolarni har tomonlama tahlil qiladi;
strategik va ustuvor vazifalarni amalga oshirish yuzasidan kompleks takliflar ishlab chiqadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va davlat boshqaruvi organlari ishining samaradorligini oshirish sohasidagi kompleks chora-tadbirlarning amalga oshirilishini taʼminlaydi;
barcha darajalardagi ijro etuvchi hokimiyat organlari va ularning rahbarlari faoliyatini baholash tizimining ishini muvofiqlashtiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarini, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarini, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va topshiriqlarini, Vazirlar Mahkamasi hujjatlarini sifatli va oʻz vaqtida bajarish boʻyicha oʻz vakolatlari doirasida choralar koʻradi;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vazifalarni ham bajaradi.
Bosh vazir oʻrinbosarlari oʻziga ishonib topshirilgan faoliyat sohasida erishilgan natijalar uchun shaxsan javobgar boʻladi.
23-modda. Bosh vazir maslahatchilari
Bosh vazir maslahatchilari vazifalar taqsimotiga muvofiq:
oʻz vakolatiga kiritilgan tegishli yoʻnalishlar va masalalar boʻyicha Bosh vazirga takliflar ishlab chiqilishini, ularning ekspertizadan oʻtkazilishini va tayyorlanishini taʼminlaydi, shuningdek buning uchun shaxsan javobgar boʻladi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va topshiriqlarining, Vazirlar Mahkamasi hujjatlarining sifatli va oʻz vaqtida bajarilishi boʻyicha oʻz vakolatlari doirasida choralar koʻradi;
oʻz vakolatlari doirasida vazirliklar, davlat qoʻmitalari va boshqa tashkilotlar faoliyatini umumiy tarzda muvofiqlashtirishni amalga oshiradi;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vazifalarni ham bajaradi.
Bosh vazir maslahatchilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda Bosh vazir tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
24-modda. Vazirlar Mahkamasi aʼzolari
Vazirlar Mahkamasi aʼzolari:
Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida masalalarni koʻrib chiqishda ishtirok etadi, shuningdek Vazirlar Mahkamasi majlislarining kun tartibi boʻyicha takliflar kiritadi;
Vazirlar Mahkamasi koʻrib chiqishi uchun masalalar tayyorlashni amalga oshiradi;
Vazirlar Mahkamasining vakolatiga kiruvchi masalalarni koʻrib chiqish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish tashabbusi bilan chiqadi;
tegishli vazirliklarning, davlat qoʻmitalarining yoki boshqa davlat boshqaruvi organlarining faoliyatini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;
Qonunchilik palatasiga taqdim etilgan harakatlar rejasini roʻyobga chiqarishga, shuningdek vazirliklar va davlat qoʻmitalari faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarning bajarilishini baholashning asosiy mezonlarini hisobga olgan holda, maqsadli vazifalarni bajarishga doir choralarni amalga oshiradi;
Vazirlar Mahkamasi tomonidan tashkil etiladigan Vazirlar Mahkamasining komissiyalari va boshqa ishchi organlariga Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra rahbarlikni amalga oshiradi.
Vazirlar Mahkamasi aʼzolari oʻzi rahbarlik qilayotgan vazirlikning, davlat qoʻmitasining yoki boshqa davlat boshqaruvi organining faoliyati samaradorligi uchun shaxsan javobgar boʻladi.
Vazirlar Mahkamasi aʼzolari ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq toʻlanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shugʻullanishi mumkin emas.
25-modda. Vazirlar Mahkamasining kollegial organlari
Vazirlar Mahkamasi doimiy komissiyalar tuzadi va ularning vazifalarini, funksiyalarini hamda faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
Davlat va xoʻjalik boshqaruvining ayrim masalalari boʻyicha takliflar tayyorlash, Vazirlar Mahkamasining qarorlari loyihalarini ishlab chiqish, shuningdek Vazirlar Mahkamasining ayrim topshiriqlarini bajarish uchun Vazirlar Mahkamasining muvaqqat komissiyalari va boshqa ishchi organlari tashkil etilishi mumkin.
26-modda. Vazirlar Mahkamasiga masalalarni kiritish va koʻrib chiqish
Vazirlar Mahkamasiga koʻrib chiqish uchun:
Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari loyihalari – qonunchilik tashabbusi tartibida Qonunchilik palatasiga kiritish uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari loyihalari – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritish uchun;
Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari loyihalari – qabul qilish uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchilarining Vazirlar Mahkamasi vakolatiga taalluqli qismi boʻyicha nomenklaturasiga hamda Vazirlar Mahkamasining nomenklaturasiga kiradigan lavozimlarga tayinlash, tasdiqlash, taqdim etish, kelishib olish uchun nomzodlar va ularni lavozimidan ozod etish boʻyicha takliflar;
mansabdor shaxslar ayrim toifalarining xorijiy mamlakatlarga xizmat safarlariga chiqishi toʻgʻrisidagi, Vazirlar Mahkamasi bilan belgilangan tartibda maxsus kelishib olish talab qilinadigan takliflar kiritiladi.
Vazirlar Mahkamasida uning vakolatlariga kiradigan masalalarni koʻrib chiqish Vazirlar Mahkamasi, uning Rayosati majlislarida, Bosh vazir, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilari tomonidan Vazirlar Mahkamasi tashkil etadigan komissiyalarning hamda boshqa idoralararo kollegial organlarning majlislarida manfaatdor davlat organlari va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirokida amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasiga koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, ushbu Qonun bilan uning vakolatiga tegishli boʻlgan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilangan boshqa masalalar ham kiritiladi.
Muhim davlat, iqtisodiy va ijtimoiy-madaniy masalalarni hal qilish uchun Vazirlar Mahkamasining kompleks yoki maqsadli dasturlari va tadbirlari ishlab chiqilib, ular Bosh vazir oʻrinbosarlari hamda maslahatchilari tomonidan Vazirlar Mahkamasiga koʻrib chiqish uchun kiritiladi.
Vazirlar Mahkamasiga koʻrib chiqish uchun masalalar Vazirlar Mahkamasi aʼzolari, davlat boshqaruvi organlari rahbarlari, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, istisno hollarda esa ularning birinchi oʻrinbosarlari tomonidan kiritiladi.
27-modda. Vazirlar Mahkamasining apparati
Vazirlar Mahkamasining apparati Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining faoliyatini huquqiy, tashkiliy-texnik, axborot-tahliliy va bayonnoma jihatdan taʼminlashni, Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarini, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari loyihalarini tayyorlashni, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalarini amalga oshirishga qaratilgan “yoʻl xaritalari”ni, jadvallarni, harakatlar dasturlarini, amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqishni amalga oshiradi.
Vazirlar Mahkamasi apparatining va uning tarkibiy boʻlinmalarining ish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan tegishli nizomlar bilan belgilanadi.
Bosh vazir, Bosh vazirning iqtisodiyot tarmoqlari hamda ijtimoiy sohani rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari va maslahatchilari kotibiyatlarining mudirlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda Bosh vazir tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Bosh vazirning, Bosh vazir oʻrinbosarlari va maslahatchilarining kotibiyatlari, Vazirlar Mahkamasi apparatining tarkibiy boʻlinmalari ishini muvofiqlashtirish Vazirlar Mahkamasi apparatining boshqaruvchisi tomonidan amalga oshiriladi.
28-modda. Vazirlar Mahkamasining majlislari
Davlat boshqaruvi, xoʻjalik va ijtimoiy-madaniy rivojlantirishning eng muhim masalalari Vazirlar Mahkamasining majlislarida koʻrib chiqiladi.
Vazirlar Mahkamasining majlislari har chorakda kamida bir marta oʻtkaziladi.
Vazirlar Mahkamasining majlislarini Bosh vazir oʻtkazadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Vazirlar Mahkamasining majlislarida raislik qilishga haqli.
Vazirlar Mahkamasining majlislarida Bosh vazir oʻrinbosarlari va maslahatchilari, vazirlar, davlat qoʻmitalarining raislari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, zarurat boʻlganda esa viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda boshqa davlat boshqaruvi organlari rahbarlari ishtirok etadi.
Vazirlar Mahkamasining majlislariga zarurat boʻlganda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchilari, Qonunchilik palatasi Spikeri, Senat Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining raisi, Oliy sudining raisi, Bosh prokurori taklif etilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining majlislarini ommaviy axborot vositalarida yoritish maqsadida ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining vakillari ham taklif etilishi mumkin.
29-modda. Vazirlar Mahkamasining majlislarida koʻrib chiqiladigan masalalar
Quyidagilar faqat Vazirlar Mahkamasining majlislarida koʻrib chiqiladi:
Davlat byudjetini tayyorlash va ijro etish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tasarrufidagi davlat maqsadli jamgʻarmalarini shakllantirish va ulardan foydalanish masalalari;
boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish masalalari, Oʻzbekiston Respublikasini va uning ayrim hududlarini iqtisodiy va ijtimoiy-madaniy jihatdan rivojlantirish dasturlari loyihalari;
davlat qimmatli qogʻozlarini chiqarish hajmi hamda Oʻzbekiston Respublikasining davlat ichki va tashqi qarzini oshirish chegaralari toʻgʻrisidagi takliflar;
soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar stavkalarini belgilash hamda oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflar;
qatʼiy belgilangan davlat narxlari qoʻllaniladigan mahsulotlarning, tovarlarning va xizmatlarning nomenklaturasi;
davlatlararo shartnomalarni imzolash toʻgʻrisidagi takliflar.
Vazirlar Mahkamasining majlislarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining topshiriqlariga va Vazirlar Mahkamasi Rayosatining qarorlariga muvofiq boshqa masalalar ham koʻrib chiqiladi.
30-modda. Vazirlar Mahkamasining majlislariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish
Vazirlar Mahkamasining majlislarida koʻrib chiqish uchun masalalarni tayyorlashni Vazirlar Mahkamasining apparati amalga oshiradi.
Zarur boʻlgan hollarda masalalarni tayyorlashni Vazirlar Mahkamasi yoki uning Rayosati tomonidan tashkil etiladigan komissiyalar amalga oshiradi.
Vazirlar Mahkamasining majlisida koʻrib chiqish uchun kiritiladigan hujjatlar loyihalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamenti talablariga muvofiq tayyorlanadi.
Zarurat boʻlgan taqdirda aniq sohalar va yoʻnalishlarda amalga oshirilayotgan islohotlarning borishini oʻrganish maqsadida Bosh vazir tomonidan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat boshqaruvi hududiy organlari rahbarlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirokida hududlarda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining mavzuli sayyor majlislari oʻtkazilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining mavzuli sayyor majlislarini oʻtkazish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
31-modda. Vazirlar Mahkamasining majlislarida qarorlar qabul qilish
Vazirlar Mahkamasining majlisida koʻrib chiqiladigan masalalar boʻyicha qarorlar Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Vazirlar Mahkamasining majlisida qabul qilingan qarorlar bayonnoma tarzida rasmiylashtiriladi.
Vazirlar Mahkamasi majlisining bayonnomasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamentida belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasi apparati tomonidan rasmiylashtiriladi va tarqatiladi.
Hukumatning bayonnoma qarorlari loyihalarini ekspertizadan oʻtkazish va hisobga olish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamentiga muvofiq amalga oshiriladi.
5-bob. Vazirlar Mahkamasining Rayosati
32-modda. Vazirlar Mahkamasining Rayosati va tarkibi
Vazirlar Mahkamasining Rayosati Vazirlar Mahkamasining doimiy faoliyat koʻrsatuvchi organidir.
Vazirlar Mahkamasining Rayosati tarkibiga Bosh vazir, Bosh vazirning oʻrinbosarlari va maslahatchilari, vazirlar, davlat qoʻmitalarining raislari, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi kiradi.
33-modda. Vazirlar Mahkamasi Rayosatining majlislarida koʻrib chiqiladigan masalalar
Vazirlar Mahkamasi Rayosatining majlislarida:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlarining ijrosini tashkil etish masalalari;
Qonunchilik palatasiga qonunchilik tashabbusi tartibida kiritiladigan qonunlar loyihalari;
Vazirlar Mahkamasining vakolatiga kiradigan masalalar koʻrib chiqiladi, bundan ushbu Qonunga muvofiq faqat Vazirlar Mahkamasining majlislarida koʻrib chiqiladigan masalalar mustasno.
34-modda. Vazirlar Mahkamasi Rayosatining majlislarini tayyorlash va oʻtkazish
Vazirlar Mahkamasi Rayosatining majlisini tashkil etishni va tayyorlashni Vazirlar Mahkamasining apparati amalga oshiradi.
Vazirlar Mahkamasi Rayosatining majlislari har haftada Bosh vazir tomonidan, u yoʻqligida esa uning oʻrinbosarlaridan biri tomonidan oʻtkaziladi.
Vazirlar Mahkamasi Rayosatining majlislarida koʻrib chiqish uchun masalalarni tayyorlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamenti bilan belgilanadi.
Vazirlar Mahkamasi Rayosatining majlislarida qabul qilingan qarorlar bayonnomalar tarzida rasmiylashtiriladi va raislik qiluvchi tomonidan imzolanadi.
6-bob. Vazirlar Mahkamasining hujjatlari
35-modda. Vazirlar Mahkamasi hujjatlarining turlari
Vazirlar Mahkamasi konstitutsiyaviy normalar doirasida va qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar hamda fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi.
Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari Bosh vazir tomonidan imzolanadi.
Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari Bosh vazir tomonidan imzolanguniga qadar belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi qoidalaridan kelib chiqqan holda Vazirlar Mahkamasining qarorlarini, farmoyishlarini va Bosh vazirning farmoyishlarini bekor qilishga haqli.
Vazirlar Mahkamasi oʻzi qabul qilgan hujjatlarning bajarilishi ustidan nazoratni bevosita yoki vazirliklar, davlat qoʻmitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari orqali amalga oshiradi.
36-modda. Vazirlar Mahkamasining qarorlari
Vazirlar Mahkamasining normativ-huquqiy tusdagi hujjatlari qarorlar shaklida qabul qilinadi.
Vazirlar Mahkamasining qarorlari Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari asosida hamda ularni ijro etish uchun qabul qilinadi.
Vazirlar Mahkamasining qarorlari, agar ularning oʻzida kechroq muddat koʻrsatilgan boʻlmasa, rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazirlar Mahkamasining normativ-huquqiy tusga ega qarorlari “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami”da, “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami”da, “Xalq soʻzi”, “Narodnoye slovo” gazetalarida va Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilinadi, zarur boʻlgan taqdirda esa boshqa ommaviy axborot vositalari orqali keng omma eʼtiboriga yetkaziladi.
37-modda. Vazirlar Mahkamasining farmoyishlari
Vazirlar Mahkamasining tezkor va boshqa joriy masalalar boʻyicha hujjatlari Vazirlar Mahkamasining farmoyishlari shaklida qabul qilinadi.
Vazirlar Mahkamasining farmoyishlari, agar ushbu hujjatlarda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, ular imzolangan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
7-bob. Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va uning Administratsiyasi, sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda kuch ishlatishga vakolatli boʻlgan tuzilmalar, boshqa davlat organlari va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorligi
38-modda. Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi bilan hamkorligi
Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasini iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini, Davlat byudjetining asosiy parametrlarini va unga oʻzgartishlarni ishlab chiqadi hamda ularni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga koʻrib chiqish uchun taqdim etadi.
Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga har yili mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan maʼruzalar taqdim etadi.
Bosh vazir Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati aʼzolari bilan birgalikda har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan, tegishli yilga moʻljallangan davlat dasturi bajarilishining borishi toʻgʻrisida hisobot taqdim etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari zarur boʻlgan hollarda oʻz majlislarida Bosh vazirning mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ayrim dolzarb masalalari yuzasidan hisobotini qonunga muvofiq parlament soʻrovi tartibida eshitishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari Vazirlar Mahkamasi ayrim aʼzosining oʻzi rahbarlik qilayotgan davlat boshqaruvi organi faoliyati masalalari yuzasidan axborotini eshitishi hamda zarur boʻlganda uni isteʼfoga chiqarish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti koʻrib chiqishi uchun taklif kiritishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati aʼzolari Qonunchilik palatasining majlisida Qonunchilik palatasi deputatlarining savollariga javoblarni taqdim etadi (“hukumat soati”).
Vazirlar Mahkamasining aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, ularning qoʻmitalari hamda komissiyalari majlislarida hozir boʻlishi va soʻzga chiqishi mumkin.
Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat aʼzolari tomonidan Vazirlar Mahkamasi yoki uning ayrim aʼzolari faoliyatiga taalluqli masalalar qoʻyilgan taqdirda, Bosh vazir shu masalalar yuzasidan zarur tushuntirishlar olish va tushuntirishlar berishga haqli.
Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qoʻmitalari va komissiyalarining Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati faoliyati masalalariga doir tavsiyalari va takliflarini koʻrib chiqadi hamda ular yuzasidan chora-tadbirlar koʻradi. Tavsiyalar va takliflarni koʻrib chiqish natijalari haqida hamda koʻrilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining tegishli qoʻmitalarini va komissiyalarini kelishilgan muddatda xabardor qiladi.
Qonunchilik palatasining, Senatning Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati yoki unga boʻysunuvchi davlat boshqaruvi organlari faoliyatiga taalluqli boʻlgan parlament soʻrovi, Qonunchilik palatasi deputatining, Senat aʼzosining shunday soʻrovi yuborilgan Vazirlar Mahkamasi yoki uning aʼzosi qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda javob taqdim etishi shart.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarida koʻrib chiqiladigan qonun loyihalarini, boshqa hujjatlarni tayyorlash borasida Vazirlar Mahkamasi apparati tarkibiy boʻlinmalarining, davlat boshqaruvi organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining yaqin hamkorligini taʼminlash, Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari bilan qonun ijodkorligi faoliyatidagi hamkorligini tashkil etish, shuningdek qonunlarning ijro etilishi ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan parlament nazoratini amalga oshirishda Vazirlar Mahkamasining ishtirok etishiga koʻmaklashish uchun Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisidagi Vakolatli vakili faoliyat koʻrsatadi.
Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisidagi Vakolatli vakilining huquq va majburiyatlari qonun hujjatlarida belgilanadi.
39-modda. Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va uning Administratsiyasi bilan hamkorligi
Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hamda uning Administratsiyasi hujjatlari va topshiriqlari ijrosini taʼminlaydi.
Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasida bayon etilgan topshiriqlarning samarali ijro etilishini taʼminlash chora-tadbirlarini koʻradi.
Vazirlar Mahkamasi vazirliklar, davlat qoʻmitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlarini tuzish hamda tugatish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdimnomalar kiritadi.
Bosh vazir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarini lavozimga tayinlash hamda lavozimidan ozod etish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritadi.
Vazirlar Mahkamasining ayrim masalalarga doir hujjatlari majburiy tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda qabul qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan majburiy tartibda kelishib olinadigan masalalar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari bilan belgilanadi.
Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va uning Administratsiyasi bilan hamkorligi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa masalalar boʻyicha ham amalga oshiriladi.
40-modda. Vazirlar Mahkamasining sud hokimiyati organlari bilan hamkorligi
Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan sudlar faoliyatini moliyalashtirish, moddiy-texnik va boshqa jihatdan taʼminlash, ularning binolarini qoʻriqlash va saqlash uchun mablagʻlarning miqdori Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga uning vakolatiga taalluqli masalalarni koʻrib chiqish uchun kiritishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati hujjatlarining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining majlisida Bosh vazir va Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri ishtirok etishi mumkin.
41-modda. Vazirlar Mahkamasining huquqni muhofaza qiluvchi organlar va kuch ishlatishga vakolatli boʻlgan tuzilmalar bilan hamkorligi
Vazirlar Mahkamasi oʻz vakolatlarini samarali amalga oshirish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlar va kuch ishlatishga vakolatli boʻlgan tuzilmalar bilan hamkorlik qiladi.
Vazirlar Mahkamasi huquqni muhofaza qiluvchi organlar va kuch ishlatishga vakolatli boʻlgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy hamda moddiy-texnik jihatdan taʼminlaydi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar va kuch ishlatishga vakolatli boʻlgan tuzilmalar rahbarlari mazkur organlar hamda tuzilmalarning faoliyatiga doir masalalar boʻyicha Vazirlar Mahkamasining va uning Rayosatining majlislarida ishtirok etishi mumkin.
42-modda. Vazirlar Mahkamasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan hamkorligi
Vazirlar Mahkamasi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan hamkorlik qiladi, uning Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, shuningdek iqtisodiy va ijtimoiy-madaniy rivojlantirish masalalariga doir boshqa hujjatlar bajarilishi haqidagi maʼlumotlarini eshitadi;
Vazirlar Mahkamasi vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining takliflarini koʻrib chiqadi;
vazirliklar, davlat qoʻmitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari tomonidan eng muhim tarmoqlararo hamda hududiy kompleks dasturlarni amalga oshirishda Qoraqalpogʻiston Respublikasining huquqlariga rioya etilishini taʼminlaydi, bunda yuzaga keladigan nizoli masalalarni hal etadi;
oʻz vakolatlari doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga hamda Vazirlar Mahkamasining hujjatlariga zid boʻlgan qarorlari va farmoyishlarining ijrosini toʻxtatib turishga haqli.
Qoraqalpogʻiston Respublikasini iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy rivojlantirishga, uning tabiiy resurslaridan oqilona foydalanishga va ularni muhofaza qilishga taalluqli masalalar Vazirlar Mahkamasi tomonidan hal etilayotganda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining fikri hisobga olinadi.
Vazirlar Mahkamasi huzurida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Doimiy vakolatxonasi boʻladi.
43-modda. Vazirlar Mahkamasining mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan hamkorligi
Vazirlar Mahkamasi oʻz vakolatlari doirasida:
hududlarni iqtisodiy va ijtimoiy-madaniy rivojlantirishni taʼminlash bilan bogʻliq masalalarda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining Vazirlar Mahkamasi tomonidan hal etilishi talab qilinadigan masalalarga doir takliflarini koʻrib chiqadi, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlari bajarilishining borishini nazorat qiladi, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarini taklif qilishga hamda ushbu qarorlar va farmoyishlar amalga oshirilishining borishi toʻgʻrisidagi hisobotlarni eshitishga haqli;
vazirliklar, davlat qoʻmitalari hamda boshqa davlat boshqaruvi organlarining viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan hamkorligini taʼminlaydi, bunda yuzaga keladigan nizoli masalalarni hal etadi;
hududlarni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning asosiy koʻrsatkichlarini tasdiqlaydi, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat devonlari xodimlarining cheklangan sonini va ushbu devonlarning namunaviy tuzilmasini belgilaydi;
viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qonun hujjatlariga zid boʻlgan qarorlari va farmoyishlari ijrosini toʻxtatib turishga hamda ularni bekor qilishga haqli.
44-modda. Vazirlar Mahkamasining nodavlat notijorat tashkilotlari, siyosiy partiyalar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorligi
Vazirlar Mahkamasi oʻz vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan nodavlat notijorat tashkilotlari, siyosiy partiyalar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlik qiladi, qonun hujjatlariga muvofiq ularga zarur yordam koʻrsatadi.
Vazirlar Mahkamasi oʻz vakolatiga taalluqli masalalar yuzasidan nodavlat notijorat tashkilotlarining, siyosiy partiyalarning va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining takliflarini koʻrib chiqadi.
8-bob. Vazirlar Mahkamasi faoliyatining ochiqligi va shaffofligi
45-modda. Vazirlar Mahkamasi faoliyatining ochiqligini taʼminlash
Vazirlar Mahkamasi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq xalq bilan ochiq muloqotni taʼminlaydi, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqadi hamda jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilishni tashkil etadi.
Vazirlar Mahkamasining apparati jismoniy va yuridik shaxslarning Vazirlar Mahkamasi apparatiga, davlat boshqaruvi organlariga hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga kelib tushgan murojaatlari bilan ishlash monitoringini va tahlilini amalga oshiradi.
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish holatini oʻrganish yakunlari Vazirlar Mahkamasining Rayosati majlislarida yoki selektor yigʻilishlarida har chorakda, shu jumladan tegishli mansabdor shaxslarga nisbatan javobgarlik choralarini koʻrish toʻgʻrisida takliflar kiritgan holda koʻrib chiqiladi.
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashning samarali tizimi faoliyat koʻrsatishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasi bilan hamkorlik qiladi.
46-modda. Vazirlar Mahkamasi faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish
Jismoniy va yuridik shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining faoliyati toʻgʻrisidagi axborotdan foydalanishi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30-moddasiga hamda “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq taʼminlanadi.
Vazirlar Mahkamasi oʻz vakolatlari doirasida quyidagilar orqali oʻz faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish chora-tadbirlarini koʻradi:
oʻz rasmiy veb-saytida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni joylashtirish va yangilab turish;
Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarini yoritish.
Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarini ommaviy axborot vositalarida yoritish, shuningdek koʻrib chiqiladigan masalalar muhokamasiga jamoatchilikni jalb etish tartibi Bosh vazir tomonidan belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining rasmiy veb-saytiga axborotni joylashtirish va yangilab turish Bosh vazirning matbuot xizmati tomonidan amalga oshiriladi.
9-bob. Vazirlar Mahkamasi aʼzolarini va uning apparati xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy taʼminlash
47-modda. Vazirlar Mahkamasi aʼzolarini va uning apparati xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish
Vazirlar Mahkamasi aʼzolarining va uning apparati xodimlarining ish haqi lavozim maoshidan hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa toʻlovlardan iborat.
Vazirlar Mahkamasi aʼzolarini va uning apparati xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
48-modda. Vazirlar Mahkamasi aʼzolarini va uning apparati xodimlarini ijtimoiy taʼminlash
Vazirlar Mahkamasi aʼzolariga va uning apparati xodimlariga yillik haq toʻlanadigan taʼtillar beriladi.
Ishlash uchun boshqa hududlardan taklif qilingan hamda Toshkent shahrida uy-joyga ega boʻlmagan Vazirlar Mahkamasi aʼzolariga va uning apparati xodimlariga zaruratga koʻra ularning arizasiga binoan lavozimda boʻlish muddatida xizmat uy-joyi beriladi.
Vazirlar Mahkamasi aʼzolari va uning apparati xodimlari kafolatlangan tibbiy hamda sanatoriy-sogʻlomlashtirish yordamidan foydalanadi.
Vazirlar Mahkamasi apparati xodimlari uchun avvalgi ish joyida uzoq muddatli xizmati, harbiy va maxsus unvonlar (martaba darajalari, malaka toifalari, diplomatik darajalar va boshqalar) uchun berilgan ustamalar va qoʻshimcha toʻlovlar saqlab qolinadi.
Vazirlar Mahkamasi apparati xodimlari avvalgi ish joyi boʻyicha xodimlar uchun belgilangan barcha imtiyozlar, moddiy va ijtimoiy himoya choralaridan Vazirlar Mahkamasi apparatida amalda boʻlgan mehnat sharoitlari hisobga olingan holda hamda lavozim maoshi va boshqa toʻlovlar miqdorlari saqlangan holda foydalanadi.
Vazirlar Mahkamasi apparatida ishlangan davr harbiy va maxsus unvonlarni (martaba darajalarini, malaka toifalarini, diplomatik darajalarni va boshqalarni) olish uchun zarur boʻlgan ish stajiga qoʻshiladi.
10-bob. Yakunlovchi qoidalar
49-modda. Vazirlar Mahkamasining faoliyatini moliyalashtirish
Vazirlar Mahkamasining faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjeti mablagʻlari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
50-modda. Vazirlar Mahkamasining hujjatlari, Vazirlar Mahkamasi mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish
Vazirlar Mahkamasining hujjatlari va uning mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.