O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Korrupsiyaga qarshi birga kurashamiz!
2019-12-11 | Jamiyat
Keyingi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida muhim tashkiliy-huquqiy islohotlar amalga oshirildi.
Aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga, jamiyatda korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirishga yo‘naltirilgan tizimli choralar ko‘rildi.
Islohotlarni amalga oshirish doirasida fuqarolarning huquq va manfaatlari himoya qilinishini, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligini, jamoat va parlament nazoratini ta’minlash mexanizmlari takomillashtirildi, shuningdek, huquqni muhofaza qilish va sud organlari faoliyatining huquqiy asoslari isloh qilindi.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 3 yanvar kunida qabul qilingan «Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida»gi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 maydagi «O‘zbekiston Respublikasida Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni imzolandi. Hujjat korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi samaradorligini oshirish, eng yuqori darajadagi qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, mamlakatning xalqaro maydondagi ijobiy obro‘-e’tiborini oshirishga qaratilganligi shu bilan bir qatorda Farmon bilan 2019−2020 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat dasturi qabul qilingan.
Ushbu dastur doirasida bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiya ko‘rinishlarining sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish bo‘yicha hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi samaradorligini oshirish, eng yuqori darajadagi qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga alohida e’tibor qaratilgan.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida «Har qanday demokratik islohotlar samarasi, tinchlik va taraqqiyotning asosiy garovi ham Konstitutsiya va qonun ustuvorligi ta’minlanishi bilan bevosita bog‘liq. Qonun ustuvorligi – bu davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari chiqarayotgan hujjatlar, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari faqat va faqat Konstitutsiya hamda qonunlarga muvofiq bo‘lishi shart, deganidir» deya alohida ta’kidlab o‘tdi.
Mamlakatimizda iqtisodiyotni yanada o‘stirish, xalq farovonligini oshirish, mamlakatda investitsiya muhitini yaxshilash borasidagi strategik vazifalarni hal etish korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini ta’minlash hamda korrupsiya ko‘rinishlarining sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish bo‘yicha bugun davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida «Korrupsiyaga qarshi birga kurashamiz» shiori ostidagi oylik doirasida tizimli ravishda bir qator tadbirlar tashkil etilmoqda.
Joriy yilning 10 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi institutida «Korrupsiyaga qarshi birga kurashamiz» mavzusidagi davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi Tuygun Kurbanov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zosi Umid Sulaymonov, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirining o‘rinbosari polkovnik Abduraxim Muminov, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi bo‘lim prokurori adliya mayori Rustamjon Kamolov, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi bo‘lim prokurori adliya mayori Shavkat Rajabov, Toshkent shahar Sergeli tumani prokurorining o‘rinbosari birinchi darajali yurist Asror Turg‘unov, Sergeli tumani prokurorining yordamchisi uchinchi darajali yurist Otabek Boboqulov, FVV Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi, Yong‘in xavfsizligi instituti professor-o‘qituvchilari, kursantlari hamda OAV vakillari va keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Ushbu davra suhbatini o‘tkazishdan maqsad – davlat organlari va tashkilotlarning mas’ul xodimlari tomonidan ishga qabul qilinganidan so‘ng hamda muayyan vaqt o‘tganidan so‘ng, kasbiy odob-axloq qoidalariga rioya etish, ta’lim muassasalarining o‘quv dasturlariga korrupsiyaga qarshi kurashish maxsus kurslarini kiritish, barcha ta’lim muassasalari, yoshlarda korrupsiyaga qarshi kurashish faol dunyoqarash va mustahkam fuqarolik nuqtai nazarini shakllantiradigan chora-tadbirlarni amalga oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusida ijtimoiy tadbirlarga yoshlarni keng jalb qilish, yoshlar o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusida respublika miqyosida tanlovlar va musobaqalar o‘tkazishga qaratilgan masalalarni muhokama qilishdan iborat.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar tomonidan ta’kidlanganidek, bugungi kunda korrupsiya fuqarolarning ijtimoiy adolatga, davlat organlariga nisbatan ishonchini susaytiradi, davlatning iqtisodiy o‘sishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, qolaversa jamiyatdagi ma’naviy muhitni buzilishiga olib keladi. Korrupsiya – bu mansabdor shaxslar tomonidan davlat hokimiyati yoki boshqaruvi vakolatlaridan foydalangan holda shaxsiy manfaatlarni yoki boshqa shaxslar manfaatini ko‘zlab sodir etiladigan jinoyatlar yig‘indisi ekanligi, ayni damda korrupsiyaga qarshi kurashish barcha davlat va jamoatchilik tashkilotlari hamda moliyaviy muassasalarda ustuvor vazifaga aylanganligi borasidagi keng fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Tadbir yakunida ishtirokilarga «Korrupsiya-umr zavoli» nomli videolavhalar namoyishi havola etildi hamda korrupsiya holatlarining yuzaga kelishiga imkoniyat yaratadigan hozirgi kundagi mavjud muammolar va ularning yechimlari to‘g‘risida fikr-mulohazalar almashdilar.