O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Iqlim o‘zgarishiga moslashish masalalari bo‘yicha Yashil iqlim jamg‘armasi bilan hamkorlikni rivojlantirish
2019-12-05 | Ekologiya
O‘zgidrometda Loyihalarni baholash qo‘mitasining BMT Taraqqiyot Dasturi va Yashil iqlim jamg‘armasi (YaIJ)ning “O‘zbekistonda o‘rta va uzoq muddatli moslashish chora va harakatlarini rejalashtirishni ilgari surish uchun iqlim o‘zgarishiga zaif iqtisodiyot tarmoqlari va mintaqalariga yo‘naltirilgan Milliy moslashish rejasi” yangi loyihasi ko‘rib chiqildi.
Qo‘mita ishida yetakchi vazirliklar va idoralar — Investitsiya va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, maqsadli sektorlar (qishloq xo‘jaligi, suv resurslari, sog‘liqni saqlash, uy-joy, favqulodda vaziyatlarni boshqarish) idoralari hamda maqsadli mintaqa (Qoraqalpog‘iston, Buxoro va Xorazm vilotyalari) vakillari, jamoat va nodavlat tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Hozirgi vaqtda Markaziy Osiyo mamlakatlarida Milliy Moslashish rejalarini ishlab chiqish jarayoni faollashdi. Ushbu rejalar Parij iqlimiy jarayonidan keyingi faoliyatning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha O‘zbekistonda to‘plangan tajriba alohida olingan moslashish choralaridan ana shu choralar muvofiqlashtirilgan milliy rejaning bir qismiga aylanadigan tizimli yondashuvga asta o‘tishga imkon beradi.
Yangi loyihaning maqsadi O‘zbekistonning iqlim o‘zgarishiga zaif tarmoqlari va mintaqalari uchun moslashish chora-harakatlarini rejalashtirish jarayonini ilgari surishdan iborat. Tarmoq milliy moslashish rejasi sog‘liqni saqlash, qishloq va suv xo‘jaligi, tabiiy ofatlar xavfini boshqarish hamda energiya samarador uy-joy qurilishidagi moslashish choralariga qaratilgan.
BMT Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi Doiraviy konvensiyasining kuchli iqlimiy moliyalashtirish vositasi bo‘lgan YaIJ bilan hamkorlik O‘zbekiston uchun uning moliyaviy resurslaridan foydalanishga keng imkoniyatlar ochadi. BMTTD, O‘zgidromet va BMT Atrof muhit Dasturining “O‘zbekistonni Yashil iqlim jamg‘armasi resurslaridan foydalanishga tayyorlash dasturi” qo‘shma loyihasi ko‘magida keng doiradagi foydalauvchilarga O‘zbekistonning milliy ustuvor maqsadlariga javob beruvchi iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha loyihaviy takliflar ishlab chiqish uchun imkoniyatlar yaratilmoqda.
Iqlim o‘zgarishiga moslashish mamsalalri bo‘yicha O‘zgidromet BMT Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi Doiraviy konvensiyasining Moslashish jamg‘armasi bilan ham hamkorlik o‘rnatgan hamda BMTTD bilan birgalikda “O‘zbekistonning qurg‘oqchil tumanlarida joylashgan fermer va dehqon xo‘jaliklarining iqlimiy barqarorligini ta’minlash” loyihasini qo‘llab-quvvatlamoqda.
Milliy moslashish rejasi loyihasini tayyorlash bosqichida monitoring o‘tkazish moslashish chora va harakatlarini yangilash va takomillashtirish salohiyati oshiriladi, moslashish variantlarini iqtisodiy nuqtai nazardan tahlil qilish va baholash tizimi yaratiladi. Iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha ustuvor tadbirlar milliy va tarmoq rejalari hamda byudjetni shakllantirishga integratsiya qilinadi.