O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Islohotlar natijadorligiga bag‘ishlangan muhokama yakunlandi
2019-12-04 | Iqtisodiyot
Bugungi taraqqiyot, globallashuv jarayonlari jadal sur’atlarda davom etmoqda. Bunday murakkab vaziyatda bozor iqtisodiyoti sharoitida faoliyat ko‘rsatayotgan mamlakatlar o‘z taraqqiyotining muayyan bosqichida rivojlangan davlatlar bilan o‘zaro tajriba almashish zaruriyati yuzaga keladi.
Avval ta’kidlaganimizdek, Iqtisodiyot va sanoat vazirligida ikki kun davom etgan Turkiya Respublikasi "Adolat va taraqqiyot partiyasi" raisining o‘rinbosari J.Yilmaz va Buyuk Millat Majlisining komissiyasi raisi L.Elvan rahbarligida ekspertlar delegatsiyasi ishtirokidagi davra suhbati ana shunday xalqaro fikr, tajriba almashuvlardan biri sanaladi.
Respublikamizda olib borilayotgan islohotlar natijadorligi muhokamasiga bag‘ishlangan ushbu tadbirda birinchi taqdimot sifatida Iqtisodiyot va sanoat vazirligi mutaxassislari tomonidan respublika hududlarini samarali boshqarish va modernizatsiya qilish jarayonlarini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, joriy etilgan sektorlar tizimi hamda alohida hududlarni rivojlantirishga qaratilgan dasturlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Ayniqsa, O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish va uni eksportga yo‘naltirishni kuchaytirish, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishda Turkiya davlati tajribasini tatbiq etish istiqbollariga bag‘ishlangan taqdimot ishtirokchilarning qizg‘in muhokamasiga sabab bo‘ldi.
Davlatimiz rahbarining maxsus farmoni bilan Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida tashkil etilgan Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining faoliyatiga bag‘ishlangan taqdimot namoyishi ham jonli savol-javoblarga boy bo‘ldi. Shuningdek, muhokamalarda O‘zbekistonning yo‘l-transport infratuzilmasi sohasini keskin rivojlantirish strategiyasi, unda davlat-xususiy sheriklik ishtirokini kuchaytirish, mamlakatning turizm va tranzit salohiyati, elektrotexnika, to‘qimachilik va charm sanoatida erishilgan yutuqlar va ularning istiqboldagi rejalariga ham to‘xtalindi.
Bundan tashqari, tadbirda O‘zbekiston bank tizimi joriy holati, inflyatsion targetlash rejimiga o‘tish, qishloq xo‘jaligi sohasida suv tizimini texnologik rivojlantirish, joriy etilayotgan klasterlar tizimi, turli sohalar xodimlari malakasini oshirish kabi xorijiy ekspertlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihaviy takliflar o‘rtaga tashlandi.
Muhokamalar natijasida Turkiya Respublikasi bilan 30 dan ortiq dastlabki istiqbolli takliflar shakllantirildi va ular yuzasidan faol hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.