O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi

2019-12-03 | Saylov

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan xorijda istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarining saylovga oid konstitutsiyaviy huquqini ro‘yobga chiqarish maqsadida chet davlatlarda ochilgan saylov uchastkalari faoliyatini saylov qonunchiligi talablariga binoan tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi M.Abdusalomov MSKning o‘tgan yig‘ilishlarida O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi, AQSh, Koreya Respublikasi kabi mamlakatlardagi elchixonalari tomonidan saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar batafsil muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilinganini ta’kidladi. MSKning 3-dekabr kuni o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishi kun tartibidan ham mazkur masala alohida o‘rin oldi.

Anqara shahridagi O‘zbekiston elchixonasi bilan o‘rnatilgan bevosita videokonferens aloqa orqali O‘zbekistonning Turkiya Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Alisher A’zamxo‘jayevning axboroti tinglandi.

Elchixona tomonidan Turkiyaning poytaxti - Anqara hamda Istanbul shaharlarida ochilgan saylov uchastkalari faoliyati O‘zbekiston Respublikasining saylov qonunchiligiga binoan tashkil etilgan. 22-dekabr kuni bo‘ladigan saylovlarda ishtirok etish istagini bildirgan saylovchilar ro‘yxatini tuzish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Ushbu muhim siyosiy jarayonga oid ma’lumotlar bilan tanishishni istagan O‘zbekistonning Turkiyadagi fuqarolari elchixonaning rasmiy veb-saytidan saylov qonunchiligidagi yangiliklar, ovoz berish manzili va kuni, vaqti hamda boshqa ko‘plab axborotlarni olishlari mumkin. Ayni paytda, saylovchilar saylov.mfa.uz manzili orqali elektron ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.

“Vatandoshlarimiz ishtirokida o‘tkazilayotgan uchrashuvlarda xorijda ovoz berish borasida yaratilgan qulayliklar va imkoniyatlar haqida batafsil tushuntirishlar berilmoqda. Taxminlarga ko‘ra, Turkiya Respublikasida istiqomat qilayotgan 90 foizdan ortiq O‘zbekiston fuqarolari saylovlarda o‘z ovozlarini munosib nomzodlarga beradilar.

Bugungi kunda Turkiyada 850 nafardan ziyod o‘zbekistonlik talabalar tahsil olmoqda. Hozirgacha ularning 600 nafardan ziyodi ro‘yxatga olindi. Saylovchilarning muddatidan oldin ovoz berishlari uchun keng imkoniyat yaratish maqsadida Turkiyaning ko‘p sonli talabalar istiqomat qiladigan shaharlarida zarur sharoitlar yaratildi. Turkiya bo‘yicha 5 ta shaharda 12-dekabrdan 19-dekabrgacha ko‘chma saylov uchastkalari faoliyat yuritadi. Unda vatandoshlarimiz muddatidan oldin ovoz berishlari mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni munosabati bilan joriy yilning 7-dekabr kuni Turkiyaning Anqara shahrida O‘zbekistonlik talabalar ishtirokida o‘chrashuv tashkil etishni rejalashtirganmiz. Ma’lumot o‘rnida aytish joiz shu kunga qadar Turkiyaning OAV orqali 10 ga yaqin saylovga oid maqolallar chop etildi va brifinglar o‘tkazildi. Majlisda partiyalar vakillariga xorijdagi vatandoshlarimiz uchun siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturlari haqida ko‘proq ma’lumot berish, targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi” - dedi O‘zbekiston Respublikasining Turkiya Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Alisher A’zamxodjayev.

O‘zbekiston Respublikasida nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘zlarining konstitutsiyaviy huquqlarini, jumladan saylov huquqini boshqa fuqarolar bilan teng va erkin amalga oshirishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Saylov kodeksida nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari va ularni ro‘yobga chiqarish uchun imkoniyatlar tengligini ta’minlash, to‘siqsiz foydalanish bo‘yicha qoidalar kiritilganligi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay sharoit yaratilishiga xizmat qiladi.

Markaziy saylov komissiyasining majlisida nogironligi bo‘lgan shaxslarning o‘z saylov huquqlaridan teng, faol va to‘siqsiz foydalanishini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish masalasi ham ko‘rib chiqildi va tegishli qarori qabul qilindi. Ta’kidlash o‘rinliki, mazkur masala Markaziy saylov komissiyasi bilan O‘zbekiston Nogironlar jamiyati, O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati va O‘zbekiston Karlar jamiyati o‘rtasida shu yil 2- sentabr kuni imzolangan ikki tomonlama kelishuvlarga mosdir.

Majlisda nomlari qayd etilgan jamiyatlarning 2019-yil 22-dekabrda o‘tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatlari “Saylovlarda teng imkoniyatlar!” shiori ostida ishtirok etish borasidagi tashabbusi ma’qullanib, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash lozimligi ta’kidlandi.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov kampaniyasini yoritish yuzasidan mamlakatimiz va chet el jurnalistlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish davom etmoqda. Xozirgi kunga qadar, akkreditatsiyadan o‘tkazilgan mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari soni 254 taga yetdi. Xuddi shunday vakolatga ega bo‘lgan xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari soni esa, 85 tani tashkil etmoqda. Bugungi majlisda O‘zbekistonda chop etiladigan “Mahalla” gazetasi va “Mahalla ko‘zgusi”, «O‘zbekiston» teleradiokanali, «O‘zbekiston 24» teleradiokanali, «Yoshlar» teleradiokanali, «Sport» teleradiokanali, «Toshkent» teleradiokanali, “Dunyo” axborot agentligi hamda xorijiy OAV bo‘lgan “Sputnik-O‘zbekiston” Axborot agentligi va radiosi, Germaniyaning «ARD» telekanali, Buyuk Britaniyaning «The Financial Times» gazetasi va AQShning «Bloomberg» Axborot agentligi jurnalistlari akkreditatsiya qilindi.

Majlisda Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga muvofiq Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi Parlamentlararo assambleyasi kuzatuvchilar missiyasining 28 nafar hamda Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasi kuzatuvchilar missiyasining 65 nafar xalqaro kuzatuvchilari akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

Majlisda Markaziy saylov komissiyasining vakolatiga kiradigan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Поделиться