O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Issiqlik taʼminoti tizimini takomillashtirish va issiqlik taʼminoti korxonalarini moliyaviy sogʻlomlashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

2019-12-03 | Hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Oʻtgan davr mobaynida respublikada issiqlik taʼminoti tizimini yaxshilash hamda aholini issiqlik energiyasi va issiq suv bilan taʼminlash darajasini oshirish boʻyicha muayyan ishlar amalga oshirildi.

Amaliy chora-tadbirlar doirasida issiqlik taʼminoti tizimini rivojlantirish holati kompleks oʻrganildi va issiqlik energiyasini ishlab chiqarish boʻyicha zamonaviy texnologiyalar sinovdan oʻtkazildi.

Shu bilan birga, respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning hozirgi bosqichi issiqlik taʼminoti tizimini kompleks modernizatsiya qilish va energiya tejovchi zamonaviy texnologiyalar asosida uning texnik darajasini oshirish zarurligini taqozo etmoqda.

Issiqlik taʼminoti tizimini rivojlantirish va modernizatsiya qilish, resurslarni tejovchi zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, aholini issiqlik energiyasi hamda issiq suv bilan taʼminlash sifati va darajasini yaxshilash chora-tadbirlarini izchil amalga oshirish maqsadida:

1. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi “2018-2022 yillarda issiqlik taʼminoti tizimini rivojlantirish dasturi toʻgʻrisida”gi PQ–2912-son qaroriga muvofiq isteʼmolchilarga issiqlik energiyasi uzluksiz yetkazib berilishini taʼminlash va uning sifatini oshirish, ishlab chiqarish jarayoniga innovatsion va resurs tejovchi texnologiyalarni, shuningdek, ushbu sohadagi boshqaruvning samarali bozor mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan 2018-2022 yillarda issiqlik taʼminoti tizimini rivojlantirish dasturi amalga oshirilmoqda;

Jahon banki ishtirokida markaziy qozonxonalar, isitish tizimlari hamda tarmoqlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilishni, uylar va kvartiralar ichki issiqlik taʼminoti tizimlarini yopiq issiqlik taʼminoti tizimiga oʻtkazgan holda tiklashni nazarda tutuvchi umumiy qiymati 220,7 million AQSH dollari boʻlgan “Andijon, Chirchiq, Buxoro, Samarqand va Toshkent (TS-8) shaharlarida markazlashtirilgan issiqlik taʼminoti tizimini rekonstruksiya qilish va energiya samaradorligini oshirish” loyihasi amalga oshirilmoqda;

Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi bilan birgalikda issiqlik manbalarining isitish uskunalarini kogeneratsion gaz turbinasi texnologiyasini joriy etgan holda rekonstruksiya qilishni, shuningdek, magistral va taqsimlovchi issiqlik tarmoqlarini almashtirishni nazarda tutuvchi hisob-kitob qiymati 780,4 million AQSH dollari boʻlgan “Buxoro, Fargʻona, Quvasoy, Nukus va Urganch shaharlarida markaziy qozonxonalarni modernizatsiya va rekonstruksiya qilish” loyihasini amalga oshirish masalasi koʻrib chiqilmoqda.

2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

a) 2020-2021 yillar isitish mavsumidan boshlab markazlashtirilgan issiqlik taʼminoti xizmatlari uchun isteʼmolchilar bilan hisob-kitoblar isitish davrining har bir kuniga 1 kvadrat metr isitiladigan maydon hisobida toʻlash tizimiga oʻtkaziladi;

b) 2020-yil 1-yanvardan boshlab:

isteʼmolchilar uchun issiqlik taʼminoti xizmatlariga tariflarni shakllantirish va belgilashda ishlab chiqarish xarajatlarini pasaytirish hamda issiqlik taʼminoti tarmoqlaridagi yoʻqotishlarni qisqartirish hisobiga issiqlik taʼminoti tizimini rivojlantirish va modernizatsiya qilish xarajatlari hisobga olinadi, shuningdek, koʻrsatilayotgan xizmatlar tannarxini qoplash mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish nazarda tutiladi;

aholi uchun issiqlik energiyasi va issiq suvga pasaytirilgan tariflarni qoʻllash natijasida koʻriladigan zararlar Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari hisobidan qoplanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:

Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining 2020-yilgi parametrlarini shakllantirishda aholi uchun issiqlik energiyasi va issiq suvga pasaytirilgan tariflarni qoʻllash natijasida koʻriladigan zararlarni qoplash uchun 1-ilovaga muvofiq zarur mablagʻlarni nazarda tutsin;

issiqlik taʼminoti sohasiga ajratilayotgan byudjet mablagʻlarining maqsadli va oqilona ishlatilishini taʼminlash yuzasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosarlari tomonidan tegishli yil uchun tadbirlar rejasi ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi boʻyicha choralar koʻrsin.

3. Belgilansinki, issiqlik taʼminoti xizmatlarini koʻrsatish sohasida:

a) Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda quyidagilar uchun javobgardir:

issiqlik taʼminoti korxonalari tomonidan xizmatlar tuziladigan shartnomalarga muvofiq koʻrsatilishini, shuningdek, isteʼmolchilarga issiqlik energiyasi va issiq suv uzluksiz yetkazib berilishini taʼminlash;

issiqlik energiyasi va issiq suv uchun toʻlovlarning kvartiralar ichki hisobga olish uskunalari koʻrsatkichlari, isteʼmolning normativ hajmlari va kvartiraning isitiladigan maydoni oʻlchami asosida oʻz vaqtida va toʻliq undirilishini taʼminlashni, shuningdek, isteʼmolchilarning qarzdorligi kamaytirilishini nazorat qilish;

issiqlik taʼminoti korxonalari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar hajmlari haqidagi hisobot va axborotlar, debitor va kreditor qarzdorlik toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning haqqoniyligi, shuningdek, issiqlik energiyasi hamda issiq suvni nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish;

issiqlik taʼminoti tizimi obyektlarining holati, foydalanilishi va ularga taʼmirlash xizmati koʻrsatilishi ustidan nazoratni taʼminlash;

issiqlik energiyasi va issiq suvni hisobga olish uskunalarining almashtirilishi va oʻrnatilishini, shuningdek, issiqlik taʼminoti korxonalari tomonidan ularning plombalanishini tashkil etish;

issiqlik energiyasi va issiq suvdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash, bartaraf etish va oldini olish;

b) Toshkent shahar hokimligi ushbu bandning “a” kichik bandida nazarda tutilgan tadbirlarning Toshkent shahrida amalga oshirilishi uchun javobgardir.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining:

Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining markaziy apparati tuzilmasida Issiqlik taʼminoti tizimlaridan foydalanish boshqarmasini tugatgan holda, issiqlik taʼminoti tizimlarini kompleks rivojlantirish va modernizatsiya qilish, shuningdek, ularning obyektlaridan ishonchli va samarali foydalanishni taʼminlash uchun masʼul boʻlgan Issiqlik taʼminoti tizimlarini kompleks rivojlantirish boshqarmasi hamda Issiqlik taʼminoti tizimlarini saqlash va ulardan foydalanish boshqarmasini tashkil etish;

resurs tejovchi zamonaviy texnologiyalarni, shuningdek, ishlab chiqarish jarayonining barcha bosqichlarida issiqlik energiyasi va issiq suvni ishlab chiqarish hamda isteʼmol qilishni hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etishni inobatga olgan holda, markazlashtirilgan issiqlik taʼminoti tizimini 2019-2024 yillarda bosqichma-bosqich yopiq tizimga oʻtkazish;

aholiga issiqlik energiyasi va issiq suvni issiqlik taʼminoti korxonalari, isteʼmolchilar va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari yoki professional boshqaruv kompaniyalari oʻrtasida tuziladigan uch tomonlama shartnomalar asosida, koʻp kvartirali uylar bevosita mulkdorlar tomonidan boshqarilgan taqdirda esa ikki tomonlama shartnomalar asosida yetkazib berish tartibini bosqichma-bosqich joriy etish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin.

Belgilansinki, ushbu bandning ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan yangidan tashkil etilayotgan boshqarmalarning shtat birliklari soni Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tizimi boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida shakllantiriladi.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tomonidan Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ishlab chiqilgan 2019-2022 yillarda respublikaning issiqlik taʼminoti tizimini rivojlantirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Masʼul vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga ushbu bandda nazarda tutilgan “Yoʻl xaritasi”ga kiritilgan chora-tadbirlarni oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli amalga oshirish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

7. Respublikaning issiqlik taʼminoti tizimini isloh qilishga koʻmaklashish boʻyicha ishchi guruh 4-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin va unga quyidagi vazifalar yuklatilsin:

issiqlik energiyasini ishlab chiqarish va yetkazish sarf-xarajatlarini kamaytirish, magistral va uylarning ichki issiqlik taʼminoti tarmoqlarida mavjud yoʻqotishlarni qisqartirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni tashkil etish;

issiqlik taʼminoti sohasiga zamonaviy texnologiyalar va boshqaruv usullari, jumladan, issiqlik energiyasini ishlab chiqarish, taqsimlash hamda uning isteʼmolini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi faol joriy etilishini taʼminlash;

issiqlik taʼminoti sohasida davlat tarif siyosatini takomillashtirish, shuningdek, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish boʻyicha har tomonlama tahlil oʻtkazish va takliflar ishlab chiqish;

issiqlik taʼminoti sohasidagi istiqbolli investitsiya loyihalarini, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini tayyorlash, koʻrib chiqish va amalga oshirishga koʻmaklashish;

“Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli amalga oshirilishini tizimli monitoring qilish;

mazkur qarorda nazarda tutilgan vazifalar amalga oshirilishining holati toʻgʻrisida har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borish.

Ishchi guruh (B.A.Xoʻjayev) bir oy muddatda mazkur qarorning ijrosini taʼminlash boʻyicha batafsil amaliy tadbirlar rejasi ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini tashkil etsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi:

a) Moliya vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi bilan birgalikda 2020-2022 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini shakllantirishda 5 va 5a–5n-ilovalarga muvofiq hududlarning issiqlik taʼminoti tizimlarini rivojlantirish boʻyicha manzilli dasturlarga kiritilgan, ushbu yillarga rejalashtirilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun byudjet mablagʻlarini nazarda tutsin;

b) Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Energetika vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

issiqlikni saqlovchi, shu jumladan, penopoliuretandan tayyorlangan polimer izolyatsiyali va himoya qobigʻiga oʻralgan, kanalsiz yotqizish imkonini beruvchi quvurlar, shuningdek, individual issiqlik punktlari va ularning butlovchi buyumlarini ishlab chiqarish sohasida sanoat tarmoqlari oʻrtasidagi oʻzaro kooperatsiyani kengaytirish boʻyicha mavjud salohiyatni oʻrgansin;

mavjud xomashyo resurslarini inobatga olgan holda, mahalliylashtirilishi lozim boʻlgan, issiqlik taʼminoti sohasida foydalaniladigan mahsulotlar roʻyxatini shakllantirsin hamda 2020-2022 yillarda ularni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va quvvatlarini kengaytirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda:

2020-2021 yillarda 5 va 5a–5n-ilovalarga muvofiq hududlarning issiqlik taʼminoti tizimlarini rivojlantirish boʻyicha manzilli dasturlarga kiritilgan istiqbolli loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish choralarini koʻrsin;

ushbu loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilishiga qarab, ularni amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablagʻlarini jalb qilish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib borsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab:

Toshkent davlat texnika universitetida (Toshkent qurilish-kommunal kasb-hunar kolleji negizida) – issiqlik taʼminoti sohasida talab yuqori boʻlgan mutaxassislarni (issiqlik texnikasi muhandisi, muhandis-metrolog, energiya auditi muhandisi, muhandis-iqtisodchi) tizimli oʻqitish va tayyorlashni;

sohaga oid taʼlim muassasalarida – zamonaviy va innovatsion oʻqitish usullarini qoʻllagan holda, issiqlik taʼminoti obyektlarini loyihalashtirish, qurish, boshqarish va ulardan foydalanish sohasida mutaxassislarni kasbga qayta tayyorlash boʻyicha doimiy ishlaydigan qisqa muddatli (3 oydan 12 oygacha) kurslarni tashkil etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A.Gulyamov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti                                               Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2019-yil 2-dekabr

Поделиться