O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
JSST O‘zbekistondagi ftiziatriya xizmatiga yuqori baho berdi
2019-11-29 | Sog‘liqni saqlash
Poytaxtimizda O‘zbekistonda silga qarshi kurashish bo‘yicha milliy dasturning 2019 yil davomidagi faoliyati natijalariga bag‘ishlangan konferentsiya bo‘lib o‘tmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi va Germaniya KfW taraqqiyot banki hamkorligida tashkil etilgan tadbirda olimlar, shifokorlar, milliy va xalqaro ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, sayyoramizda yiliga 8,6 million kishi sil xastaligiga chalinmoqda. 1,43 million bemor esa silning turli asoratlari tufayli vafot etadi. Shu bois, jahon miqyosida bu kasallikning oldini olish, barvaqt aniqlash va davolashning zamonaviy usullarini tatbiq etishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Mamlakatimizda ham inson salomatligiga jiddiy ta’sir etayotgan ushbu dolzarb tibbiy-ijtimoiy muammoga qarshi kurashish sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlarning ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan. Bugungi kunda respublikamiz sog‘liqni saqlash tizimida silga qarshi kurash ishlarini tashkil etishda tibbiy-profilaktika, diagnostika va davolashning zamonaviy usullari yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, birlamchi tibbiy-profilaktika muassasalarida maxsus xonalar tashkil etilgan va zamonaviy tibbiy-tahlil vositalari bilan jihozlangan. Tumanlardagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda esa kasallikka barvaqt tashxis qo‘yish va erta aniqlash imkoniyati mavjud.
Aholiga bu yo‘nalishda ixtisoslashgan tibbiy yordamni jahon andozalari darajasida tashkil etish borasida ham barcha sharoitlar mavjud. Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bu yo‘nalishda muhim ilmiy-amaliy ishlar bajarilayotir. Keyingi yillarda mazkur tibbiyot muassasasi va viloyatlardagi silga qarshi kurash dispanserlari tubdan ta’mirlandi va zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi.
Mamlakatimizda silga qarshi kurash ishlarini tashkil etishda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tavsiya yetilgan «Silga barham berish» strategiyasiga va bu yo‘nalishda ishlab chiqilgan milliy dastur muhim samara bermoqda. Ushbu strategiyani amalga oshirish natijasida silga chalingan bemorlar standart diagnostika va klinik xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lib, xalqaro standartlarga javob beradigan davo olmoqdalar.
Ftiziatriya muassasalarida silga qarshi dori vositalariga chidamli turlarni tashhislashni mukammallashtirish maqsadida 50 dan ortiq o‘ta zamonaviy molekulyar diagnostika apparatlari o‘rnatildi. Uzluksiz va keng qamrovli davolanishni ta’minlash uchun silga chalingan bemorlarga yuqori sifatli davolash kursi uchun dorilar bepul beriladi. Dorilarga chidamli silga chalingan bemorlarni davolash uchun zamonaviy qisqa kurslar joriy etilmoqda va silga qarshi yangi dorilar qo‘llanilmoqda.
— Ilgarilari silni aniqlashga 3-4 oylab vaqt talab etilardi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Nargiza Parpiyeva. — Tibbiyotga diagnostika va davolashning bunday yangi usullari kirib kelishi natijasida bugungi kunda kasallikka bor-yo‘g‘i 70 daqiqa ichida aniq tashxis qo‘yilmoqda. Ilg‘or operatsiya usullari joriy etilishi, samarali dori-darmonlar qo‘llanilishi natijasida bemorlarning kasallikdan sog‘ayish muddati ham 2 yildan 9 oyga qisqardi. Tibbiyotimizdagi bunday muhim yutuqlar tufayli mamlakatimizda sil bilan kasallanish ko‘rsatkichi 2 barobarga, o‘lim ko‘rsatkichi 4 barobarga qisqardi. Ayni paytda olimlarimiz silga chalingan bemorlarning davolanish kursini olti oyga qisqartirish ustida ilmiy izlanishlar olib bormoqda.
Inson manfaatini ta’minlashga yo‘naltirilgan bunday muhim chora-tadbirlar samarasida mamlakatimizda sil kasalliklarini davolash bo‘yicha yuqori natijalar qayd etilmoqda. Xususan, davolash samaradorligi bugun 87 foizga yetkazildi. Dunyoda ushbu ko‘rsatkich 85 foiz ekanini inobatga olsak, natija ko‘lami yanada yaxshiroq anglashiladi. Yana bir e’tirof etishga arzirli yutug‘imiz, JSST ma’lumotiga ko‘ra, silga qarshi olib borilgan tadbirlarning natijalari bo‘yicha O‘zbekiston ftiziatriya xizmatining Yevropa hududidagi 53 mamlakat orasida kuchli uchtalikdan o‘rin olgani bo‘ldi. Ya’ni, mamlakatimiz bugungi kunda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa hududiga kiruvchi 53 mamlakat orasida bu yo‘nalishda 2-o‘rinda turibdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 13 fevraldagi «Ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya yordami ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi qarori qabul qilinishi bu yo‘nalishdagi ishlarni yanada rivojlantirishga turtki bo‘lmoqda.
Ayni paytda Sog‘liqni saqlash vazirligi tegishli davlat, jamoat, xalqaro tashkilotlar, ilm-fan muassasalari bilan hamkorlikda mazkur qarorda belgilangan vazifalarni hayotga tatbiq etish, silning oldini olishga oid tibbiy-profilaktika ishlarini kuchaytirish, shu bilan birga, kasallikni davolashning yanada samarali uslublarini joriy etish yuzasidan ilmiy-amaliy loyihalarni hayotga tatbiq etmoqda.
Konferentsiyada O‘zbekistonda ftiziatriya xizmatida olib borilayotgan amaliy ishlar, ilmiy tadqiqotlar va erishilayotgan natijalarga yuqori baho berildi. Kelgusida bu yo‘nalishda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar belgilab olindi.