O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Turkmaniston Prezidentiga O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Faxriy akademigi unvoni berildi

2019-11-29 | Siyosat

28-noyabr kuni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovga O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Faxriy akademigi unvonini berishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimiz Fanlar akademiyasi ushbu qarorni Turkmaniston Prezidenti xalqaro ilmiy doiralarda keng tanilgan va e’tirof etilgan olim, zamonaviy tibbiyot, farmakologiya, iqtisodiyot, arxitektura va fanning boshqa sohalarini rivojlantirish hamda Markaziy Osiyoning boy tabiatini o‘rganishga bag‘ishlangan qator ilmiy qomusiy asarlar muallifi ekanligini inobatga olgan holda qabul qildi. 

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev so‘zga chiqib, ushbu qaror Turkmaniston Prezidentining ilm-fan sohalarini rivojlantirish, qardosh o‘zbek va turkman xalqlari o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashdagi xizmatlariga ulkan hurmat ifodasi ekanini ta’kidladi.

Turkmaniston Prezidentining ajdodlar ma’naviy merosi va fundamental ilmiy izlanishlarga asoslangan ko‘p sonli ilmiy asarlari bugungi fan, madaniyat va san’at rivojiga munosib hissa qo‘shdi.

Davlatimiz rahbari oxirgi yillar ko‘p asrlik aloqalar tarixida alohida ahamiyatga ega bo‘lgani va bugungi kunda Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma asosida tobora rivojlanayotganini qayd etdi. Bu o‘zaro savdo hajmining ancha oshgani, sanoat kooperatsiyasi va hududlararo hamkorlik kuchayib borayotgani, madaniy-gumanitar aloqalar faollashganida namoyon bo‘lmoqda.

Toshkent shahrida ko‘rkam “Ashxobod” bog‘ining ochilgani, poytaxtimizning markaziy ko‘chalaridan biriga turkman xalqining buyuk shoiri va mutafakkiri Mahtumquli Firog‘iy nomi berilgani, Xorazmda “Ulli Hovli” O‘zbekiston-Turkmaniston turizm majmuasi tashkil etilgani xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari tobora mustahkamlanib borayotganiga yorqin misoldir.

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuxamedov, o‘z navbatida, Prezident Shavkat Mirziyoyev va O‘zbekiston Fanlar akademiyasiga ko‘rsatilgan yuksak e’tibor uchun chuqur minnatdorlik bildirdi, bu Turkmanistonga hurmat-ehtirom ifodasi, mamlakatning fan va ta’lim sohalaridagi yutuqlari e’tirofi, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik mustahkamligidan dalolat ekanini ta’kidladi.

Turkmaniston rahbari ko‘p asrlik tarixiy-madaniy aloqalar bog‘lab turgan mamlakatlarimizning yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan hamkorligi o‘zaro manfaatlarga ham, butun mintaqa farovonligi yo‘lidagi maqsadlarga ham mos ekanini qayd etdi.

Gurbanguli Berdimuhamedov Prezident Shavkat Mirziyoyevning ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikni mustahkamlash, unga yangi sur’at bag‘ishlashga qo‘shgan shaxsiy hissasini yuksak baholadi. O‘zbekiston rahbari bilan muntazam va samarali uchrashuvlar doimo do‘stona va ishonch ruhida o‘tayotgani va aniq kelishuvlarga erishishga xizmat qilayotgani qayd etildi.

Bularning barchasi O‘zbekiston va Turkmaniston konstruktiv davlatlararo siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlik va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish borasida qat’iy ekanini tasdiqlaydi.

Tadbirda ilm-fan va madaniyat namoyandalari, O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan turkman millati vakillari so‘zga chiqib, Turkmaniston Prezidentini yuksak unvon bilan tabrikladi. 

Marosimda ikki mamlakatning rasmiy delegatsiyalari a’zolari, akademik doiralari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Поделиться