O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Prezident tashrifi oldidan: Yaponiyaning yetakchi OAV vakillari O‘zbekistonda bo‘layotgan islohotlar bilan yaqindan tanishishdi
2019-11-28 | Turizm
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga tashrifi oldidan kunchiqar mamlakatning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari uchun yurtimizga infotur tashkil etildi. Infotur Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan.
Yaponiya delegasiyasi tarkibidan “NHK” teleradioeshittirishlar korporatsiyasi, “JIJI Press” axborot agentligi, “Mainichi Shimbun”, “Sankei Shimbun”, “To-o Press”, “Chunichi Shimbun” gazetalari hamda “Globe-Trotter Travel Guidebook” turistik jurnali kabi taniqli OAV vakillari o‘rin olgan.
Ta'kidlash joizki, Yaponiya mediasi vakillari davlat rahbarining dekabr oyida Yaponiyaga amalga oshiradigan tashrifini keng va samarali yoritishni maqsad qilishgan. Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov yaponiyalik jurnalistlar delegatsiyasi bilan uchrashib, ularga bugungi kunda O‘zbekistonda olib borilayotgan yirik islohotlar, xususan ta'lim, turizm, jismoniy tarbiya va sport hamda sog‘liqni saqlash sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma'lumot berdi. Jurnalistlar Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga tashrifi oldidan yapon jamoatchiligining O‘zbekistonga oid bilimlarini oshirish hamda mamlakatimiz bilan har tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi. Jumladan, ular buguni kunda O‘zbekistonda turli sohalarda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, siyosiy jarayonlar, O‘zbekistonning ochiqlik va shaffoflik siyosatiga o‘tishi, Toshkent-Nagoya hamkorlik aloqalari, turizm infratuzilmalariga qiziqish bildirishdi. Shuningdek, Yaponiya delegasiyasi vakillari ayni damda O‘zbekistonda saylovlar oldidan o‘tkazilayotgan debatlarga ham to‘xtalib, OAV orqali bunday jarayonlarni qiziqish bilan kuzatib borayotganliklarini ma'lum qilishdi.
Yaponiya OAV vakillari tashrif doirasida O‘zbekistonning Toshkent, Samarqand shaharlari, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida bo‘lishdi. Surxondaryodagi Termiz arxeologiya muzeyi, Budda arxeologik yodgorliklari, Fayoztepa, Qoratepa hamda Oks Aleksandriyasi (Kampirtepa) ularda juda katta taassurot qoldirdi. “Globe-Trotter Travel Guidebook” turistik jurnali vakili Termiz shahrini “Yaponiyaliklar albatta sayohat qilishi lozim bo‘lgan yo‘nalishlar” ro‘yxatiga qo‘shishini va bu yo‘nalish yaponiyaliklarda katta qiziqish uyg‘otishini bildirdi. Shu o‘rinda qayd etish lozimki, Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida ushbu hududni yaponiyalik sayyohlar orasida keng targ‘ib qilish kerakligini ta'kidlagan edi.
Bundan tashqari, Yaponiya delegatsiyasi O‘zbekiston Prezidentining kunchiqar mamlakatga tashrifi maqsadiga ham qiziqish bildirishdi. Ularga barcha sohalar va ayniqsa, ta'lim tizimiga alohida e'tibor qaratilishi, ushbu sohadagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, O‘zbekistonda Yaponiya ta'lim tizimini targ‘ib qilish ko‘zda tutilayotgani ma'lum qilindi. Uchrashuv yakuniga ko‘ra, yaponiyalik jurnalistlar olingan ma'lumotlar asosida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga tashrifini keng va samarali yoritishlarini ta'kidlashdi.
Ma'lumot uchun: Yaponiyaning “NHK” teleradioeshittirishlar korporatsiyasi dunyodagi eng yirik teleradiokompaniyalardan biri hisoblanadi. Korporatsiya dunyo bo‘ylab 29 vakolatxonasiga ega. “Mainichi Shimbun” gazetasi 5,6 milliondan ziyod nusxada chop etiladi. Nashriyot xorijiy mamlakatlarda 28 vakolatxonasiga ega. Uning auditoriyasi 30 million kishini tashkil qiladi. Gazeta muntazam ravishda O‘zbekistonning iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyoti, tarixi, an'analari va madaniyati haqida materiallar taqdim etib boradi. “Globe-Trotter Travel Guidebook” Yaponiyaning 1969-yilda tashkil topgan yetakchi turistik nashriyoti. Nashriyot har kuni sayyohlik jurnallari, gazetalari, yapon tilida boshqa mamlakatlar, jumladan O‘zbekiston bo‘yicha qo‘llanmalar chop etadi. “Chunichi Shimbun”. 4 million nusxada chop etiluvchi gazeta asosan Yaponiyaning markaziy qismini qamrab olgan bo‘lib, bundan tashqari, London, Parij, Berlin, Vashington, N'yu-York, Moskva, Qohira, Bangkok, Pekin, Shanxay va Seul shaharlarida xorijiy filiallariga ega. 22-noyabr kuni Yaponiyaning yana bir delegatsiyasi - “NHK” teleradiokompaniyasi vakillari O‘zbekistonda s'yomka jarayonlarini amalga oshirish uchun tashrif buyurishdi. Ular 4-dekabrga qadar O‘zbekistonning bir necha shaharlari bilan yaqindan tanishib, Prezidentning Yaponiyaga tashrifi oldidan targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirishni maqsad qilishgan.