O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
SHHTga aʼzo davlatlarning ilm-fan va texnika sohasidagi vazirlik va idoralari rahbarlarining beshinchi yigʻilish natijalari
2019-11-28 | Fan
Moskva shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlarining ilm-fan va texnika sohasidagi vazirlik va idoralari rahbarlarining beshinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi nomidan Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov ishtirok etdi.
Yigʻilishda SHHTga aʼzo mamlakatlarning muvaffaqiyatli hamkorligi zaminida munosabatlarning barqarorligi va ishonch yotishi taʼkidlandi. Mamlakatlar global muammolarni hal etish va yechilishi zarur boʻlgan yirik masalalarga javob topish uchun shu yoʻlda birgalikda harakat qilishlari zarurligi qayd etildi.
Delegatsiyalar aʼzolari 2016-2020-yillarda ilmiy-texnik hamkorlik toʻgʻrisidagi SHHTga aʼzo davlatlar hukumatlari oʻrtasidagi Kelishuani amalga oshirish boʻyicha tadbirlar rejasining bajarilishini muhokama qildilar. Avvalgi yigʻilish qarorlarining amalga oshirilishini tomonlar ijobiy baholadilar.
Ibrohim Abdurahmonov yigʻilishda soʻzga chiqib, Prezidentimizning SHHT doirasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-logistika, innovatsion sohalardagi hamkorlikning samarasini oshirishga qaratilgan qator tashabbuslarini amalga oshirishning muhimligi haqida gapirarkan, Tashkilotning keyingi yillarda jahon sahnasida muhim ahamiyat kasb etayotganini taʼkidladi.
Delegatsiyalar rahbarlari SHHTga aʼzo davlatlarning ilmiy-texnik hamkorligini qoʻllab quvvatlash va muvofiqlashtirishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish boʻyicha fikr almashdilar. Tabiiy resurslarni himoya qilish, energiya samaradorligi va energiya tejamkorligi, qishloq xoʻjaligi sohasidagi,innovatsion texnologiyalar, xususan oziq-ovqat xavfsizligi, biotexnologiyalar va biomuhandislik, innovatsion texnologiyalar, shuningdek nanotexnologiyalar va axborot texnologiyalari hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilandi. Bundan tashqari, Yigʻilish qatnashchilari tashkilotga aʼzo davlatlarning olimlari va tadqiqotchilarining tajriba almashishlari uchun shart-sharoitlar yaratilishi zarurligi toʻgʻrisida yakdillik bildirdilar.
SHHTga aʼzo davlatlarning ilm-fan va texnika sohasidagi vazirlik va idoralari rahbarlarining oltinchi yigʻilishini Pokistonda oʻtkazilishiga kelishildi.