O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Aholining ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasini oshirish va uning sifatini yaxshilash uchun Oʻzbekiston Respublikasining suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

2019-11-27 | Hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda suvdan oqilona foydalanish, uning sifati va xavfsizligini taʼminlash, shuningdek, suv isteʼmolini hisobga olishning zamonaviy innovatsion tizimlarini joriy etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar koʻrilgan holda suvdan foydalanish, shu jumladan, suv taʼminoti va suv chiqarish sohasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Suvdan foydalanishni samarali tartibga solishni taʼminlash uchun suv resurslarini boshqarish boʻyicha yangi tuzilmalar yaratilgan, suv taʼminoti va suv chiqarish sohasiga xususiy sektorni jalb qilish boʻyicha faol ishlar olib borilmoqda.

Biroq global iqlim oʻzgarishi tufayli respublikada quruq fasllarning davomiyligi oshib bormoqda, togʻlarda qor zaxiralari maydoni kamaymoqda, kamsuvlik takrorlanishi tobora koʻpaymoqda, bu esa, oʻz navbatida, suv tanqisligi kelib chiqish xavfining oshishiga olib keladi.

Shu bilan birga, mamlakat suv balansini boshqarishda vakolatli davlat organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish zarur darajada olib borilmayapti, shuningdek, suv resurslari sifati va xavfsizligi monitoringini amalga oshirishning samarali tizimi yaratilmagan.

Suvdan oqilona foydalanishni taʼminlash, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining xavfsiz va sifatli suv resurslariga boʻlgan ehtiyojlarini qanoatlantirish, suv balansini boshqarishning samarali tizimini yaratish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi vazifalariga muvofiq:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi (keyingi oʻrinlarda – Vazirlik) tomonidan yetakchi xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda, quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasining suv taʼminoti va suv chiqarish tizimini rivojlantirish strategiyasi konsepsiyasi ishlab chiqilayotgani maʼlumot uchun qabul qilinsin:

respublikaning Yagona davlat suv fondi suvlarini hisobga olish, monitoring qilish, xavfsizligi va sifatini taʼminlashning yagona markazlashtirilgan tizimini yaratish, shuningdek, yagona suv balansini shakllantirish;

respublika suv taʼminoti korxonalari negizida suv taʼminoti va suv chiqarish tizimlari obyektlarini ekspluatatsiya qilishda yagona operator funksiyasini bajarishni amalga oshiradigan alohida korporativ tuzilmani tashkil etish;

respublikaning suv resurslarini boshqarish tizimini avtomatlashtirishni va ushbu sohadagi barcha biznes jarayonlarini raqamli formatga oʻtkazishni taʼminlaydigan “Raqamli suv taʼminoti korxonasi” tizimini joriy etish;

soha korxonalarini modernizatsiya qilish va texnik qayta jihozlashni amalga oshirish maqsadida investitsiyalarni, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida jalb etish;

zamonaviy talab va standartlarni hisobga olgan holda soha mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish.

2. Vazirlik Yagona davlat suv fondi suvlarini hisobga olish, monitoring qilish, xavfsizligi va sifatini taʼminlashni muvofiqlashtirish sohasida, shuningdek, yagona suv balansini shakllantirish boʻyicha vakolatli davlat organi etib belgilansin va uning zimmasiga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklansin:

suv balansining yagona axborot tizimini yaratgan holda Yagona davlat suv fondi suvlarining miqdoriy va sifat koʻrsatkichlari toʻgʻrisida vakolatli organlar va tashkilotlarning maʼlumotlarini toʻplash, umumlashtirish va tizimlashtirish orqali respublikaning yagona suv balansini shakllantirishni tashkil etish;

suvni hisobga olishning holati, uning xavfsizligi va sifatini taʼminlash toʻgʻrisida vakolatli organlar va tashkilotlar tomonidan

taqdim etilayotgan maʼlumotlarning ishonchliligi monitoringini oʻtkazish, zarur boʻlganda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ishlab chiqish;

Yagona davlat suv fondi suvlarini hisobga olish, monitoring qilish, xavfsizligi va sifatini taʼminlash boʻyicha vakolatli organlar va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish;

toza ichimlik suvining strategik zaxiralarini yaratishni tashkil etish, shu jumladan, katta hajmdagi zaxira manbalarini barpo etish;

suvdan foydalanish sohasida zamonaviy innovatsion texnologiyalarni, shu jumladan, suvning miqdori va sifatini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etishni muvofiqlashtirish, ularning respublika suv balansining yagona axborot tizimiga integratsiyalashuvini taʼminlash.

3. Vazirlikning markaziy apparati tarkibiga Yagona davlat suv fondi suvlarini hisobga olish, monitoring qilish, xavfsizligi va sifatini taʼminlash, respublikaning yagona suv balansini shakllantirish, shuningdek, suv taʼminoti va suv chiqarish tizimiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni tashkil qilish va muvofiqlashtirishga masʼul boʻlgan vazirning birinchi oʻrinbosari lavozimi kiritilsin.

4. Vazirlik markaziy apparati tarkibida:

Yagona suv balansini shakllantirish va monitoring qilish bosh boshqarmasi;

Yagona davlat suv fondi suvlarining xavfsizligi va sifatini taʼminlash boshqarmasi;

Suv taʼminoti va suv chiqarish tizimlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish boshqarmasi tuzilsin.

Belgilab qoʻyilsinki, Vazirlikda yangi tashkil etilayotgan boshqarmalarning shtatlari soni Vazirlikning markaziy apparati va hududiy boʻlinmalarining tegishli shtatlar sonini qisqartirish hisobiga shakllantiriladi.

5. Vazirlik, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining:

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasini Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi sifatida qayta tashkil etib, amaldagi vazifa va funksiyalarini, shuningdek, moliyalashtirish tartibini saqlab qolgan holda Vazirlik tarkibiga oʻtkazish;

“Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish va uning ustav kapitalini mazkur Farmonning 1-ilovasida koʻrsatilgan Vazirlikning davlat unitar korxonalari ustav kapitalidagi davlat aktivlari va ulushlarini topshirish hisobiga shakllantirish, shuningdek, ushbu korxonalarni masʼuliyati cheklangan jamiyatlar sifatida qayta tuzish;

2020-yil 1-yanvardan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining koʻrsatilayotgan suv taʼminoti va suv chiqarish xizmatlari uchun toʻlovlarning toʻliqligi va oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash, isteʼmolchilarning qarzdorligini kamaytirish boʻyicha funksiyalarini “Oʻzsuvtaʼminot” AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarga oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

Vazirlik tomonidan Yagona davlat suv fondining barcha suvlar turlariga nisbatan miqdoriy va sifat koʻrsatkichlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni aks ettiruvchi respublika suv balansining yagona axborot tizimi yuritiladi;

Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi Yagona davlat suv fondining barcha suvlar turlariga nisbatan miqdoriy va sifat koʻrsatkichlari toʻgʻrisidagi hisob maʼlumotlarini tizimli ravishda Vazirlikka taqdim etib boradi;

Vazirlik suvni hisobga olishning toʻgʻriligini, uning xavfsizligi va sifatini tasdiqlangan va yangilangan maʼlumotlarni yagona maʼlumotlar bazasiga kiritgan holda monitoring qiladi, shuningdek, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ishlab chiqadi hamda ularni suvdan foydalanishni tartibga solish sohasidagi vakolatli organlar va tashkilotlarga joʻnatadi;

Vazirlik tizimli ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga va Vazirlar Mahkamasiga suvni hisobga olish holati, uning xavfsizligi va sifatini taʼminlash, shuningdek, respublikaning yagona suv balansini shakllantirish toʻgʻrisidagi hisobotni aniq takliflar bilan taqdim etib boradi.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi toʻgʻrisidagi nizom va respublika aholisini suv taʼminoti va suv chiqarish xizmatlari bilan taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni tasdiqlasin.

8. Moliya vazirligi Vazirlik bilan birgalikda bir oy muddatda suv taʼminoti korxonalarining xalqaro moliya institutlari oldidagi qarzdorligini xatlovdan oʻtkazsin va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga moliyaviy yukni kamaytirgan holda uni qoplash toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Vazirlik bilan birgalikda bir oy muddatda kelgusi yillarda xalqaro moliya institutlarining kredit mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan suv taʼminoti va suv chiqarish tizimini yaxshilash boʻyicha loyihalar roʻyxatini shakllantirish, shuningdek, past rentabelli loyihalar va taqdim etilayotgan xizmatlardan kredit qoplanishi 50 foizdan kam boʻlgan loyihalarning amalga oshirilishiga yoʻl qoʻymagan holda ular boʻyicha texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqishni taʼminlasin.

10. Vazirlik Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda xorijiy maslahatchilarni jalb etgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar suv taʼminoti va suv chiqarish tizimlarini modernizatsiya qilish va boshqarish boʻyicha davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida loyihalarni amalga oshirish choralarini koʻrsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda suvdan foydalanishning strategik yoʻnalishlari, yagona yondashuv, avtomatlashtirish mexanizmlari va bosqichlarini ishlab chiqish va uning barcha jarayonlarini raqamli formatga oʻtkazishni taʼminlasin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 2-ilovaga muvofiq qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin.

13. Vazirlik manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining respublika suv taʼminoti tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisidagi qarori loyihasini;

qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

14. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi R.A.Gulyamov zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                               Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2019-yil 26-noyabr

Поделиться