O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Odil sudlov - biznes manfaatlari himoyasining garovi
2019-11-26 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida Toshkent shahar iqtisodiy sudi sudyasi, tadbirkorlik sub'yektlari hamda Palata huquqshunoslari ishtirokida “Sudlar faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, jamiyatda korruptsiya omillariga nisbatan murosasizlik muhitini yaratish, odil sudlovni amalga oshirish jarayonlari” mavzusida 2019-yil 22-noyabr kuni ochiq muloqot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda Savdo-sanoat palatasi Raisining birinchi o‘rinbosari I.Jasimov so‘z olib, mamlakatimiz iqtisodiyotini jadal rivojlanishida tadbirkorlik sub'yektlari hamda xorijiy investorlarning keng ishtirokini ta’minlashning asosiy omillaridan biri - xususiy mulk daxlsizligi hamda qonun darajasida ishonchli himoya qilinishi muhim ahamiyat kasb etishini, bunda sudlarning roli alohida ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
Bu borada xususiy mulkning himoyasi kafolatlarini kuchaytirish maqsadida zarur bo‘lgan qonunchilik aktlari qabul qilinganligiga alohida e’tiborni qaratdi. Shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan qonunda belgilangan vakolatlardan samarali foydalanib, sud orqali tadbirkorlarni huquq va qonuniy matfaatlarini himoya qilinganligini alohida ta’kidlab o‘tdi. Xususan, joriy yilning hisobot davrida umumiy summasi 4 trln. 719 mlr. so‘m bo‘lgan jami 51 056 ta da’vo arizasi kiritilganligi, shundan 44 483 ta holatda to‘liq qanoatlantirilganligini, 563 ta holatda rad etilganligini bildirdi.
Shu bilan birga Palata joriy yil davomida o‘z a’zolarining xususiy mulkini himoya qilib, sudlarga 120 ta da’vo arizasi kiritganligi ta’kidladi.
Shuningdek, I.Jasimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 20.11.2019-yildagi “Mamlakatimizda biznes muhitini yaxshilash va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining mazmun va mohiyati yuzasidan tadbir ishtirokchilariga tushuntirish berdi.
Tadbirga taklif etilgan Toshkent shahar iqtisodiy sudi sudyasi Rashidov Ravshan Usmonovich so‘zga chiqib, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, shu jumladan tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda odil sudlovni amalga oshirishga qaratilgan islohotlar hamda xususiy mulk daxlsizligi va qonuniy qo‘riqlanishida sudlarning roli to‘g‘risida so‘zlab, mamlakatimizda so‘nggi vaqtlarda qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar, shu jumladan yuqorida bayon etilgan qaror xususida so‘z yuritdi.
Tadbirda ishtirok etgan tadbirkorlar asosan xorijiy shartnomalar yuzasidan kelib chiqqan nizolar, garov mulkini qayta baholash, sud hujjatlarini ijro etish va boshqa masalalar yuzasidan berilgan savollarga to‘liq javoblar olishdi.
Raisning birinchi o‘rinbosari tomonidan mazkur tadbir yakunlanib, Palata tomonidan tashkil etilgan mazkur ochiq muloqot tadbiri kelgusida Toshkent shahar iqtisodiy sudi bilan hamkorlikda keng auditoriyani jalb qilgan holda, kattaroq formatda o‘tkazish taklifi berildi.