O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston-Italiya biznes-forumi va “G2В” muzokaralari bo‘lib o‘tdi
2019-11-25 | Iqtisodiyot
Prezident (gubernator) Attilio Fontana boshchiligidagi Lombardiya viloyati delegasiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida 2019-yil 22-noyabr kuni O‘zbekiston-Italiya biznes forumi va “G2В” muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni faollashtirish va yanada kengaytirish masalalarini muhokama qilishdan iborat edi.
Uchrashuvda Lombardiya viloyati gubernatori Attilio Fontana, Investisiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi Adxam Ikromov, O‘zbekistonning Italiyadagi Favqulotda va muxtor elchisi Otabek Akbarov, Italiyaning O‘zbekistondagi Favqulotda va muxtor elchisi Andrea Bertossi, “Italiya-O‘zbekiston” savdo palatasi prezidenti Luidji Iperti xamda ikki davlat yetakchi kompaniya vakillari ishtirok etishdi.
Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov o‘z nutqida joriy yilning 9 oyida savdo hajmi 320,8 million dollarni tashkil etganini, bu 2017-yilga nisbatan 2 baravar ko‘p ekanligini ta'kidladi. Shuningdek, o‘zaro etkazib berish turlarini yanada kengaytirish dinamikasini mustahkamlash uchun choralar ko‘rilishini aytib o‘tdilar.
Lombardiya hududi gubernatori A. Fontana iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashda har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi, bu esa, O‘zbekiston-Italiya munosabatlarining barcha yo‘nalishlarini faollashtirish va kengaytirishga salmoqli hissa qo‘shish imkonini beradi.
Shuningdek, mavjud savdo-iqtisodiy sharoitlar va bozor xususiyatlarini inobatga olgan holda, hozirgi vaqtda o‘zaro savdo hajmini yiliga 500 million dollargacha oshirish imkoniyati mavjudligi ma'lum qilindi.
Uchrashuvda Italiyaning «Cannon Eurasia S.r.l.» (plastmassaga ishlov berish uskunalarini ishlab chiqarish), «Omnia Onlus Fondazione» (nodavlat notijorat tashkiloti), «Maire Tecnimont» (neft va gaz sektori), «SI.SE» (signalizasiya tizimlari), «Rizzani – De Eccher/Codest» (infratuzilma), «Danieli» (metall ishlab chiqarish), «Wood» (avtomobil inter'erlari uchun aksessuarlar) kompaniyalari vakillarining taqdimotlari bo‘lib o‘tdi.
Forum yakunida kelgusidagi hamkorlik uchun aniqlangan yo'nalishlar doirasida amaliy harakatlar uchun hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risida kelishuvlarga erishildi.
Forum doirasida ikki mamlakat ishbilarmonlari o‘rtasida «G2В» formatidagi muzokaralar o‘tkazish rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu muzokaralar biznesni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga qaratildi.
Bu kabi uchrashuvlar tomonlardagi mavjud muammolarni hal qilishda xamda O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustaxkamlashda asosiy vazifani bajaradi.