O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston va Belarus ilmiy-texnik kengashlari qoʻshma yigʻilish oʻtkazdilar
2019-11-22 | Fan
2019-yil 20-noyabr kuni Innovatsion vazirligi huzuridagi Ilmiy- texnik kengash aʼzolaridan iborat delegatsiya Belarus Milliy Fanlar akademiyasi rahbariyati bilan uchrashuv va tadbirlarda ishtirok etdi.
Delegatsiya aʼzolarini Belarus Milliy Fanlar akademiyasi Prezidiumi raisi oʻrinbosari akademik Pyotr Kazakevich qabul qildi. Shuningdek, Belarus MFA Ilmiy kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Ilmiy-texnik kengashlarining qoʻshma yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda Pyotr Kazakevich akademiya faoliyati, ilm-fanning ustuvor yoʻnalishlari, ilmiy-texnik loyihalarni moliyalashtirish tizimi, tartiblari, erishilgan yutuqlar bilan tanishtirdi.
Belarus MFAda 7 ta fan yoʻnalishi mavjud boʻlib, bu boʻlinmalarni sohaning yetuk olimlari – akademik-kotiblari boshqaradi. Qoʻshma yigʻilishda har bir fan yoʻnalishi boʻyicha olib borilayotgan tadqiqotlar, ustuvor yoʻnalishlar va ilmiy-tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish hamda amaliyotga tatbiq etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumot berildi.
Oʻz navbatida, Innovatsion rivojlanish vazirligi Ilmiy kotibi Noibaxon Mamadaliyeva vazirlik va uning huzuridagi Ilmiy-texnik kengashlar faoliyati, ilmiy-texnik loyihalar tanlovlarini oʻtkazishning yangi tizimi, erishilgan dastlabki yutuqlar va natijalar haqida maʼlumot berdi. Yurtimizda oʻtkazilgan startap loyihalari tanlovlari va ularning natijalari yuzasidan axborot berdi. Bundan tashqari, ilmiy va ilmiy texnikaviy faoliyat natijalarini tijoratlashtirish imkoniyatlari, loyihalarning aniq natijaga qaratilganligi asosiy mezon sifatida baholanayotganligini taʼkidladi. Oʻzbekiston Respublikasida qabul qilingan “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida”gi Qonun, uning mazmun-mohiyati xususida ham toʻxtalib oʻtdi.
P. Kazakevich Ikkinchi jahon urushida erishilgan gʻalabaning 75 yilligini nishonlashga koʻrilayotgan tayyorgarlik xususida soʻz yuritib, oʻzbekistonlik olimlarni ushbu yoʻnalishda hamkorlik qilishga chaqirdi. Innovatsion rivojlanish vazirligi Ilmiy kotibi N.Mamadaliyeva ushbu yoʻnalishda eʼlon qilingan loyihalar tanlovi natijalariga koʻra 2 ta loyiha moliyalashtirishga tavsiya etilgani, Toshkent shahrida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Gʻalaba bogʻi” barpo etilishida aynan belarus mutaxassislari bilan hamkorlik qilinayotganini qayd etdi.
Yigʻilish jarayonida vazirlik huzuridagi fan yoʻnalishlari boʻyicha Ilmiy-texnik kengashlar aʼzolari oʻz sohalari boʻyicha oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish yuzasidan kelishib oldilar.