O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vaziri Toshkent tibbiyot akademiyasining faxriy professori bo‘ldi
2019-11-22 | Sog‘liqni saqlash
Poytaxtimizda Qozog‘iston tibbiyoti kunlari bo‘lib o‘tmoqda. Mamlakatimizda Qozog‘iston yili doirasida tashkil etilgan mazkur tadbirda qo‘shni mamlakat sog‘liqni saqlash sohasi vakillaridan iborat nufuzli delegatsiya ham ishtirok etishayapti.
Ushbu tadbir doirasida Qozog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri, tibbiyot fanlari doktori Yeljan Birtanov har ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun mamlakatimiz Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanovning buyrug‘iga binoan «O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash a’lochisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi tibbiy ta’lim va fan sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan munosib shaxsiy hissasi uchun u Toshkent tibbiyot akademiyasining faxriy professori unvoniga ham sazovor bo‘ldi.
Ayni paytda Qozog‘iston tibbiyot kunlari doirasida ushbu mamlakat mutaxassislarining tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqidagi qiziqarli taqdimotlari bo‘lib o‘tmoqda.