O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Yadro fizikasi instituti ilmiy-tadqiqot faoliyatini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida

2019-11-22 | Hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Oʻzbekistonda yadro fizikasi tadqiqotlari oʻtgan asrning 40-yillarida boshlangan boʻlib, 50-yillariga kelib jadal rivojlana boshladi. Mamlakatda yuqori malakali olimlarning mavjudligi, shuningdek, atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish yoʻlida Oʻzbekiston olimlarining samarali ilmiy izlanishlari va amaliy ishlanmalari 1956-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutining (keyingi oʻrinlarda – Institut) tashkil etilishiga zamin yaratdi.

Institut oʻzining 60 yildan ziyod faoliyati davomida yadro fizikasi va yadroviy texnologiyalar sohasida dunyo ilmiy hamjamiyati tomonidan tan olingan yirik tadqiqot markaziga aylandi.

Oʻtgan yillar davomida Institut jamoasi tomonidan muayyan ishlar amalga oshirildi, shu jumladan:

atom yadrosi va elementar zarralar fizikasi, yadro tuzilishi nazariyasi, quyi va oʻta past energiyalarda yadrolarning parchalanishi va qoʻshilishi fizikasi, yuqori energiyalar fizikasi, astrofizika va kosmologiya, qattiq jism radiatsion fizikasi, radiokimyoning fundamental jihatlari sohalarida yadroviy ilmlarning fundamental asoslari rivojlantirildi;

amaliy radiokimyo, radioizotoplar va ular asosida radiofarmatsevtik preparatlar ishlab chiqarish, iqtisodiyotning turli tarmoqlari uchun radiatsion priborlar va uskunalar tayyorlash, opto- va mikroelektronika uchun yangi materiallar olish boʻyicha amaliy yadro texnologiyalari yaratildi.

Shu bilan birga, yadro fizikasi sohasida tadqiqotlar koʻlamini kengaytirish, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, Institutning ilmiy salohiyatini yanada oshirish uchun qoʻshimcha choralarni koʻrish talab etilmoqda, xususan:

ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirish tizimini takomillashtirish;

yosh olimlarni tayyorlash va ularni ilmiy tadqiqotlarga jalb etish boʻyicha olib borilayotgan ishlarning samaradorligini oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarida mavjud dolzarb muammolarni hal etishga qaratilgan amaliy-ilmiy tadqiqotlar koʻlamini kengaytirish hamda tadqiqot reaktoridan samarali foydalanish;

atom energetikasi yoʻnalishidagi ilmiy izlanishlarni yoʻlga qoʻyish;

Institutning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shu jumladan, zamonaviy yadroviy uskunalar, yuqori energiyali siklotron, yuqori quvvatli elektron tezlatgichlar, boshqa asbob-uskuna va jihozlar bilan taʼminlash.

Yadro fanlari va texnologiyalarini rivojlantirish, ushbu yoʻnalishda ilmiy tadqiqotlarni olib borish tizimini tubdan takomillashtirish va Institut ilmiy-texnik salohiyatini oshirish, yadroviy tadqiqot reaktoridan samarali va bexatar foydalanishni taʼminlash, ilmiy-innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish, uning natijadorligini taʼminlashda kadrlarning malakasini yanada oshirish maqsadida:

1. Quyidagilar Institut faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

nazariy va eksperimental yadro fizikasi, atom energetikasi va yadroviy texnologiyalar, qattiq jism radiatsion fizikasi va materialshunoslik, yadroviy analitika va radiokimyo, ilmiy asbobsozlik boʻyicha fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlar olib borish va ilmiy-innovatsion ishlanmalarni amaliyotga tatbiq qilish;

oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim instituti faoliyati samaradorligini taʼminlash, yuqori malakali kadrlar tayyorlash va iqtidorli yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash;

respublika maqsadli fan-texnika va innovatsion dasturlarini bajarish orqali yadro fani va texnologiyalarini muvofiqlashtirishda faol ishtirok etish;

iqtisodiyotning real sektori tarmoqlari, taʼlim muassasalaridagi oʻquv jarayonida Institut ilmiy salohiyatidan samarali foydalanish, dissertatsiya ishlari va bitiruv malakaviy ishlariga rahbarlik qilish orqali fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash;

xorijda ilmiy kadrlarning kasbiy malakasini oshirish, shuningdek, Institut ilmiy faoliyatiga chet ellik olimlar va mutaxassislarni, shu jumladan, xorijdagi vatandoshlarni jalb qilish;

Institut faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish.

2. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti faoliyatini takomillashtirish boʻyicha maqsadli dastur (keyingi oʻrinlarda – Maqsadli dastur) 1-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutining 2020-2024 yillarga moʻljallangan ilmiy-tadqiqot ishlari dasturi (keyingi oʻrinlarda – Ilmiy-tadqiqot ishlari dasturi) 2-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutining 2021-yilgacha maqsadli koʻrsatkichlari (keyingi oʻrinlarda – Maqsadli koʻrsatkichlar) 3-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutining tuzilmasi 4-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladigan ilmiy xodimlari sonini bosqichma-bosqich kamaytirib borish jadvali 5-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti xodimlarining xorijdagi yetakchi ilmiy markazlar va ishlab chiqarish korxonalarida malakasini oshirish reja-grafigi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti B.S.Yuldashev zimmasiga Maqsadli dastur va Ilmiy-tadqiqot ishlari dasturi sifatli hamda toʻliq bajarilishini taʼminlash va Maqsadli koʻrsatkichlarga erishish uchun shaxsiy masʼuliyat yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi qoshidagi “El-yurt umidi” jamgʻarmasi va Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Institut ilmiy xodimlarining xorijdagi yetakchi ilmiy markazlar va ishlab chiqarish korxonalarida malaka oshirishini taʼminlasin.

Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari, Institutning byudjetdan tashqari mablagʻlari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi qoshidagi “El-yurt umidi” jamgʻarmasining tanlov natijalariga koʻra belgilangan tartibda ajratilgan mablagʻlari Institut ilmiy xodimlarining xorijda malaka oshirishini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.

3. Belgilab qoʻyilsinki, 2020-yilning 1-yanvaridan boshlab:

Institut xodimlari mehnatiga haq toʻlash, bino va inshootlarini saqlash xarajatlarini moliyalashtirish, shuningdek, joriy xarajatlarini qoplash Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi;

Institutda ilmiy-texnik dasturlar doirasidagi fundamental tadqiqotlarning amalga oshirilishi toʻxtatiladi va boʻshagan byudjet mablagʻlari Institutni saqlash xarajatlarining moliyalashtirilishiga yoʻnaltiriladi.

4. Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari;

xalqaro moliya va boshqa institutlar, xorijiy tashkilotlarning grantlari;

xoʻjalik faoliyati hisobidan tushgan mablagʻlar;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bir oy muddatda:

yangi tahrirdagi Institut ustavi hamda laboratoriyalar va ilmiy xodimlar faoliyatini yillik baholash tartibini belgilangan tartibda tasdiqlasin;

Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan yordamchi xodimlar, jumladan, respublikadagi ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy-yordamchi xodimlari shtat normativlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda:

bir oy muddatda Institutni 2020-2024 yillarda rivojlanish konsepsiyasini;

ikki oy muddatda 2030-yilgacha Institutning ilmiy izlanish faoliyatini rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Fan va texnologiyalar boʻyicha respublika kengashiga kiritsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining ayrim hujjatlariga 7-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti B.S.Yuldashev zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                            Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2019-yil 21-noyabr

Поделиться