O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Belarus olimlari bilan antropologiya va numizmatika sohasida o‘zaro hamkorlik qilishga kelishildi

2019-11-21 | Fan

Innovasion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik kengashlarning raislari va a'zolaridan iborat delegasiya a'zolari Belarus' Milliy Fanlar akademiyasining Fizika hamda Tarix institutlariga tashrif buyurib, akademiya faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Delegasiya a'zolarida “Medisina va biologiya uchun lazer-optik texnologiyalar” markazida bajarilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari juda katta qiziqish uyg‘otdi. Markaz xodimi Aliaksandr Mikulich bu yerda yaratilgan ishlanmalar va asbob-uskunalar bilan tanishtirdi.

Yangi tug‘ilgan chaqaloqlardagi sariqlikni fitoterapiya yo‘li bilan davolaydigan “Malish” apparati 2010 yilda yaratilgan bo‘lib, shu kungacha 3000 dan ziyod apparat ishlab chiqarilgan. Markaz respublikadagi yetakchi tibbiyot muassasalari bilan yaqin hamkorlikda ishlaydi. Qondagi bilirubin miqdorini aniqlaydigan “ANKUB spektr” analizatori ham markaz xodimlari tomonidan yaratilgan bo‘lib,  tibbiyot muassasalariga tatbiq etilgan.

Ma'lumot o‘rnida aytib o‘tish lozim, Fizika instituti 1955 yil 17 yanvarda tashkil etilgan bo‘lib, uning tarkibida 26 ta ilmiy laboratoriya, 12 ta ilmiy markaz mavjud. Bundan tashqari, institut tarkibida 2 ta eksperimental ishlab chiqarish bo‘limi ham faoliyat yuritadi. Institutda jami 331 nafar xodim faoliyat yuritadi, shundan 58 tasi fan doktori, 107 tasi fan nomzodi. Belarus' MFA akademiklari 12 nafarni, muxbir a'zolari 6 nafarni tashkil etadi. 

 “Diagnostik tizimlar” markazidagi yuqori sezgirlikka ega LSM-510 apparati tirik hujayrada kechadigan jarayonlarni va to‘qima hujayra tarkibidagi oksillarning tuzilishi va strukturasini aniqlab berishi bilan ahamiyatlidir. Bu apparat onkologik shishlarni prognoz kilishi mumkinligi haqidagi ma'lumotlar delegasiya a'zolari katta qiziqish uyg‘otdi.

Delegasiyaning Ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishda a'zolari Belarus' MFA qoshidagi Tarix institutiga tashrif buyurdilar. Akademiya tizimida ilmiy kadrlarni tayyorlash va ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ushbu institut davlat dasturi asosida tuzilgan besh yillik reja asosida faoliyat yuritadi. Bu maskanda 50 ga yaqin izlanuvchilar ilmiy-tadqiqot faoliyatini olib bormoqdalar.

Ilmiy loyihalar yuqori turuvchi tashkilotlarga, vazirlik va davlat idoralariga konsepsiyalar tarzida beriladi. Jumladan, muzeylar uchun arxeologik materiallar asosan Tarix institutidan olinadi. Fan va ta'lim integratsiyasi an'anaviy usulda, ya'ni darsliklar tayyorlash va institut ilmiy xodimlarining ta'lim tizimiga jalb etish orqali ta'minlanadi. Institutda Belarus' davlatchiligi tarixiga katta e'tibor qaratilgan. Yosh arxeologlar maktabi yoz oylarida arxeologik qazishmalarga maktab o‘quvchilarini jalb etish tarzida faoliyat yuritadi.

Institut faoliyati davlat dasturlari va byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi. Institut ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari V.L.Lakizaning bildirishicha, ijtimoiy-gumanitar sohadagi tadqiqotlarni baholashda uning ijtimoiy ahamiyatiga e'tibor qaratish zarur. Bu yo‘nalishdagi tadqiqotlarni aniq, tabiiy va texnika sohasidagi tadqiqotlar mezoni bilan baholab bo‘lmaydi. Shuni nazarda tutgan holda Belarus' davlatining ilm-fan sohasidagi ayrim normativ-huquqiy hujjatlari takomillashtirilayotganligini  ta'kidladi.

Muzokaralar davomida Belarus' olimlari tomonidan antropologiya, numizmatika sohasida o‘zaro hamkorlik qilish, Markaziy Osiyoda nasroniylik, O‘zbekistonda belarus' diasporasi, 5-6 asrlarda gunnlar migratsiyasi va ularning Osiyo va Yevropa xalqlariga ta'siri mavzularida istiqbolli loyihalarni shakllantirish yuzasidan takliflar bildirildi. Delegasiya a'zolari Tarix instituti qoshidagi Arxeologiya muzeyiga sayohat uyushtirdilar. Muzey eksponatlari mazmun jihatdan salmoqli, son jihatidan uncha ko‘p bo‘lmaganligini inobatga olinsa, bunday tajribalarni amalda qo‘llash nazariya va amaliyot integratsiyasini ta'minlashga xizmat qiladi.

O‘z navbatida, delegasiya a'zolari Davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida amalga oshiriladigan loyihalarni ilmiy-texnik ekspertizadan o‘tkazish jarayonida hamkorlik qilish uchun ekspertlar guruhiga jalb etilishi mumkin bo‘lgan nomzodlar bilan tanishib, istiqboldagi rejalar xususida kelishib oldilar.

Поделиться