O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yurtimizda OPVga qarshi emlashning birinchi bosqichi muvaffaqiyatli va samarali yakunlandi
2019-11-21 | Sog‘liqni saqlash
Sog‘liqni saqlash vazirligida yurtimizda odam papillomasi virusi (OPV)ga qarshi emlash kampaniyasining birinchi bosqich yakunlariga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi. Vazirlikning mas’ul xodimlari va soha vakillari ishtirok etgan tadbirni Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyev olib bordi.
Anjumanda qayd etilganidek, ko‘plab davlatlarning odam papilloma virusiga qarshi vaktsinani amaliyotga muvaffaqiyatli tatbiq etish tajribasini e’tiborga olgan holda, joriy yilning oktabr oyidan boshlab yurtimizda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va UNICEFning qo‘llab-quvvatlashi natijasida bachadon bo‘yni saratoni keltirib chiqaruvchi OPVga qarshi vaktsinani qo‘llash yo‘lga qo‘yildi.
Emlash uchun yurtimizga 350 350 doza to‘rt valentli “Gardasil” vaktsinasi olib kelingan bo‘lib, vaktsina Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan kafolatlangan. Joriy yilda respublika bo‘yicha 292 748 nafar 9 yoshli qizlarni emlash rejalashtirilgan bo‘lib, shu yil 19-noyabrgacha ulardan o‘z ixtiyoriga ko‘ra, 271 000 nafardan ziyodi (92 foizi) emlash bilan qamrab olindi. Eng muhimi, ayni paytga qadar emlangan qizlarning birontasida vaktsinaning nojo‘ya ta’siri umuman kuzatilmadi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish lozimki, bachadon bo‘yni saratoniga qarshi OPV vaktsinasi bilan emlash iqtisodiy jihatdan samarali bo‘lib, aholi sog‘lig‘ini saqlashda muhim o‘rin tutadi. Hozirgi kunda 100 dan ziyod davlatlarda OPV vaktsinasi qo‘llanilib, u 96 ta davlatning Milliy emlash kalendariga kiritilgan.
E’tiborli jihati, malakatimizda har bir vaktsina joriy qilinishidan oldin har tomonlama chuqur tahlil va sinovdan o‘tkazilib, ko‘zlangan ijobiy natijaga erishilsagina u amaliyotga joriy etiladi. Odam papilloma virusiga qarshi vaktsina ham mamlakatimizda ilk marotaba 2006-yilda litsenziyalashdan oldin sinovdan o‘tkazilgan. O‘tkazilgan klinik tadqiqotlarda vaktsina ayollarda saraton oldi kasalliklari va saratonning oldini olish bilan birga, reproduktiv funktsiyalariga hech qanday nojo‘ya ta’sir ko‘rsatmasligi, aksincha reproduktiv funktsiyani himoya qilishi aniqlangan. Shuningdek, 2010-yilda mamlakatimizda 8 ming nafar 9-15 yoshli qizlar orasida ushbu vaktsina qo‘llanilgan edi. O‘tgan davrda qizlarda hech qanday salbiy o‘zgarishlar kuzatilmadi va bu vaktsina o‘zini oqladi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, emlash evaziga kelajakda har yili 1100 ta kasallanish va bachadon bo‘yni xastaligi bo‘yicha 600 ga yaqin o‘lim holatining kamayishiga erishiladi. 2050-2060-yillargacha aholining 90 foizi emlash bilan qamrab olinishi orqali O‘zbekistonda bachadon bo‘yni saratoni kasalligi to‘liq bartaraf etilishiga erishiladi.
Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda emlash ishlarining yaxshi yo‘lga qo‘yilganligi natijasida shol, bo‘g‘ma, go‘daklar orasida qoqshol, bakterial meningit, 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida rotavirus infektsiyasidan o‘lim holatlari keskin kamayganligi hamda 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida virusli gepatit V va qizilcha kasalliklarining qayd etilmasligiga erishildi. E’tiborli jihati, 2017-yilda esa JSSTning Yevropa hududiy byurosiga a’zo bo‘lgan 53ta davlatlar ichida oltinchi bo‘lib, O‘zbekistonga qizamiq va qizilcha kasalligi bartaraf etilganligi e’tirof etildi. Bundan tashqari, 2018-yil O‘zbekiston bezgak kasalligining mahalliy holatlari bartaraf etilganligi to‘g‘risidagi xalqaro sertifikatni ham qo‘lga kiritdi.
OPV vaktsinasini qo‘llash bo‘yicha Milliy emlash kunlarining ikkinchi bosqichi 2020-yil aprel-may oylarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.