O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mamlakatda biznes muhitini yanada yaxshilash va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
2019-11-21 | Hujjatlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishni yengillashtirish va ragʻbatlantirish maqsadida sohaga oid qator tartibotlar tanqidiy qayta koʻrib chiqilib, eskirgan, zamon talabiga javob bermaydigan byurokratik toʻsiq va gʻovlar bekor qilindi. Koʻrilgan choralar natijasida respublikada ishbilarmonlik muhiti yaxshilandi, tadbirkorlik subyektlari va xususiy investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratildi.
Bunday ijobiy oʻzgarishlar nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan ham keng eʼtirof etilmoqda. Jumladan, Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi tomonidan eʼlon qilingan “Biznes yuritish – 2020” hisobotida Oʻzbekiston 69-oʻrinni egallab, islohotlar miqyosi va samaradorligi boʻyicha dunyoning eng yaxshi 20 ta islohotchi davlati qatoridan joy oldi.
Shu bilan birga, tadbirkorlar va investorlar bilan uchrashuvlar joylardagi ijrochilar sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatidan toʻliq xabardor emasligini, qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning amaliyotga joriy etilishi sezilarli darajada ortda qolayotganligini, ayrim litsenziya va ruxsatnomalarni rasmiylashtirishda ortiqcha byurokratik toʻsiqlar mavjudligini koʻrsatmoqda.
Mamlakatimizda biznes yuritish muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlikka keng erkinlik berish borasida boshlangan islohotlarni davom ettirish hamda qabul qilingan qonun hujjatlarining joylarda toʻgʻri tatbiq etilishini taʼminlash maqsadida:
1. Barcha darajadagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 53-moddasi hamda “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonun talablariga soʻzsiz rioya qilishlari shartligi haqida qatʼiy ogohlantirilsin.
Belgilansinki, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalarini, shu jumladan, obyektlarning qiymatini baholash natijalarini qayta koʻrib chiqish va bekor qilish masalalari yuzasidan davlat organlari, shu jumladan, nazorat, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar tomonidan tashabbus bilan chiqish xususiy mulkning daxlsizligini buzish sifatida baholanadi hamda bunday ishlar koʻrib chiqish uchun qabul qilinmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka qatʼiy rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirsin, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalarini qayta koʻrib chiqish va bekor qilish tashabbusi bilan chiqqanlik uchun vakolatli davlat organlari mansabdor shaxslarining muqarrar javobgarligini jinoiy javobgarlikka tortishga qadar oshirishni taʼminlasin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi (Zokirov), Energetika vazirligi (Sultanov), Yerresurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi (Abdullayev), Markaziy banki (Nurmuratov), Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (Bekenov) rahbarlariga qurilish uchun ruxsatnomalar berish, elektr taʼminoti tizimiga ulanish, koʻchmas mulkni roʻyxatdan oʻtkazish, kredit berish hamda toʻlovga qobiliyatsizlikni hal etish yoʻnalishlaridagi islohotlarning amaliyotga tatbiq etilishi yetarli emasligi natijasida “Biznes yuritish” yillik hisoboti tegishli indikatorlari boʻyicha mamlakatning reytingdagi oʻrni pastligicha qolayotganligi koʻrsatib oʻtilsin.
Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan vazirlik va idoralarning har birida sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni joylardagi ijrochilarga yetkazish boʻyicha ishchi guruhlar tuzilsin.
Mazkur ishchi guruhlar zimmasiga islohotlarning mazmun-mohiyatini joylardagi ijrochilarga yetkazish va tushuntirish, qonun hujjatlarini notoʻgʻri qoʻllash amaliyotini bartaraf etish, joylarda tadbirkorlarning fikrini muntazam ravishda oʻrganib borish, tegishli organ tomonidan qabul qilingan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni xatlovdan oʻtkazish va ularga sohada amalga oshirilayotgan islohotlardan kelib chiqib oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha takliflar tayyorlash vazifalari yuklansin.
Ishchi guruhlari amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida har oy yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga maʼlumot kiritib borsin.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
a) 2020-yil 1-fevraldan boshlab:
eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda talab etiladigan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va sertifikatlar “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali rasmiylashtiriladi. Bunda vakolatli organlarning avtomatlashtirilgan axborot tizimlari “Yagona darcha” bojxona axborot tizimiga integratsiya qilinadi;
fitosanitariya, sanitariya-epidemiologiya, veterinariya va ekologik nazorat oʻtkazish uchun undiriladigan toʻlovlar miqdori vakolatli organning mazkur hujjatni berish uchun qilgan xarajatlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan kelishilgan holda belgilanadi;
yuridik shaxslar tomonidan daʼvo arizasi va uning ilovalarini javobgar hamda iqtisodiy sudga soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali elektron tarzda yuborish imkoniyati yaratiladi;
b) 2020-yil 1-oktyabrdan boshlab quvvati 140 kilovattgacha boʻlgan elektr uskunalarini elektr tarmoqlariga ulash jarayonida sarflanadigan xarajatlar tadbirkorlik subyektining xohishiga koʻra, davlat xizmatlari markazlariga texnik shartlarni olish uchun murojaat qilish bilan bir vaqtda berilgan soʻrovnomasiga asosan “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi. Mazkur mablagʻlar tadbirkorlik subyektlari foydalangan elektr energiyasi qiymatiga qoʻshiladigan ustamalar hisobidan bir yil davomida undirib olinadi.
4. 2020-yil 1-yanvardan quyidagi talablar bekor qilinsin:
tadbirkorlik subyektlari – yuridik shaxslar oʻrtasidagi koʻchmas mulk oldi-sotdi shartnomalarini taraflardan birining talabi boʻyicha notarial tasdiqlanganda kommunal xizmatlar boʻyicha qarzdorliklarni tekshirib olish;
davlat soliq xizmati organlariga soliq toʻlovchilar tomonidan koʻchmas mulkka boʻlgan huquq davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan soʻng arizani hamda koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organlar tomonidan tegishli hududda joylashgan yer uchastkasi va boshqa koʻchmas mulk, uning mulkdorlari toʻgʻrisidagi maʼlumotni bevosita qogʻoz koʻrinishda taqdim etish;
meva-sabzavot va toʻqimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish (paxtadan tashqari) uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirishda tadbirkorlik subyektlaridan toʻlov undirish.
5. Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida Oʻzbekiston Respublikasining oʻrnini yaxshilashga doir “Yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020-yil 1-yanvarga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini kiritsin:
qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun tadbirkorlik subyektlari tomonidan xabarnoma yuborish tartibini bekor qilish, markazlashtirilgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan qurilish obyektlari bundan mustasno;
obyektning zilzilaga bardoshliligi va yongʻin xavfsizligi boʻyicha loyiha hujjatlari yuzasidan ijobiy ekspertiza xulosasi va qurilish ishtirokchilari toʻgʻrisidagi maʼlumotni davlat xizmatlari markazlari tomonidan bir vaqtda tadbirkorlik subyektlari va hududiy qurilish sohasidagi nazorat inspeksiyalariga obyektni roʻyxatdan oʻtkazish uchun yuborish;
obyektlar boʻyicha ijobiy ekspertiza xulosasi mavjud boʻlmaganda qurilish-montaj ishlarini boshlashni taqiqlash, qonun hujjatlarida belgilangan holatlar bundan mustasno.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Qurilish vazirligi, Moliya vazirligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda:
“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tarkibiga kiruvchi tashkilotlar tomonidan kuchlanishi 110 kV gacha boʻlgan elektr qurilmalarini elektr tarmoqlariga ulash bilan bogʻliq qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishning muddatlarini va eng baland qiymatlarini belgilashni nazarda tutuvchi yagona kalkulyatsiyasini tasdiqlasin;
elektr taʼminoti tizimiga ulanish jarayonida hujjatlarni koʻrib chiqish, kelishish va ishlarni amalga oshirish bilan bogʻliq tartibotlarni soddalashtirish va muddatlarini qisqartirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Moliya vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda meva-sabzavot va toʻqimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish (paxtadan tashqari) uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bogʻliq vakolatli organlarning xarajatlarini Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan qoplab berish tartibini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. “Oʻzstandart” agentligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, “Oʻzdavkarantin” inspeksiyasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020-yil 1-fevralga qadar:
vakolatli organlar tomonidan fitosanitariya, sanitariya-epidemiologiya, veterinariya va ekologik nazorat oʻtkazish uchun shartnomalarni oferta shakliga oʻtkazgan holda xizmatlar uchun toʻlovlarni elektron tarzda amalga oshirish imkonini yaratsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Adliya vazirligi:
ikki oy muddatda yuk tashuvchilar tomonidan yuk hujjatlari maʼlumotlarini oʻz ichiga olgan dastlabki elektron axborotni bojxona idoralariga taqdim etish tartibini joriy etish orqali bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarini tezlashtirish choralarini koʻrsin;
2020-yil 1-aprelga qadar manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasining umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllaridan katta hajmli va ogʻir vaznli yuklarning oʻtishi uchun ruxsatnomani rasmiylashtirish jarayonlari va toʻlovlarni amalga oshirishni elektron shaklga oʻtkazish ishlarini yakunlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Savdo-sanoat palatasi, Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi uch oy muddatda:
litsenziyalash va ruxsatnoma berish tizimini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini tanqidiy qayta koʻrib chiqib, ularni zamon talablariga moslashtirish va tizimlashtirish;
litsenziyalar va ruxsatnomalarni rasmiylashtirishda talab etiladigan hujjatlarni xatlovdan oʻtkazib, byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish hamda ularning muqobil shakllarini, shu jumladan, xabardor etish tartibini joriy etish yuzasidan taklif kiritsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-fevraldagi “Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida Oʻzbekiston Respublikasining reytingini yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–4160-son qarori bilan belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga soʻzsiz erishishga tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari shaxsan masʼul ekanliklari haqida ogohlantirilsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bilan birga Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi “Biznes yuritish” yillik hisobotining qurilish uchun ruxsatnomalar olish, elektr taʼminoti tizimiga ulanish, mulkni roʻyxatdan oʻtkazish hamda xalqaro savdo indikatorlari boʻyicha “davlat xizmatlarining sirli mijozi” instituti qoʻllanilishini taʼminlasin;
jamoatchilik nazorati va “davlat xizmatlarining sirli mijozi” institutining qoʻllanilishi natijalari boʻyicha har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin.
Belgilansinki, ushbu bandda nazarda tutilgan yoʻnalishlar boʻyicha “davlat xizmatlarining sirli mijozi” instituti Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 25-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro reytinglar va indekslardagi oʻrnini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4210-sonli qarori talablari asosida qoʻllaniladi.
14. Savdo-sanoat palatasi va Davlat xizmatlari agentligining Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotining har bir indikatori boʻyicha batafsil maʼlumotlar aks etgan maxsus portal sifatida Internet tarmogʻidagi businessinfo.uz saytidan foydalanish va uni doimiy yangilab borish haqidagi taklifi maʼqullansin.
15. Davlat xizmatlari agentligi 2020-yil 1-aprelga qadar oʻzining rasmiy veb-saytida davlat xizmatlarini koʻrsatish muddatlarini avtomatik ravishda, shu jumladan, koʻrib chiqish muddatlari buzilgan arizalar va masʼul idoralar toʻgʻrisida ochiq maʼlumotlarni real vaqt rejimida aks ettiruvchi boʻlim yaratsin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligining 2020-yil mart oyida oʻtkaziladigan Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida xalqaro hamjamiyat va xorijiy investorlarni Oʻzbekistonda biznes yuritish imkoniyatlari bilan keng tanishtirish hamda respublikaning “Biznes yuritish” reytingidagi oʻrnini yanada yaxshilash masalalarini muhokama qilishga bagʻishlangan alohida seksiya panelini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
17. “Biznes yuritish” yillik hisoboti indikatorlari uchun masʼul vazirlik va idoralar 2020-yil 1-yanvarga qadar tegishli sohalarda amalga oshirilgan islohotlar, ularning amaliyotga tatbiq etilishini asoslovchi dalillar va statistik maʼlumotlardan iborat tahliliy materiallarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilishini taʼminlasin.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birga bir oy muddatda Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotining har bir indikatori boʻyicha amalga oshirilgan islohotlar yuzasidan keng qamrovli targʻibot ishlarini oʻtkazish rejasini tasdiqlasin va amalga oshirilishini taʼminlasin.
19. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
Vazirlik va idoralar ikki oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirsin.
20. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A.Gulyamov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – moliya vaziri J.A.Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2019-yil 20-noyabr