O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

BMT qiynoqlarga qarshi qo‘mitasining 68-sessiyasi

2019-11-19 | Jamiyat

Jeneva shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasining 68-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiya ishida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etdi. O‘zbekiston delegatsiyasi O‘zbekistonning Jenevadagi doimiy vakolatxonasi rahbari U.Lapasov, Bosh prokuror o‘rinbosari E.Yo‘ldoshev, ichki ishlar vaziri o‘rinbosari B.Adilov, Tashqi ishlar vazirligi boshqarma boshlig‘i I.Shigabutdinov va Oliy sudi raisi yordamchisi A.Mirzaevdan iboratdir.
 
BMT Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi sessiyasi ishtirokchilariga BMTning Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-¬qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiyasini bajarish bo‘yicha O‘zbekistonning beshinchi ma’ruzasi taqdim etildi.
 
Joriy sessiyada, shuningdek, Burkina-Faso, Kipr, Portugaliya, Latviya va Niger Respublikasining mazkur konvensiya ijrosi bo‘yicha ma’ruzalari ham ko‘rib chiqildi.
 
O‘zbekistonning ma’ruzasi muhokamalarida maqbul natijalarga erishishni ta’minlash maqsadida oldindan tayyorgarlik ishlari olib borildi. Xususan, BMT Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi o‘zining 67-sessiyasida tasdiqlagan 30 ta savolni 2019-yil 1-avgustda O‘zbekiston tomoniga yozma ravishda yo‘llagandi. Shu yil sentabr oyida bu savollarning barchasiga yozma javob qaytarildi.
 
BMT Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi sessiyasida O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari kirish nutqi so‘zladi.
 
Majlisda BMT Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi tomonidan hamma’ruzachilar F.Gaer (AQSh) va D.Rodrigez-Pinzon (Kolumbiya), qo‘mita raisi Y.Modvig (Daniya), shuningdek, BMTning mazkur shartnomaviy organi a’zolari E.Belmir (Marokash), A.Xani (Tunis), A.Rachu (Moldova), B.Tuzmuxamedov (Rossiya) so‘zga chiqdilar. 
 
Qo‘mita a’zolarining savollari O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirishning keng sohalarini qamragani holda, asosan qiynoq hamda muomala va jazolashning shafqatsiz turlariga barham berish mavzusiga qaratildi. BMT Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasining sessiyasida bu borada O‘zbekiston delegatsiyasi va qo‘mita a’zolari o‘rtasida jonli hamda qizg‘in interfaol muloqot bo‘lib o‘tdi.
 
Muzokaralar davomida, ayniqsa, F.Gaer, D.Rodrigez-Pinzon, Y.Modvig, E.Belmir, A.Xani, A.Rachu va B.Tuzmuxamedov tomonidan ijobiy va xolis sharhlar hamda aniqlashtiruvchi savollar berildi. Bularning barchasi, o‘z navbatida, BMT Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi sessiyasining 13-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yakunlovchi majlisida O‘zbekiston delegatsiyasi va qo‘mita a’zolari o‘rtasida amaliy muloqot olib borilishi uchun xizmat qildi.
 
Xususan, F.Gaer “Bugungi O‘zbekiston oldingisidan mutlaqo farq qiladi. Joriy sessiyada o‘zbek nohukumat tashkilotlari vakillari qatnashdi, ilgari buni tasavvur ham etib bo‘lmasdi”, deb e’tirof etdi. Shuningdek, u O‘zbekiston hukumatining ikki nafar BMT maxsus ma’ruzachisini qabul qilishga doir qarorini va O‘zbekiston tomoni ularning takroriy tashrifiga tayyorligini yuksak baholadi.
 
BMT Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasining aksariyat a’zolari O‘zbekistonda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni ijobiy jihatdan qayd etdilar. Qo‘mita a’zolarining ko‘plab savollariga atroflicha javoblar qaytargan O‘zbekiston tomoniga amaliy va ishchan yondashuvi hamda taqdim etilgan ma’ruzaning qamrovdorligi, mazmundorligi va to‘la-to‘kisligi uchun samimiy minnatdorchilik bildirildi.
 
O‘zbekistonning sud-huquq tizimini isloh etish borasidagi sezilarli sa’y-harakatlari ham alohida ta’kidlandi. Ozodlikdan mahrum qilish muassasalaridagi mahkumlar soni keskin qisqargani sud-huquq islohotlarining aniq va real natijalaridan biri sifatida qayd etildi. O‘zbekistonning “Jasliq” koloniyasini yopish haqidagi qaroriga katta e’tibor qaratildi.
 
Shu bilan birga, O‘zbekiston delegatsiyasiga Konvensiya qoidalariga bevosita aloqador bo‘lmagan 150 tadan ortiq savol berildi.
 
O‘zbekiston tomoni yakuniy majlisda ana shu ko‘psonli savollarning barchasiga batafsil javoblar taqdim etdi. Bunda milliy qonunchilik, huquqni qo‘llash amaliyoti, statistik dalillar va boshqa ma’lumotlar, BMTning ustav va shartnomaviy organlari qarorlariga asoslanildi.
 
Bundan tashqari, sessiya kotibiyatiga qo‘mita a’zolarining bir qancha qo‘shimcha savollari yuzasidan yozma javoblar yetkazildi. O‘zbekistonda qabul qilingan yangi qonunlar, Prezident farmon va qarorlari, hukumat qarorlari matnlari taqdim etildi.
 
Majlis yakunida BMTning Qiynoqqa qarshi qo‘mitasi raisi Y.Modvig O‘zbekiston delegatsiyasiga ochiq va amaliy muloqot uchun minnatdorchilik bildirdi.
 
Qo‘mita O‘zbekiston tomoni uchun 3 ta eng ustuvor yo‘nalish bo‘yicha tavsiyalarini yaqin orada aniqlashtiradigan bo‘ldi. Ularning bajarilishi bo‘yicha axborot bir yil davomida taqdim etiladi.
 
Shuni ta’kidlash kerakki, BMTning Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr¬-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiyasi 1984-yil 10-dekabrda Nyu-Yorkda qabul qilingan va 1987-yil 26-iyunda kuchga kirgan. Konvensiyaning ishtirokchi ¬davlatlari o‘z yurisdiksiyalaridagi har qanday hududda qiynoq holatlarining oldini olish uchun samarali qonunchilik, ma’muriy, sud va boshqa choralarni qo‘llash majburiyatini zimmasiga oladi.
 
Konvensiya talablari amalga oshirilishini BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi kuzatib boradi. 1988-yil 1-yanvarda ta’sis etilgan Qiynoqlarga qarshi qo‘mita 10 nafar vakildan iborat bo‘lib, ular a’zo ¬davlatlar tomonidan saylanadi. Ushbu ekspertlar konvensiyani ratifikatsiya qilgan davlatlarning ma’ruzalarini ko‘rib chiqadi.
 
O‘zbekiston 1995-yil 31-avgustdan BMTning Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr¬-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiyasi ishtirokchisi hisoblanadi.
 
Mamlakatimizda mazkur konvensiyani bajarish bo‘yicha ma’ruzalar taqdim etish tartib-qoidalari ishlab chiqilgan va unga izchil amal qilinmoqda. BMTning Qiynoqqa qarshi qo‘mitasida o‘tgan davrda O‘zbekiston Respublikasining bu boradagi 4 ta ma’ruzasi ko‘rib chiqilgan.
 
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi matbuot xizmati

Поделиться