O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovning voha tadbirkorlariga MUROJAATI
2019-11-18 | Jamiyat
Aziz vohadoshlar!
Hurmatli tadbirkorlar!
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 7 noyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida tadbirkorlikni rivojlantirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, pirovardida yangi ish o‘rinlarini yaratish, mahalliy byudjetga tushumlar hajmini ko‘paytirish hisobiga xalqimizning turmush tarzini yanada yaxshilash borasida aniq vazifalar belgilab berildi.
Yurtboshimizning kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratayotganliklari bejiz emas. Chunki, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik bu ertangi kunimizning ishonchli kafolati, byudjet daromadlari, bandlik masalasi, aholining tovar va xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojining qondirilishi, shahar va qishloqlarimiz qiyofasining yaxshilanishi, umuman olganda, aholikayfiyati tadbirkorlik va kichik biznesning qay darajada rivojlanishiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
Prezidentimiz tomonidanilgari surilgan “Ikkita ish joyi yaratgan odamni yelkamda ko‘taraman!”, “Agar tadbirkorga sharoit yaratmasak natija bo‘lmaydi”, “Har bir tadbirkorga - ko‘makdosh, yelkadosh va madadkormiz!”degan ustuvor g‘oyalarbugun barcha darajadagi rahbarlarga dasturil amal bo‘lib xizmat qilishi lozim.
Bundan tashqari, hokimlar 50 foiz ish vaqtinitadbirkorlarlikni rivojlantirish, ularning muammolarini hal etishga sarflashi lozimligi belgilab berildi.
Ulug‘ bobokolonimiz Amir Temurning “Ishbilarmon, mardlik va shijoat sohibi, azmi qat’iy, tadbirkor va hushyor bir kishi ming-minglab tadbirsiz, loqayd kishilardan yaxshidir”, degan hikmatli iboralari naqadar to‘g‘ri ekanligi bugun hayotimizda yaqqol ko‘rinib turibdi.
Hurmatli tadbirkor va ishbilarmonlar!
Viloyatdagi tadbirkorlik sub'yektlari soni bugungi kunda 18 ming 705 tani tashkil etib, band aholining 74 foizi, byudjet daromadlarining esa 84 foizi aynan xususiy tadbirkorlik sub'yektlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Mahalliy byudjet daromadlari aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq yo‘nalishlarga, xususan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va sport sohasiga, fan va madaniyatni rivojlantirishga, ichimlik suvi, ichki yo‘llarni yaxshilash, aholini ijtimoiy himoya qilish hamda harbiy-ma’muriy sektor faoliyatini yanada yaxshilash bilan bog‘liq masalalarni hal etishga sarflanmoqda.
Bundan ko‘rinib turibdiki, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining turmush darajasini yaxshilash va keng ko‘lamdagi bunyodkorlik ishlarida Siz aziz tadbirkorlarning munosib hissangiz bor.
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Bundan buyon taraqqiyot va farovonlikka faqatgina tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash orqali erishish mumkin”, deganfikrni bugunbarchamiz birdek anglab olishimiz zarur.
Qadrli tadbirkorlar!
Albatta, tadbirkorlik juda katta mashaqatli mehnatni talab qiladi.Tadbirkor o‘z faoliyatini boshlash va davom ettirishda doimiy ravishda muammolarga duch keladi. Bu muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etishda hokimliklarning, nazorat qiluvchi va xizmat ko‘rsatuvchi idoralarning ko‘magi zarur bo‘ladi.
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan oxirgi uch yil davomida bir qancha Farmon va Qarorlar qabul qilinib, tadbirkorlikning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan ko‘plab tizimli muammolar o‘z yechimini topdi. Tadbirkorlarning mavjud muammolarini tezkorlik bilan hal etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik sub'yektlarining qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (ombudsman) hamda Bosh vazirning tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari faoliyati tashkil etildi. Mazkur institutlar tadbirkorlik sub'yektlarining ko‘plab muammolarini ijobiy hal etib kelmoqda.
Shu bilan birga, haftaning har juma kuni viloyat hokimining “Tadbirkorlar qabuli” o‘tkazib kelinmoqda . O‘tgan davr mobaynida ushbu qabullarda 404 ta tadbirkorlik sub'yektlari murojaatlari qabul qilinib, ularning 290 tasi ijobiy hal etib berildi.
O‘tkazilgan qabullarda hanuzgacha tadbirkorlarni sarson qilish holatlari mavjudligi va ko‘plab rahbarlarning bugungi siyosatni tushunmayotganligi, bu esa viloyatda tadbirkorolikning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ma’lum bo‘lmoqda.
Kelib tushayotgan murojaatlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, bugungi kunda tadbirkorlarni qiynayotgan 2 ta muhim masala bor: bu yer ajratish va kredit berish masalasi.
Tadbirkorlarimiz shuni tushunib olishlari lozimki, bundan buyon, haqiqiy tadbirkor bo‘lish istagida yurganlarga yer ajratish ochiq-oshkora ravishda, barcha uchun teng sharoitlar yaratilgan holda elektron auktsion orqali amalga oshiriladi.
Kredit berish tizimi ham soddalashtirilib, respublika, viloyat banklari vakolatlarini tumandagi banklarga berish orqali ortiqcha qog‘ozbozlik va sarsongarchiliklarga barham beriladi.
Aziz tadbirkorlar!
Bir haqiqatni alohida ta’kidlashni lozim deb hisoblayman.
Viloyatimizda 2016 yilga qadar biznes yuritishda va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishda juda katta to‘sqinliklar mavjud bo‘lganligi, bu holatlar tadbirkorlikni rivojlantirishga juda katta salbiy ta’sir ko‘rsatib kelganligini ko‘pchilik yaxshi biladi.
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan oxirgi uch yilda barcha to‘siqlar bartaraf etilib, keng imkoniyatlar yaratib berilishi hisobiga viloyatda tadbirkorlik sezilarli darajada rivojlandi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.
Birgina misol, Termiz tumanida qurilishi tugallanmagan,
11 yil bo‘sh turgan eski temir yo‘l shifoxonasi binosi negizida
“ZIF Textile” MChJ tomonidan tayyor trikotaj (jinsi) mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonasi tashkil etildi. Korxonada hozirda800 nafar xotin-qiz doimiy ish bilan ta’minlangan. INDENIM brendi ostidarespublika bo‘yicha asosan mahalliy mahsulotlarni sotishga mo‘ljallangan 12 ta yirik savdo majmuasi tashkil etildi. Joriy yilning o‘tgan 10 oyi davomida korxona tomonidan 100 mln.dollarga teng mahsulotlar eksportga chiqarildi.
Mazkur korxona ta’sisichisi Sherzod Shaymardonov surxondaryolik bo‘lsada, viloyatda tadbirkorlik muhiti yaxshi bo‘lmaganligi sababli
respublikamizning boshqa viloyatlarida o‘z biznesini olib borgan. Surxondaryoda biznes yuritish muhitining yaxshilanishi natijasida tadbirkor 2016 yildan buyon viloyatimizda o‘z biznesini olib bormoqda. Hozirda tadbirkor qo‘l ostida 2 ming nafarga yaqin ishchi-xizmatchi faoliyat yuritmoqda va kelgusida yana qo‘shimcha 4 mingta yangi ish o‘rinlarining tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Demoqchi bo‘lganim,Sh.Shaymardonovmisolidabarcha tadbirkorlarimizni qo‘llab-quvvatlashimiz, viloyatda yaratilgan shart-sharoitlardan unumli foydalangan holda ularning ham shunday natijalarga erishishga ruhlantirishimiz lozim bo‘ladi.
Hurmatli tadbirkorlar!
Bugun viloyatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan qator vazifalarni belgilab olganmiz va bu vazifalarni Siz aziz tadbirkorlik sub'yektlari vakillari bilan birgalikda amalga oshirishimiz lozim. Ya’ni,
birinchidan, viloyatimizda import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalarni ko‘paytirishimiz;
ikkinchidan, yangi tashkil etilgan tadbirkorlik sub'yektlari sonini o‘tgan yilga nisbatan 2 barobarga oshirishimiz va bunda tadbirkorlik sub'yektlari soniga emas, sifatiga va doimiy ishlashiga e’tibor qaratishimiz;
uchinchidan, viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarini uchga - “Yaxshi”, “O‘rta” va “Yordamga muhtoj” toifalariga ajratib, “Yordamga muhtoj” tadbirkorlik sub'yektlarini yanada qo‘llab-quvvatlash orqali “Yaxshi” toifaga o‘tkazishimiz;
to‘rtinchidan, bo‘sh yer maydonlarini aniqlash, ularni “E-ijro auktsion” elektron savdo maydoniga chiqarish orqali tadbirkorlik sub'yektlariga berish va mazkur yer maydonlarida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish ob'yektlarini tashkil etishimiz;
beshinchidan, viloyatda mavjud 1327 ta bo‘sh turgan ob'yektlardan samarali foydalanish orqali ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish ob'yektlarini tashkil etishimiz va yangi ish joylarini yaratishimiz;
oltinchidan, viloyatdagi 56 ta bo‘sh turgan davlat mulki ob'yektlarini sotish orqali mazkur ob'yektlar negizida zamonaviy ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish ob'yektlarini tashkil etishimiz;
yettinchidan, viloyatda faoliyat yuritmayotgan 3000 ga yaqin tadbirkorlik sub'yektlarifaoliyatini tiklash choralarini ko‘rishimiz;
sakkizinchidan, korxona va tashkilotlardanorasmiy ishlayotgan xodimlar faoliyatini legallashtirishimiz lozim.
Azmi qat’iy va shijoatkor tadbirkorlar!
Viloyatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay sharoit va imkoniyatlar mavjud.Jumladan, viloyatning Afg‘oniston, Tojikiston va Turkmaniston Respublikalari bilan chegaradoshligi ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning eksport qilish imkoniyatini yaratadi.
Qolaversa, Surxondaryo qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish hamda qayta ishlash uchun xom ashyo bazasining kengligi, infratuzilma ob'yektlarining, jumladan magistral avtomobil va temir yo‘llarning mavjudligi, yer usti va yer osti xom-ashyo zahiralariga boyligi bilan boshqa viloyatlardan alohida ajralib turadi.
Shunday ekan, barchangizni muhtaram Yurtboshimizning yuksak ishonchini oqlab, mamlakatimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligiga munosib hissa qo‘shish uchun sidqidildan halol va fidokorona mehnat qilishga chaqiraman!
O‘z faoliyatingizni yanada kengaytirishingizni, qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solib, yangi loyihalarni amalga oshirishingizni, band bo‘lmagan aholini doimiy ish bilan ta’minlash yuzasidan zaruriy choralar ko‘rishingizni so‘rayman.
Bu ishlarni amalga oshirishda men viloyat hokimi sifatida Sizlarni doimo qo‘llab-quvvatlashga, ko‘makchingiz bo‘lishga tayyorman.
Bu borada to‘laqonli faoliyat yuritishingiz uchun adolat va qonun ustuvorligining ta’minlanishiga;
hududlarda tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratishga;
Sizning tadbirkorlik faoliyatingiz yuzasidan noqonuniy tekshirishlarga barham berilishiga, soliq shaffofligining ta’minlanishiga kafolat beraman.
Agar, shahar va tumanlar hokimlari, nazorat qiluvchi va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar rahbarlari tomonidan tadbirkorlarni qabul qilmaslik va sarson qilish holatlari kuzatilsa albatta qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘riladi.
Tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha shaxsan menga (76) 224-16-16, viloyat prokurori Sadriddin Turdiyevga (76) 223-10-07, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Abduvohid Ismoilovga (76) 223-41-53, viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Sirojiddin Eshmatovga (76) 221-74-39 hamda Bosh vazir qabulxonasi mudiri Abdumalik Allamurodovga (76) 221-73-37 telefon raqamlari orqali kunning istalgan vaqtida murojaat qilishingiz mumkin.
Viloyat hokimligi va barcha tashkilotlarning eshiklari Sizlar uchun hamisha ochiq.
Barchangizga sihat-salomatlik, ezgu va olijanob ishlaringizga qut-baraka tilayman.