O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
QQS bo‘yicha ochiq muloqot
2019-11-18 | Iqtisodiyot
2019-yil 16-noyabr kuni Davlat soliq qo‘mitasi xo‘jalik sub'yektlarining rahbarlari, bosh buxgalterlari hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar ishtirokida “Qo‘shilgan qiymat solig‘ini qo‘llash tartibi” mavzusida trening o‘tkazdi.
Tadbir ochiq muloqot shaklida tashkil etildi. Facebookdagi rasmiy sahifasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilib, treningda tadbirkorlarga real vaqt rejimida soliq idoralari vakillaridan o‘z savollariga javob olish imkoniyati yaratildi.
DSQning Soliq solish bo‘yicha maslahat boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Aydos Koshanov QQS bo‘yicha soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlarga bag‘ishlangan ma’ruzasini taqdim qildi. Qayd etilganidek, 2019-yil 1-oktabrdan QQSning uzluksiz zanjirini shakllantirish va teng raqobat sharoitini yaratish maqsadida QQS stavkasi 20 foizdan 15 foizga pasaytirildi.
QQS bo‘yicha imtiyozlar bekor qilinganiga alohida to‘xtalib o‘tildi. 1 mlrd. so‘mdan ortiq pul aylanmasi (tushumi)ga ega bo‘lgan yoki 50 gektardan ortiq qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun mo‘ljallangan sug‘oriladigan yer maydonlari mavjud yagona yer solig‘i to‘lovchilari QQS to‘lashga o‘tkazilgani muhokama etildi.
Shu bilan birga, tovarlarni import qiluvchi tadbirkorlik sub'yektlari, tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni sotishdan tushgan tushum miqdoridan qat’i nazar QQS to‘lovchisi bo‘lgani ta’kidlab o‘tildi.
Treningda DSQning Yuridik shaxslarga xizmat ko‘rsatish boshqarmasi katta inspektori Anvar Boymatjonov QQS bo‘yicha hisobotlarni to‘ldirish tartibiga batafsil to‘xtaldi. QQS hisoboti shakllari, hisobvaraq-fakturalarni to‘ldirish tartibi, QQSni hisobga olish shartlari, hisobotlarni taqdim etish muddatlari aniq misollar asosida ko‘rsatib o‘tildi.
Interaktiv tarzda o‘tgan treningda ishtirokchilarni qiziqtirgan masalalarga DSQ mas’ul xodimlari tegishli tushuntirishlar berdilar. Shuningdek, onlayn efir orqali kuzatib borgan soliq to‘lovchilar savollariga ham javoblar yo‘llandi.
DSQ soliq to‘lovchilar bilan bunday treninglarni boshqa mavzularda ham tashkil etishni rejalashtirgan.