O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ijtimoiy tarmoqlarda maktab o‘qituvchilarini joriy yilning 22 dekabrida bo‘lib o‘tadigan saylov jarayoniga jalb etilayotgani haqida ma’lumot tarqatildi
2019-11-18 | Saylov
O‘zbekiston Respublikasi Saylov komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, uchastka saylov komissiyalari tarkibini shakllantirish bo‘yicha ishlar yakuniga yetgan.
Mazkur komissiya tarkibiga ijtimoiy soha, jumladan xalq ta’limi tizimi xodimlari ham kiritilgan.
Saylov komissiyasi a’zolari axborot tizimidan saylovchilarning dastlabki ro‘yxatini olganidan keyin mazkur uchastka hududida yashovchi aholini uyma-uy aylanib chiqish yo‘li bilan aniqlashtiradi. Ushbu ma’lumotlar asosida “Saylovchilarning yagona elektron reyestri” tuziladi.
Saylov kodeksiga muvofiq, komissiya a’zosi saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida ishlab chiqarish yoki xizmat vazifalarini bajarishdan o‘rtacha oylik ish haqi saqlangan holda ozod qilinishi mumkin.
Saylov komissiyalari ishiga jalb etiladigan shaxslarning mehnatiga haq to‘lash saylovni o‘tkazish uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.
Markaziy saylov komissiyasi saylov komissiyalari a’zolari mehnatiga haq to‘lash masalalarini qat’iy nazoratga olishini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezidentning 2018 yil 14 avgustdagi qaroriga ko‘ra, xalq ta’limi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, majburiy mehnatga, shu jumladan, tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish, mavsumiy qishloq xo‘jaligi, boshqa turdagi ishlarga jalb qilish taqiqlanadi.
Mazkur qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi pedagog xodimlarning huquq va erkinliklarini cheklash holatlarini o‘z vaqtida aniqlash hamda bartaraf etishda qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan muntazam nazorat tadbirlarini o‘tkazishi lozim.