O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Innovatsion rivojlanish vazirligi vakillari Osiyo-Tinch okeani texnologiyalar transferi markazining Malayziyada boʻlgan tadbirlarida ishtirok etdilar

2019-11-12 | Innovatsiya

Oʻzbekiston Respublikasining BMTning Osiyo va Tinch okeani iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESKATO) Osiyo-Tinch okeani texnologiyalar transferi markazi (OTTTM)ga aʼzo-davlatlar safiga qoʻshilishi yurtimiz ilm-fani, innovatsiya va texnologiyalar sohasining rivojlanishiga turtki berishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan “InnoWeek-2019” innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasida Innovatsion rivojlanish vazirligi va Osiyo-Tinch okeani texnologiyalar transferi markazi tomonidan “Innovatsiyalar va texnologiyalar transferida intellektual mulkning ahamiyati” mavzusidagi mintaqaviy seminar tashkil etildi. TadbirgaHindiston, Koreya Respublikasi, Filippin, Malayziya, Shvetsiya, Qozogʻiston kabi davlatlardan spikerlar taklif etildi.

Oʻz navbatida Innovatsion rivojlanish vazirligi mutasaddilari Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurda 5-noyabr kuni boʻlib oʻtgan “Barqaror rivojlanish maqsadlarini rivojlantirish uchun yangi texnologiyalar” (International Conference on Emerging Technologies for Achieving Sustainable Development Goals) mavzusidagi xalqaro konferensiyada hamda 6-7-noyabr kuni kunlari Osiyo-Tinch okeani texnologiyalar transferi markazi Boshqaruv kengashining 15-yigʻilishida ishtirok etdilar.

Xalqaro konferensiyada OTTTMga aʼzo-davlatlaridan 130 nafardan ortiq ilm-fan, texnologiyalar, innovatsiyalar sohasiga daxldor vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar va xususiy sektor vakillari qatnashdilar. Konferensiya ishtirokchilari innovatsion siyosatni ishlab chiqish, buyumlar interneti, sunʼiy intellekt, nanotexnologiyalar, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va boshqa yangi texnologiyalar transferi va tijoratlashtirilishi borasida chiqishlar qildilar

Innovatsion rivojlanish vazirligi vakillari Oʻzbekistonda ilm-fan taraqqiyoti, innovatsion texnologiyalarni tatbiq etish yoʻlida qilinayotgan ishlar haqida maʼlumot berdilar. Xususan, mazkur sohada qabul qilinayotgan meʼyoriy-huquqiy hujjatlar, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasi, hamda yaqinda qabul qilingan “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida”gi qarorning mohiyati va ahamiyati haqida soʻzlab berildi.

Osiyo-Tinch okeani texnologiyalar transferi markazi Boshqaruv kengashining 15-yigʻilishi Malayziya Energetika, ilm-fan, texnologiyalar, ekologiya va iqlim oʻzgarishi vazirligi (Ministry of Energy, Science, Technology, Environment and Climate Change) tomonidan oʻtkazildi.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, Osiyo-Tinch okeani mintaqasida roʻy berayotgan oʻzgarishlar darajasi butun dunyoni hayratga solmoqda. Tadbirkorlik, mashaqqatli mehnat va innovatsiyalarga boʻlgan misli koʻrilmagan intilish ajoyib iqtisodiy oʻsish va jamiyatda roʻy berayotgan oʻzgarishlarning asosiy omili boʻlib kelmoqda. Natijada soʻnggi yillarda taʼlim olish imkoniyatlari koʻpaydi, bu sohada mehnat qilayotganlarning daromadi sezilarli darajada oshdi, odamlar sogʻlom boʻlib, uzoqroq yashay boshladilar.

BMTning Osiyo va Tinch okeani iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESKATO) aʼzo-davlatlarda roʻy berayotgan ijobiy oʻzgarishlarga xayrixohlik qiladi, barqaror rivojlanish yoʻlidagi rejalarning amalga oshirilishiga koʻmak beradi. Mazkur tashkilot kosmik texnologiyalarni qoʻllash boʻyicha hamkorlik, raqamli savdo, tabiiy ofatlar axborotini boshqarish kabi sohalarda amaliy ishlarni muvaffaqiyatli olib bormoqda. Keyingi rejalar sarasiga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi iqtisodiy tengsizlikni kamaytirish va imkoniyatlarni kengaytirish kiradi. Bu ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, qariyalarning faol hayot kechirishlari uchun shart-sharoitlar yaratish, qashshoqlikni bartaraf etish uchun ijtimoiy himoya investitsiyalarini oshirishni anglatadi. Ekologik toza energiyaga oʻtishni jadallashtirish, tabiiy ofatlardan keladigan zararni yumshatish, ekologiyani nazorat qilish boʻyicha ilmiy asoslangan chora-tadbirlarni ishlab chiqish masalasi ham tashkilotning ustuvor vazifalaridandir.

Tadbir ishtirokchilari Mimos Berhad texnologik parkining imkoniyatlari, erishilgan natijalari bilan tanishdilar. Innovatsion rivojlanish vazirligi laboratoriyalar tashkil etish, aqlli texnologiyalar sohasida faoliyat yurituvchi mutaxassislar bilan yangi aloqalar oʻrnatdilar.

Поделиться