O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Koreya Eksimbanki delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2019-11-11 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 8-noyabr kuni investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Koreya Eksimbanki moliyaviy operatsiyalar bo‘yicha direktori Ch. Yun-su boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, unda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari ham ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida tomonlar ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qiziqishi yuqori ekanligi, xususan, Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning O‘zbekiston Respublikasiga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlar muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha bir qator regional tibbiyot muassasalarini umumiy qiymati 74 million dollarga teng tibbiy uskunalar bilan jihozlash loyihasi bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida Protokol imzolandi.
Loyihaning asosiy maqsadi, respublika sog‘liqni saqlash tizimining xizmat sifatini oshirish maqsadida, viloyatlarda, asosan chekka va qishloq joylardagi 150 dan ortiq tibbiyot muassasalarini, zamonaviy yuqori texnologik uskunalar, yordamchi tibbiy materiallar va vositalar bilan ta’minlash orqali modernizatsiya qilishdan iborat.
Uchrashuv yakunida, erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha keyingi amaliy ishlar ham muhokama qilindi.