O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar va bolalarga koʻrsatiladigan tibbiy yordam sifatini oshirish va koʻlamini yanada kengaytirish toʻgʻrisida
2019-11-11 | Hujjatlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar va bolalar uchun zamonaviy, yuqori texnologik, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida hamda 2019-2025 yillarda Oʻzbekiston Respublikasining sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq:
1. reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar va bolalarga koʻrsatiladigan tibbiy yordam sifatini oshirish va koʻlamini yanada kengaytirishning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:
reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar va bolalarga koʻrsatiladigan birlamchi tibbiy yordam hajmini kengaytirish va sifatini oshirish;
ayollar va bolalarga malakali, ixtisoslashtirilgan yuqori texnologik tibbiy yordam koʻrsatish uchun zamonaviy infratuzilmani shakllantirish;
homilador ayollar va bolalar uchun ixtisoslashtirilgan yuqori texnologik tibbiy xizmat koʻrsatadigan muassasalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shuningdek, ularning binolarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va yangilarini qurish;
nogironligi boʻlgan bolalarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish va sogʻlomlashtirish, ularning jamiyat hayotida ishtirok etishi uchun shart-sharoitlar yaratish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
zamonaviy talablarga javob bera oladigan va ilgʻor texnologiyalarni egallagan yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish orqali reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar hamda bolalarga koʻrsatiladigan tibbiy xizmat sifatini yaxshilash;
sogʻlom farzandlarning tugʻilishi, rivojlanishi va tarbiyasi masalalari boʻyicha aholi oʻrtasida tushuntirish ishlarini kuchaytirish, yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi koʻnikmalarini shakllantirish.
2. 2019-2023 yillarda reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar va bolalarga koʻrsatiladigan tibbiy yordam sifatini oshirish va koʻlamini yanada kengaytirishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda – Dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish kengashi (keyingi oʻrinlarda – Kengash) 2-ilovaga muvofiq tashkil etilsin.
4. Kengashning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish boʻyicha qabul qilingan dasturlar va chora-tadbirlarning har bir viloyatda, tumanda (shaharda) amalga oshirilishini hamda masʼullar tomonidan ularning soʻzsiz bajarilishini taʼminlash;
aholi, eng avvalo, yoshlar orasida tibbiyot va taʼlim muassasalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda sogʻlom oilani shakllantirish, oʻsmirlar, ayniqsa, oʻsmir qizlar reproduktiv salomatligini mustahkamlash, ona va bola salomatligini muhofaza qilish boʻyicha keng targʻibot va tushuntirish ishlarini tashkil etish va olib borish;
onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish tizimi muassasalari faoliyatini chuqur tahlil qilish, ushbu yoʻnalishda tegishli vazirlik va idoralarning ishini muvofiqlashtirish, onalar va bolalar kasallanishi hamda oʻlimini kamaytirish boʻyicha taʼsirchan mexanizmlarni oʻz ichiga olgan chora-tadbirlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini taʼminlash.
Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Kengashning ishchi organi hisoblanadi;
Kengash vazifalarini amalga oshirishda tegishli vazirlik va idoralar unga vakolatlari doirasida har tomonlama koʻmak beradilar hamda soʻralgan zarur maʼlumotlarni taqdim etib boradilar;
Kengashning ishchi organi aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish boʻyicha qabul qilingan dasturlar va chora-tadbirlarning ijrosi boʻyicha har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tegishli takliflar kiritib boradi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, YUNISEF va BMT Aholishunoslik jamgʻarmasining Oʻzbekistondagi vakolatxonalari tomonidan ishlab chiqilgan hamda Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik trast jamgʻarmasining moliyaviy koʻmagida amalga oshirilishi belgilangan Qoraqalpogʻiston Respublikasida homilador ayollar va goʻdaklarga koʻrsatilayotgan perinatal yordam sifati va ommabopligini oshirish loyihasi (keyingi oʻrinlarda – Loyiha) 3-ilovaga muvofiq maʼqullansin.
Loyiha doirasida:
kirib kelayotgan dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiy texnikaga nisbatan ularni davlat reyestriga kiritmasdan va oʻrnatilgan yigʻimlarni undirmagan holda bir martalik davlat roʻyxatiga olinishi va roʻyxatdan oʻtkazish guvohnomasi berilishi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida amalga oshirilgan dori vositalarini roʻyxatga olish natijalarining tan olinishi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda YUNISEF va BMT Aholishunoslik jamgʻarmasining Oʻzbekistondagi vakolatxonalariga Loyihani oʻz vaqtida sifatli amalga oshirishda har tomonlama koʻmaklashishi va buning uchun zarur tashkiliy-amaliy choralar koʻrishi belgilab qoʻyilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi hamda viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2020-yil 1-martga qadar viloyatlar va Toshkent shahrida ayollar va goʻdaklarga koʻrsatilayotgan perinatal yordam tizimini chuqur tahlil qilib, uning sifati va ommabopligini oshirish boʻyicha hududiy loyihalarni (keyingi oʻrinlarda – hududiy loyihalar) ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Belgilansinki:
hududiy loyihalarni amalga oshirishdan asosiy maqsad perinatal yordam sifatini oshirish va tibbiyot muassasalari infratuzilmasi, ularning tibbiy uskunalar bilan jihozlanganlik va kadrlar bilan taʼminlanganlik darajasini Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan onalik va bolalikni muhofaza qilish sohasida tavsiya qilingan standartlarga muvofiqlashtirish hisoblanadi;
hududiy loyihalar har bir hududning individual xususiyatlari, shu jumladan, uning geografik joylashuvini aholi sogʻligʻiga taʼsiri, onalar va bolalar kasallanishi hamda oʻlimi darajasi, tibbiyot muassasalarining jihozlanganligi, kadrlar salohiyati va aholining tibbiy savodxonligini inobatga olgan holda ishlab chiqiladi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda hududiy loyihalar doirasida onalik va bolalikni muhofaza qilish muassasalarini xorijiy mamlakatlar, xalqaro moliyaviy tashkilotlar imtiyozli kreditlari va grantlari hamda byudjetdan tashqari boshqa mablagʻlarni jalb qilgan holda tibbiy, shu jumladan, yuqori texnologiyali asbob-uskunalar bilan jihozlash choralarini koʻrsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Moliya vazirligining quyidagilarni tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin:
Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar xirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (keyingi oʻrinlarda – Bolalar xirurgiyasi markazi);
Respublika bolalar tibbiy reabilitatsiya markazi (keyingi oʻrinlarda – Reabilitatsiya markazi);
Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi huzurida Yordamchi reproduktiv texnologiyalar markazi;
tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida, bolalar anesteziologiya-reanimatsiya va intensiv terapiya boʻlimlari hamda bemor bolalarga tunu kun shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatuvchi navbatchi shifokor postlari.
9. Belgilansinki:
Bolalar xirurgiyasi markazi Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi, Respublika bolalar kam invaziv va endovizual xirurgiya ilmiy-amaliy markazi, Respublika perinatal markazi qoshidagi neonatal xirurgiya oʻquv davolash metodik markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bolalar boʻlimi hamda Toshkent shahar 2-son bolalar klinik shifoxonasining mavjud oʻrinlar fondi va shtat birliklarini optimallashtirish hisobiga Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi hududida davlat tibbiyot muassasasi shaklida;
Reabilitatsiya markazi Respublika bolalar tayanch-harakat tizimi kasalliklari reabilitatsiya markazi negizida hamda Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining bolalar birlashmasining mavjud oʻrinlar fondi va shtat birliklarini optimallashtirish hisobiga davlat tibbiyot muassasasi shaklida;
bolalar anesteziologiya-reanimatsiya va intensiv terapiya boʻlimlari hamda bemor bolalarga tunu kun shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatuvchi navbatchi shifokor postlari tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari shoshilinch boʻlimlarining mavjud pediatrik oʻrinlar fondi va shtat birliklari negizida;
Yordamchi reproduktiv texnologiyalar markazi Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan yuridik shaxs tashkil etmagan holda tashkil etiladi.
10. Quyidagilar:
a) Bolalar xirurgiyasi markazining asosiy vazifalari etib:
18 yoshgacha boʻlgan bolalarga kardioxirurgiya, urologiya, neonatal xirurgiya, neyroxirurgiya va xirurgiyaning boshqa yoʻnalishlari boʻyicha yuqori texnologiyalarga asoslangan ixtisoslashgan tibbiy yordam koʻrsatish;
bolalar xirurgiyasi sohasi boʻyicha yuqori texnologiyalarga asoslangan fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlar olib borish, shuningdek, sohani jahon taʼlim va ilmiy hamjamiyatiga integratsiya qilish asosida rivojlantirish;
b) Reabilitatsiya markazining asosiy vazifalari etib:
18 yoshgacha boʻlgan bemor bolalarning hayot sifatini yaxshilash, shuningdek, salomatligini reabilitatsiya qilish orqali davolash, nogironlikning oldini olish;
kasalliklarning profilaktikasi va tibbiy reabilitatsiya boʻyicha yuqori texnologiyalarga asoslangan ixtisoslashgan yordamga boʻlgan ehtiyojni qondirish, respublika sohaviy muassasalariga tashkiliy-metodik yordam koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish;
v) Yordamchi reproduktiv texnologiyalar markazining asosiy vazifalari etib:
aholiga pullik asosda yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish, bepushtlikni bartaraf etish, yordamchi reproduktiv texnologiyalar usullarini qabul qilingan klinik protokollar va standartlar asosida qoʻllash;
zamonaviy hamda xalqaro talablarga javob beradigan eng ilgʻor diagnostika va davolash standartlarini amaliyotga joriy etib, ushbu yoʻnalishda xorijiy davlatlardagi tibbiyot muassasalari bilan samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish belgilansin.
11. Toshkent viloyati hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Qurilish vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Bolalar xirurgiyasi markazini qurish uchun Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi hududidan belgilangan tartibda yer maydoni ajratilishini taʼminlasin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
2020-yil 1-aprelga qadar Bolalar xirurgiyasi markazini xalqaro talablar va standartlar asosida qurish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishini;
2023-yil 1-yanvarga qadar Bolalar xirurgiyasi markazining qurib bitkazilishi va ishga tushirilishini taʼminlasin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining xususiy tibbiyot muassasalari uchun tugʻruqni qabul qilish tibbiy faoliyat turi bilan shugʻullanishga ruxsat berish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
Belgilansinki, tugʻruqni qabul qilish tibbiy faoliyat turi bilan shugʻullanish faqat Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining “Xavfsiz onalik” strategiyasi talablariga rioya etilishini taʼminlay oladigan tugʻruq, jonlantirish, chaqaloqlarni jonlantirish, muddatiga yetmay tugʻilgan chaqaloqlarni parvarish qilish, endovizual ginekologiya boʻlimlari, poliklinika, bakteriologik va klinik-biokimyo laboratoriyalari hamda yuqori malakali tibbiyot xodimlari mavjud boʻlgan, shuningdek, sogʻliqni saqlash va FHDYO organlari oʻrtasida tugʻilish va oʻlim toʻgʻrisida elektron maʼlumotlar almashinuvi dasturini doimiy yuritish sharti bilan xususiy tibbiyot muassasalariga ruxsat etiladi.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda 2020-yil 1-martga qadar sogʻliqni saqlash va FHDYO organlari oʻrtasida tugʻilish va oʻlim toʻgʻrisida elektron maʼlumotlar almashinuvi dasturini (keyingi oʻrinlarda – Elektron maʼlumotlar almashinuvi dasturi) quyidagilarni inobatga olgan holda takomillashtirsin:
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan onalik va bolalikni muhofaza qilish sohasida tavsiya qilingan hisobot shakllarini real vaqt rejimida yuritish;
Elektron maʼlumotlar almashinuvi dasturiga xususiy tibbiyot muassasalarining ulanishi hamda uni sogʻliqni saqlash kompleks axborot tizimiga integratsiya qilish uchun zarur sharoitlar yaratish.
15. Belgilansinki, Elektron maʼlumotlar almashinuvi dasturi 2020-yil 1-iyuldan boshlab mulkchilik shakli va idoraviy mansubligidan qatʼi nazar barcha tugʻruqni qabul qilish muassasalarida yuritilishi majburiy hisoblanadi.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
2020-yil 1-fevralga qadar Reabilitatsiya markazi va Yordamchi reproduktiv texnologiyalar markazining nizom va tarkibiy tuzilmasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
uch oy muddatda xususiy tibbiyot muassasalari tomonidan tugʻruqni qabul qilish tibbiy faoliyat turi bilan shugʻullanish uchun alohida litsenziya talablari, shu jumladan, Elektron maʼlumotlar almashinuvi dasturini yuritish shartlarini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi bilan birgalikda 2020-yil 1-iyunga qadar dalillarga asoslangan tibbiyotga muvofiq zamonaviy davolash-diagnostika xizmatlari boʻyicha uslub va texnologiyalarni kiritgan holda, onalik va bolalikni muhofaza qilishga oid klinik protokollarni, diagnostika va kasalliklarni davolash standartlarini qayta koʻrib chiqsin.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 1-yanvarga qadar birlamchi tibbiy-sanitariya yordami xizmati tizimida mavjud umumiy amaliyot shifokorlarining ish yuklamalarini qayta koʻrib chiqish va sonini optimallashtirish hisobidan pediatr va akusher-ginekolog shtat birliklarini nazarda tutuvchi shtatlar meʼyorlarini tasdiqlasin.
Belgilansinki, umumiy amaliyot shifokori mutaxassisligidan pediatr va akusher-ginekolog lavozimiga oʻtuvchi mutaxassislarning ish staji va toifasi saqlanadi.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-apreldagi PQ–2863-son qarori bilan tasdiqlangan Tibbiy faoliyatning aholi hayoti, salomatligi va sanitariya-epidemiologik holatiga katta xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan va xususiy tibbiyot muassasalari uchun taqiqlangan ayrim turlari roʻyxatining rus tilidagi matni 4-bandidagi “Prinyatiye rodov i prekraщyeniye” soʻzlari “Prekraщyeniye” soʻzi bilan almashtirilsin.
19. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
20. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2019-yil 8-noyabr