O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yurtimizda 5300 dan ziyod xususiy tibbiyot muassasalari faoliyat ko‘rsatmoqda
2019-11-08 | Sog‘liqni saqlash
So‘nggi yillarda mamlakatimizda xususiy tibbiyot muassasalari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ular faoliyatini tartibga solish va litsenziyalash tizimini takomillashtirish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmi va turlarini oshirishni rag‘batlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, o‘tgan davr mobaynida sog‘liqni saqlashning xususiy sektori tomonidan ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar turlari 50 tadan 126 taga ko‘paydi. Stomatologiya va kosmetologiyadan tashqari boshqa yo‘nalishlardagi xususiy tibbiyot tashkilotlari 2022-yilning 1 yanvargacha barcha turdagi soliqlar va majburiy ajratmalarni to‘lashdan, shuningdek, olib kelinadigan yangi tibbiyot asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, ularning ehtiyot qismlari va zarur materiallar uchun bojxona to‘lovlarini to‘lashdan ozod etildi. Bu kabi imkoniyatlar natijasida so‘nggi ikki yilda 1650 ta yangi xususiy tibbiyot muassasasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining sohaga oid qabul qilingan tegishli huquqiy hujjatlariga ko‘ra, qishloq joylarda tibbiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida yangi tashkil etiladigan mikrofirmalar va kichik korxonalar davlat ro‘yxatiga olingan kundan boshlab 10 yil muddatga yagona soliq to‘lovini to‘lashdan ozod etilishi qishloq va olis tumanlarda xususiy tibbiyotni jadal rivojlantirish imkonini bermoqda.
— Qolaversa, xususiy tibbiyot tashkilotlariga imtiyozli kreditlar ajratish yo‘li bilan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash ishlari ham amalga oshirildi, - deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi Litsenziyalash va akkreditatsiyalash boshqarma boshlig‘i Farhod Rahimqulov. - Bundan tashqari, litsenziya olish uchun berilgan arizani ko‘rib chiqish muddati 30 kundan 20 kunga qisqartirildi, litsenziya olish uchun to‘lanadigan davlat boji eng kam ish haqining 10 baravaridan 5 baravarigacha kamaytirildi. Ko‘rilgan choralar tufayli 2018-yilda xususiy tibbiyot tashkilotlari soni 889 taga ko‘payib, 4670 taga, bugun kunga kelib esa bu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan shifoxonalar soni 5300 dan oshdi, statsionar muassasalar soni 16% dan 18% ko‘tarildi.
Bugungi kunda xususiy tibbiyot tashkilotlarida kardioxirurgiya, neyroxirurgiya, onkologiya, travmatologiya, ginekologiya singari yo‘nalishlarda eng murakkab hisoblangan jarrohlik amaliyotlari bajarilmoqda.
Shu o‘rinda, yurtimizda Hindiston, Turkiya, Rossiya, AQSh, Germaniya va boshqa tibbiyoti rivojlangan qator xorijiy davlatlar bilan qo‘shma korxona shaklida, shuningdek ushbu davlatlar investitsiyasi ishtirokidagi 100 yaqin zamonaviy xususiy tibbiyot tashkilotlari tashkil etilganini alohida ta’kidlash lozim.
Olib borilayotgan samarali islohotlar tufayli bundan buyon ham xususiy tibbiyot muassasalari safi kengayishda davom etadi. Shunga monand aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va samaradorligi ham takomillashib boraveradi.