O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Aholiga ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar ko‘rsatish natijasida hududlarda 174 ta yangi diagnostik va 264 ta zamonaviy davolash usullari joriy etilmoqda
2019-11-07 | Sog‘liqni saqlash
Mamlakatimizda aholiga tibbiyotning barcha yo‘nalishlari qatori ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatni yanada yaqinlashtirish, eng so‘nggi andozalardagi davolash usullarini amaliyotga joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yo‘nalishda davlatimiz rahbarining tegishli qarori ham qabul qilinib, qator amaliy ishlar bajarilmoqda.
Natijada, so‘nggi yillarda mazkur yo‘nalishda qo‘shimcha allergologiya, onkologiya, nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi, nevrologiya va insult, travmatalogiya va ortopediya hamda neyroxirurgiya kabi qator yo‘nalishlarda tibbiyot markazlari faoliyati tashkil etilib, aholiga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatayotgan tibbiyot markazlari soni 16 taga yetkazildi. Ushbu markazlarning mamlakatimiz bo‘ylab 14 ta filiallari, hududlarda 310 ta ixtisoslashgan bo‘limlar tashkil qilindi.
Ayni paytda tibbiyot markazlarining malakali mutaxassislari tomonidan sayyor konsultatsiyalar, hududlardagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarida murakkab operatsiyalar va mahorat darslari o‘tkazilib kelinmoqda. O‘tgan qisqa vaqt mobaynida ular tomonidan yurtimiz bo‘ylab 3000 martadan ziyod chiqishlar uyushtirilgani yuqoridagi fikrimizni tasdiqlaydi. Mazkur sayyor qabullarda 200 ming nafar bemor tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, joylarda qariyb 2000 ga yaqin murakkab jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli bajarildi.
— Bugun nafaq ixtisoslashgan markazlarimizda, balki qator viloyat davolash muassasalarida ham tibbiyoti taraqqiy etgan davlatlarda qo‘llanilayotgan ilg‘or innovatsion tibbiy texnologiyalarni keng joriy etishga alohida ahamiyat berilayapti, - deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Farruh Sharipov. - Jumladan, akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida buyrak va jigar ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha eng murakkab operatsiyalar muvaffaqiyatli bajarib kelinayotganini alohida e’tirof etishimiz lozim. Hozirda ushbu davolash muassasalarida 200 dan ziyod buyrak va 4 ta jigar bo‘lagi transplantatsiya operatsiyalari o‘tkazilgani diqqatga sazovor. Shuningdek, Respublika Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish instituti olimlari jahon tibbiyotining ilg‘or yo‘nalishi — o‘zak hujayra transplantatsiyasini o‘zlashtirib, hozirda uni muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘ydi.
Qolaversa, markazlar yetakchi xalqaro tibbiyot muassasalari, klinikalar va yuqori malakali xorijiy mutaxassislar bilan doimiy hamkorlik o‘rnatish, kasalliklarning profilaktikasi va ularni barvaqt aniqlashni ta’minlash, ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar ko‘rsatishi natijasida hududlarda yangi 174 ta diagnostik va 264 ta zamonaviy davolash usullari joriy etildi, telemeditsina orqali 801 ta onlayn konsultatsiyalar o‘tkazildi. Shuningdek, kardioxirurgiya xizmati butun respublika bo‘yicha rivojlantirilib, 10 ta hududda 10 ta rentgenendovaskulyar bo‘limlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi, 8 ta viloyatda ochiq kardioxirurgik operatsiyalar o‘tkazilmoqda.
Ixtisoslashgan tibbiyot markazlarida faoliyat yuritib kelayotgan kadrlar salohiyatini yaxshilashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan qisqa vaqt mobaynida 172 nafar xududiy filiallarning mutaxassislar poytaxtda malaka oshirgani va 348 nafar shifokorning xorijda tajriba oshirib qaytgani sohaga qaratilayotgan yuksak e’tiborning amaliy natijasidir.