O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida Fan va texnologiyalar boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisida kelishuv imzolandi
2019-11-06 | Fan
Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi yigʻilishi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi hukumatlarining Fan va texnologiyalar boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisidagi kelishuvi Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamda Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan tomonidan imzolandi.
Ushbu Kelishuvning maqsadi ilmiy-texnikaviy tadqiqotlar sohasida hamkorlikni mustahkamlash, har ikki mamlakatning ilmiy hamjamiyatlari oʻrtasida aloqalarni oʻrnatish va kengaytirish, oʻzaro manfaat kasb etuvchi sohalarda ilmiy-texnikaviy hamkorlikka koʻmaklashishdir.
Tomonlar fan va texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni tadqiqotchi va ekspertlar bilan almashish, maʼruzalarni tashkil etish, texnologik innovatsiyalar va mahsulotlarni ishlab chiquvchi tadqiqot institutlari, oliy oʻquv yurtlari va korxonalarni ragʻbatlantirish, ilmiy-texnologik tadqiqotlarni, loyihalarni birgalikda moliyalashtirish orqali rivojlantiradilar. Shuningdek, konferensiyalar, seminarlar, simpoziumlar, oʻquv kurslari va koʻrgazmalarni tashkillashtirish, ilmiy-texnikaviy axborot, gʻoyalar, adabiyotlar, nashrlar, material va uskunalar bilan almashish ham kelishuvning uzviy qismi sanaladi.
Xitoy-Oʻzbekiston ikki taraflama hamkorligining ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha texnologiyalarni rivojlantirish va joriy qilish sohasida qoʻshma ilmiy-tadqiqot va innovatsion markazlar, laboratoriya va texnoparklarni yaratilishi koʻzda tutilgan.