O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlarini himoya qilishda hakamlik sudlari va mediatsiyaning roli
2019-11-01 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tomonidan AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning O‘zbekistonda sud-huquq islohotlari bo‘yicha dasturi doirasida 2019-yil 30-oktabrda Termez shahrida “Tadbirkorlik sub'yektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda hakamlik sudlari va mediatsiyaning roli” mavzusida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi va uning Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi huzuridagi Hakamlik sudlari sudyalari, Surxondaryo viloyati hokimligi, prokuraturasi, adliya boshqarmasi, fuqarolik ishlari bo‘yicha va iqtisodiy sudlari, tumanlararo sudlar sudyalari, advokatlar, mediatorlar, tadbirkorlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Anjumanda “O‘zbekistonda nizolarni muqobil hal qilish: huquqiy asoslari va rivojlanish bosqichlari”, “Xorijiy davlatlarda mediatsiya: huquqiy asoslari va amaliyot”, “Hakamlik sudlarida iqtisodiy nizolarni hal qilishning o‘ziga xos xususiyatlari”, “Hakamlik muhokamasining afzalliklari va hakamlik sudlarida ish yuritish tartibi” mavzularida huquqshunos olimlar va mazkur sohaning tajribali mutaxassislari ma’ruzalar qildilar.
Jamiyatimizda huquqiy madaniyatning oshirilishi, jumladan sud instantsiyalariga murojaatlar sonini ko‘payishiga ham olib keladi. Ko‘pgina mamlakatlarda sudlarda to‘lib ketgan murojaatlar va ko‘riladigan ishlar sonini kamaytirishning samarali usullaridan biri sifatida mediatsiya institutidan unumli foydalanilmoqda. Bunda nizolashuvchi taraflar professional vositachi - mediator yordamida kelishuv yo‘llarini axtarish orqali o‘zaro maqbul qaror qabul qilishga erishmoqdalar. O‘zbekiston ham mazkur yo‘nalishda oldinga intilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Hakamlik sudining raisi, yuridik fanlar doktori Foziljon Otaxonov o‘z ma’ruzasida nizolarning muqobil hal qilish usullarining huquqiy asoslari yaratilganligi, jumladan hakamlik sudlari va mediatsiya to‘g‘risida maxsus qonunlar qabul qilinganligini ta’kidladi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasining “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi Qonunida hakamlik sudlari faoliyatining asosiy printsiplari, ularni tashkil etish va hisobini yuritish tartibi, mazkur sudlar tomonidan hal etiladigan nizolar, hakamlik bitimi shakli va mazmuni, hakamlik sudyasiga qo‘yiladigan talablar, hakamlik sudining tarkibini shakllantirish, nizoni hakamlik sudida hal qilish bilan bog‘liq xarajatlar, hakamlik muhokamasi, hakamlik sudining hujjatlari, hakamlik sudining hal qiluv qarori yuzasidan nizolashish va uni ijro etishga oid normalar belgilanganligini qayd qildi.
“Mediatsiya to‘g‘risida”gi Qonunda: mediatsiyaning maqsadi, asosiy printsiplari, mediatorlarga qo‘yiladigan talablar, mediatorlarning va medatsiya taraflarining huquq va majburiyatlari, mediatorlar reyestrini yuritish tartibi, mediatsiya to‘g‘risida kelishuv, mediatsiya jarayoni, mediatsiya natijasiga nizoni hal qilinganligi to‘g‘risidagi kelishuvga oid normalar mustahkamlanganligi muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Nizolarni nafaqat davlat sudlari (fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar, iqtisodiy sudlar), balki hakamlik sudlari vositasida hal qilish ko‘lami ham tobora kengayib bormoqda. Bunga sabab hakamlik sudlarida nizolarni ko‘rishning quyidagi afzallik jihatlaridir: taraflarda sudyani mustaqil tanlash imkoniyati mavjudligi; nizolar bitta instantsiyada hal etilishi; ish ko‘rish qisqa muddatlarda amalga oshirilishi; hakamlik sudi xarajatlari nizolarni iqtisodiy va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda ko‘rish va hal etish uchun ketadigan sud xarajatlaridan kamligi; hakamlik sudi muhokamasi maxfiy va oshkor qilinishi mumkin emasligi; hakamlik muhokamasi taraflarning kelishuviga muvofiq belgilanishi mumkinligiga e’tibor qaratildi.
Xususan, Rustam Shaymardonov seminar ishtirokchilarini e’tiborini hakamlik muhokamasining yuqoridagi afzalliklariga qaratgan holda Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy boshqarmalari huzurida tashkil qilingan 15 ta Hakamlik sudlari tomonidan 2019-yilning 9 oyi mobaynida jami 7219 ta ishlar ko‘rilgan bo‘lib, da’vo summasi 187,2 mlrd. so‘m, 1,0 mln. AQSh dollari, 875,5 ming Yevroni tashkil qilganligini, bu o‘tkan yilning shu davrida ko‘rilgan ishlar soniga nisbatan 2656 taga ko‘payganligini ta’kidladi.
Yuridik fanlar nomzodi Dilbahor Yakubova o‘z ma’ruzasida seminar qatnashchilarini Avstriya, Angliya, AQSh, Germaniya, Rossiya, Frantsiya, Qozog‘iston kabi xorijiy mamlakatlarda mediatsiyaning huquqiy asoslari va uni qo‘llash amaliyotini O‘zbekiston qonunchiligi bilan taqqoslagan holda batafsil tanishtirdi.
Seminar tadbirkorlarning faol ishtirokida, baxs-munozarali o‘tdi, shuningdek unda ma’ruzachilarga nizolarni muqobil hal qilish usullari qo‘llashda yuzaga kelayotgan masalalar bo‘yicha savollar berildi.
Ilmiy-amaliy seminar yakunida nizolarni muqobil hal qilishning afzalliklarini targ‘ibot qilish doirasini tubdan kengaytirish va kuchaytirish, shuningdek hakamlik sudlari faoliyatini yanada ommalashtirish, barcha hududlarda mediatsiya markazlarini tashkil qilish, professional mediatorlarni tayyorlash sonini ko‘paytirish bo‘yicha tavsiyalar qabul qilindi.