O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Parlament aʼzolari davlat dasturi bajarilishi yuzasidan hukumat hisobotini eshitdilar
2019-11-01 | Siyosat
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida qaror topgan yangi mexanizm – Bosh vazir va hukumat aʼzolarining Davlat dasturining bajarilishi yuzasidan Oliy Majlis palatalari oldida har chorakda hisobot berib borishi amaliyoti tobora takomillashib bormoqda.
2019-yil 31-oktabr kuni parlament quyi palatasida oʻtkazilgan navbatdagi majlisda bu ham yaqqol namoyon boʻldi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturining 2019-yil uchinchi choragidagi bajarilishining borishi toʻgʻrisida»gi hisoboti eshitildi.
Hisobotni Bosh vazir oʻrinbosarlari A.Abduhakimov va E.Gʻaniyev taqdim etdi.
Deputatlar taʼkidlaganidek, hukumat tomonidan parlamentga oldindan kiritilgan hisobotda barcha muhim masalalar keng qamrovda aks ettirilgan. Jumladan, Davlat dasturining 2019-yil II chorakdagi ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti boʻyicha Oliy Majlis palatalari tomonidan qabul qilingan qarorlar ijrosi, hukumat hamda uning tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarga yuborilgan parlament hamda deputatlik soʻrovlariga berilgan javoblar chuqur tahlil qilingan, ularning amaliy ijrosi yuzasidan aniq choralar va masʼullar belgilangan. Bu galgi hisobotning avvalgilaridan ajralib turgan yana bir jihati shundaki, bajarilgan ishlar barobarida hukumat kelgusi chorakda ado etilishi belgilangan rejalarini aniq obyektlar, raqamlar orqali oldindan maʼlum qilgan. Hisobotda mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining asosiy koʻrsatkichlari, makroiqtisodiy barqarorlik hamda iqtisodiyot va ijtimoiy sohani izchil rivojlantirishni taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar batafsil bayon qilingan. Ayniqsa, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, jozibador investitsion muhitni yaratish, respublika hududlarining ijtimoiy rivojlanish darajasini koʻtarish borasidagi ishlar chuqur tahlil etilgan.
Hisobotga koʻra, 2019-yilning yanvar-sentyabr oylarida yalpi ichki mahsulot (YAIM) oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 5,7 foizga oʻsdi. Xususan, sanoat tarmoqlari 7,0 foiz, jami xizmatlar – 12,7 foiz, chakana savdo aylanmasi – 7,0 foiz hamda qishloq, oʻrmon va baliq xoʻjaligi 2,4 foizga ortishi iqtisodiy oʻsishning asosiy omili sifatida koʻrsatilgan. Mamlakatda yaratilgan qulay investitsiya muhiti natijasida jalb etilayotgan jami investitsiyalar hajmi 46,0 foizga, qurilish ishlari hajmi esa 19,3 foizga oʻsgan.
Davlat byudjetining 2019-yil yanvar-sentyabr oylarida daromadlari 79,2 trillion soʻmni (oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 baravar koʻp), xarajatlari esa, 86,5 trillion soʻmni tashkil etdi. Davlat byudjeti xarajatlari tarkibida eng yuqori ulush (53,2 foiz) ijtimoiy xarajatlarga toʻgʻri keldi.
Hisobot davrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining aholi va yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni tapgʻib kilish, ularni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, kompyuter texnologiyalaridan foydalanish koʻnikmalarini singdirish, xotin-qizlarning mehnat bilan bandligini taʼminlashga qaratilgan 5 ta tashabbusi ijrosini taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.
Joylardagi tadbirkorlik markazlariga murojaat qilgan 2 522 nafar xotin-qizga imtiyozli kredit olishda koʻmaklashildi, 35 193 nafari tadbirkorlik faoliyatiga jalb etildi. Xotin-qizlar uchun 53 751 ta ish oʻrni yaratildi.
Umuman, Davlat dasturi 274 ta banddan iborat boʻlib, 2019-yilning toʻqqiz oyida 203 ta bandi ijrosi belgilangan. 2019-yilning toʻqqiz oyida davlat dasturining 168 ta bandi ijrosi toʻliq bajarilgan, yakuniga yetkazilmagan 24 ta bandi boʻyicha kiritilgan hujjatlar loyihalari koʻrib chiqilmoqda hamda 11 ta vazifaning muddati belgilangan tartibda uzaytirilgan.
Hukumatning taqdim etilgan hisoboti, unda keltirilgan har bir raqam va dalil deputatlar tomonidan chuqur tahlil qilindi. Davlat dasturida belgilangan muhim ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy vazifalar, chora-tadbirlarning ijrosi holati qizgʻin muhokamalar markazida boʻldi. Parlament vakillari joylarda saylovchilar bilan uchrashuvlarda aholi tomonidan koʻtarilayotgan, bevosita Davlat dasturiga daxldor bir qator masalalarga hukumat aʼzolarining eʼtiborini qaratdilar.
Hukumat hisoboti yuzasidan har bir siyosiy partiya fraksiyasi hamda Oʻzbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi vakillari oʻz nuqtayi nazarini, tanqidiy mulohaza va takliflarini bayon qildilar.
Xususan, deputatlar davlatimiz rahbarining xorijiy davlatlarga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashriflari yakunlari boʻyicha tasdiqlangan “Yoʻl xaritalari”da nazarda tutilgan topshiriqlar ijrosini vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimliklar tomonidan oʻz vaqtida taʼminlashda sustkashlikka yoʻl qoʻyilayotganini taʼkidladilar. Bunday kamchiliklar mamlakatga investitsiya oqimi kirib kelishiga salbiy taʼsir koʻrsatishining oldini olish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan qatʼiy choralar koʻrilishi lozimligi qayd etildi. Shuningdek, vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan murojaatlar bilan ishlashda qonunbuzilish holatlariga yoʻl qoʻyilishi natijasida 2202 nafar mansabdor shaxsning javobgarlik masalasi koʻrib chiqilishi mazkur sohadagi ishlarni tizimli yoʻlga qoʻyishda, ayniqsa, mansabdorlarning ijro intizomi borasidagi masʼuliyatini yanada oshirishga xizmat qilishi zarurligi taʼkidlandi.
Muhokamalarda Davlat dasturini samarali amalga oshirishda bojxona, shu jumladan, qoʻshilgan qiymat soligʻidan imtiyozlarni taqdim etishga boʻlgan amaldagi yondashuvni qayta koʻrib chiqish zarurligiga eʼtibor qaratildi. Tadbirkorlikni rivojlantirish, davlat dasturlarini amalga oshirishda mahalliy hokimiyat organlaridagi mavjud byurokratik toʻsiq va subyektiv omillarni bartaraf etish yuzasidan hukumat alohida koʻrsatmadan iborat normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqib, qatʼiy nazoratni amalga oshirishi lozimligi, zarur hollarda deputatlar bilan bu sohada faol hamkorlikni yoʻlga qoʻyishi foydadan xoli emasligi qayd etib oʻtildi.
Shuningdek, deputatlar sogʻliqni saqlash va taʼlim sohalariga doir masalalarga eʼtibor qaratar ekan, Davlat dasturining 155-166-bandlarida belgilangan davlat tibbiyot muassasalarini moliyalashtirish tizimini tubdan qayta koʻrib chiqish va takomillashtirish, “mablagʻ bino uchun emas, balki bemor uchun” tamoyili asosida ishni tashkil etish, irsiy kasalliklarning oldini olish maqsadida yaqin qarindoshlar oʻrtasida nikohni taqiqlash masalasining huquqiy asoslarini takomillashtirish, bu borada targʻibot ishlarini amalga oshirish nazarda tutilgan qonun hujjatlari loyihalarining ishlab chiqilmaganini tanqid qildilar.
Shu bilan birga, majburiy tibbiy sugʻurta tizimiga bosqichma-bosqich oʻtish, sogʻliqni saqlash ehtiyoji uchun ajratilayotgan pul mablagʻlarini jamlash va taqsimlash mexanizmlarini takomillashtirishni nazarda tutadigan Majburiy tibbiy sugʻurta mexanizmlarini joriy etishning huquqiy asoslarini takomillashtirish boʻyicha belgilangan vazifa ham ortga surilib borayotganiga eʼtiroz bildirildi. Oliy taʼlim muassasalarining moliyaviy mustaqilligini taʼminlash, bosqichma-bosqich davlat buyurtmasi, tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt tizimini joriy etish orqali oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtkazishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasi hanuzgacha tasdiqlanmagani tanqid ostiga olindi.
Tadbirda deputatlar, shuningdek, joriy yilning IV choragida Davlat dasturining ijrosi ustidan tizimli ravishda monitoring oʻrnatish, parlament nazoratining barcha shakllaridan unumli foydalanish lozimligini qayd etdilar. Mamlakatimizning xalqaro reytinglardagi va alohida tarkibiy indikatorlardagi oʻrnini yaxshilash hamda milliy iqtisodiyotga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, qulay investitsiya muhitini yaratish, hududlarimizni ijtimoiy rivojlantirish natijasida aholi farovonligini yanada yaxshilash borasidagi tadbirlarning samarali amalga oshirilishi zarurligi taʼkidlandi. Ayni masalalar yuzasidan deputatlarning hukumatga taklif va tavsiyalari bildirildi.
Qizgʻin va amaliy, umumiy maqsadlarga erishish uchun oʻzaro tanqid ruhida kechgan savol-javoblardan soʻng deputatlar hukumat hisobotini maʼqulladilar.
Tadbir yakunida parlament quyi palatasining Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hisobotini koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha, tegishli yilga moʻljallangan Davlat dasturini bajarish yuzasidan hukumat faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflarni oʻz ichiga olgan qarori qabul qilindi.